Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2020, Тошкент вақти: 11:49

OzodDayjest: Mehnat vaziri qo‘shib yozishlarga barham bermoqchi


Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev tizimdagi qo‘shib yozish muammosini e’tirof etdi. Ichki ishlar inspektori nomusga tegishda gumonlanuvchidan 2000 dollar talab qildi. Boysunda homilador ayol Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan vafot etdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Mehnat vaziri qo‘shib yozishlar to‘xtatilishiga va’da berdi

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi hisobotida tizimdagi mavjud qo‘shib yozish va soxtalashtirish muammolarini tan oldi va endilikda ular to‘xtatiladi, deya va’da berdi (“Darakchi”, 30 may). Keyingi yillarda mehnat vazirligi mamlakatda har yili bir millionga yaqin yangi ish o‘rni yaratilayotgani haqida yolg‘on hisobot taqdim etib kelgan. Vazir 25 yil ichida mehnat organlarining o‘rni umuman qolmagani, mehnat organlari xizmat xonasida oddiy internet ham bo‘lmaganini qayd etgan. “Mashinasozlikka ixtisoslashgan kollejga borib, payvandchilikni o‘rgat, desangiz, na payvandlash qurilmasi bor, na asbob-uskunasi... Yana shuncha odamni kasbga o‘rgatyapmiz deb o‘zimizni o‘zimiz aldayapmiz. Endi amalda kasbga o‘qitishning fundamental tizimini o‘zgartiramiz”, degan vazir Sh.Kudbiev.

Bo‘stonliqda ichki ishlar inspektori 2000 dollar bilan ushlandi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani ichki ishlar boshqarmasi tizimida ishlab kelgan profilaktika inspektori jinoiy javobgarlikka tortildi (“Inson va qonun”, 28 may). Ismi oshkor etilmagan ichki ishlar xodimi nomusga tegish jinoyatida gumonlanayotgan shaxsdan tergovchi bilan gaplashib ishni bosdi-bosdi qilish evaziga 3000 dollar pul talab qilgan. Bu orada gumonlanuvchiga nisbatan ochilgan ish tasdig‘ini topmagani sabab tugatilgan. Ammo tamagir inspektor undan pul talab qilishda davom etgan. Ichki ishlar xodimi o‘sha shaxsdan 2000 dollar olayotganda ushlangan. Bo‘stonliq tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi Bahodir Qoraevga ko‘ra, inspektorga tegishli jazo tayinlangan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Surxondaryoda homilador ayol Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan vafot etdi

Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona qishlog‘ida yashagan, 1995 yilda tug‘ilgan Z. X. Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan vafot etdi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi. Homilador ayol ahvoli og‘irlashgach, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va shu yerda vafot etgan. Qayd etilishicha, tekshiruvlar marhumaning yaqinlariga xavfli kasallik yuqmaganini ko‘rsatgan. Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bo‘lim boshlig‘i Farhod Qurbonbekovga ko‘ra, 2018 yilda 2017 yilga nisbatan kasallik ancha ko‘paygan. 2017 yilda 17 nafar bemor qayd etilgan bo‘lsa, 2018 yilda 30 bemor ro‘yxatga olingan. Ushbu xatarli xastalik asosan cho‘ponlarda kuzatilayotgani ma’lum qilingan.

XS
SM
MD
LG