Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:27

OzodDayjest: Haj va’dasi bilan vatandoshlarni chuv tushirgan turfirma rahbari qo‘lga olindi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Farg‘onada hajga yuborish va’dasi bilan vatandoshlarga firib bergan turfirma egasi uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi. “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri jurnalistlar ijro hokimiyatiga muxolifat maqomida turishi lozimligini eslatdi. Xonanda Munojot Yo‘lchieva milliy qo‘shiqlarni zamonaviylashtirish g‘oyasiga qarshi chiqdi.

_____________________________________________________________

Farg‘onada hajga yuboraman deya vatandoshlarga firib bergan turfirma egasi 8 yilga qamaldi

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida faoliyat yuritib kelgan sayyohlik firmasi rahbari odamlarni haj va umra ziyoratiga yuboraman deya, chuv tushirgani aniqlandi (“Huquq”, 30 may). Ismi oshkor etilmagan shaxs 2015 yildan buyon sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. 2018 yildan boshlab esa haj va umra ziyoratiga yuboraman deya,vatandoshlarning ishonchiga kirgan va ulardan katta miqdorda pul olgan. Shu tariqa sayyohlik firmasi rahbari 10 nafar ziyoratga talabgorning qariyb 300 million so‘m pulini olgan va ularni turli vajlar bilan aldab kelgan. Bag‘dod tumani prokurori Mirzobedil Nazarovga ko‘ra, firibgar sayyohlik firmasi rahbari 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shu bilan birga, unga jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati yuklangan.

Jurnalistlar ijro hokimiyatiga muxolifat maqomida turishi lozimligi eslatildi

O‘zbekiston jurnalistlari orasida birlik, hamjihatlik yo‘q, deb hisoblaydi “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov (“Hurriyat”, 29 may). Qayd etilishicha, o‘tgan yili bir necha axborot sayti bloklanganda, qolgan saytlar, bosma nashrlar va teleradiokanallar lom-mim demadi, “Bu qanaqasi, so‘z erkinligi masalasi nima bo‘ladi”, deb mutasaddilarni savolga tutmadi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “XXI asr” gazetasi hamda mashhur jurnalist Mahmud Sa’diyni sudga berganda ham gazetalardan o‘quvchisi bir necha baravar ko‘p bo‘lgan mashhur saytlar va blogerlar “miq” etmadi. Ta’kidlanishicha, aslida jurnalistlar to‘rtinchi hokimiyat o‘laroq ijro hokimiyatiga oppozitsiya maqomida turishi, shu kabi vaziyatlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab, xato qilgan vazir, senator yo boshqa amaldorga ko‘zgu tutishi kerak.

“Demak, o‘zbek jurnalistikasi hali to‘liq mustaqil bo‘la olganicha yo‘q. Hatto davlatga qarashli bo‘lmagan, xususiy sektorga tegishli o‘sha mashhur saytlar ham qandaydir darajada, qandaydir mexanizmlar bilan kimlargadir, nimalargadir qaramday taassurot qoldiradi”, deydi Xalq ta’limi vazirligi gazetasi bosh muharriri H. Nishonov.

Xonanda Munojot Yo‘lchieva maqomni zamonaviylashtirish g‘oyasini yoqlamadi

O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchieva maqom va milliy qo‘shiqlarni zamonaviylashtirish borasidagi takliflarni tanqidiy baholadi (“Oila davrasida”, 30 may). “Oxirgi paytlarda maqomlarimiz, milliy qo‘shiqlarimiz musiqasini zamonaviylashtirib, “caver” usulida aytilsa, yoshlar yanada qiziqadi, degan munosabatlar bildirilmoqda. Ammo bular yosh avlod qalbida milliy san’atimizga nisbatan muhabbat, ishtiyoqni uyg‘otish borasida hech qanday samara bermaydi va bu bir bahona, xolos”, degan M. Yo‘lchieva. Xonanda, shuningdek, yurtdoshlarning musiqa borasidagi saviyasini oshirish lozimligini urg‘ulagan. “Xalqimizning o‘zi o‘zbekona ashulalardan ko‘ra arabcha, turkcha, miyangizni taqillatib urib turadigan dupur-dupur qo‘shiqlarga o‘ynashni yaxshi ko‘radi... Bu ayniqsa, vodiy viloyatlarida juda an’anaga aylanibdi. Men Andijondagi to‘ylarga borsam, siqilib qolaman. Odamlarimizning o‘zi saviyasini oshirishga muhtoj”, degan M. Yo‘lchieva.

XS
SM
MD
LG