Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:16

Vrachlar: Bino ta’miriga pul bermaganlarga operatsiya qilish uchun bemor berilmaydigan bo‘ldi


Toshkent shahar onkologiya filiali
Toshkent shahar onkologiya filiali

"Kim kafedralar ta’miri uchun pul to‘lamasa, kasal ko‘rish, operatsiya qilishga kasal bermas ekan". Bu gapni Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali vrachlari Ozodlikka qilgan shikoyati davomida aytdi.

Vrachlarning aytishicha, filial direktori kafedra mudirlariga o‘zlari usta gaplashib, kafedra egallagan xona(lar)ni hamda koridorlarni o‘z hisoblaridan ta’mir qilishni buyurgan. Vrachlar o‘z iddaolarining tasdig‘i sifatida Telegramdagi yozishmalarning skrinshotlarini Ozodlikka taqdim etdi.

Kafedra mudiri shaxsan o‘zi pul bermaganini aytish bilan cheklanib, Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar onkologiya filiali vrachlari kafedralar ta’miri uchun har bir shifokordan bir million so‘mdan ko‘p pul yig‘ilayotgani haqida Ozodlikka yozdi:

“Bizlar ishlaylikmi, oila boqaylikmi yoki remont qilaylikmi? Bizda assistent bo‘lib ishlaydigan O‘ktam ismli vrach hamma shifokorlarga telefondan xabar yubordi. Kafedralar remontini o‘zimiz ko‘tarishimiz kerak ekan, direktorning buyrug‘i deb yozibdi. Agar kim pulni to‘lamasa, kasal ko‘rish, operatsiya qilishga kasal bermas ekan. (Ta’kid Ozodlikniki - tahr.)) Vrachlar boshini changallab qoldi, nega davlatimiz barcha ta’mir ishlariga pul ajratib turgan bo‘lsa-da, bizning hisobimizdan remont qilishlari kerak?”

Vrachlar O‘ktam ismli assistentdan ularga Telegram tarmog‘i orqali kelgan xabarlar skrinshotini ham Ozodlikka taqdim qildi:

“Direktorning buyrug‘i keldi. Kafedrani o‘zimizni hisobimizdan remont qilishimiz kerak ekan. Shunga hozir Nigora Ergashevna bilan birgalikda ustani gaplashdik va 2 ta kafedraga 10 000 000 so‘mdan tushdi.

Har bir xodimdan 1 286 000 so‘mdan tushdi.

Kim qarshi bo‘lsa klinikada bemor kuratsiya (kasal qabul qilish, tashxis qo‘yish, uni davolash – tahr.) qilishiga ruxsat berilmas ekan.

2-3 kun ichida hamma pulini olib kelib bersin”

Skrinshotda pul topshirishi shart bo‘lgan 7 vrachning familiyasi ham yozilgani aks etgan.

Onkologiya vrachlariga yuborilgan xat
Onkologiya vrachlariga yuborilgan xat

Onkologiya kafedrasi assistenti O‘ktam Qurbonqulov Ozodlik bilan suhbatda vrachlardan ta’mir uchun pul yig‘ilayotganini inkor qildi. Ozodlik tasarrufida uning shaxsiy Telegramidan vrachlarga yozgan xatlari borligini eshitganidan so‘ng, “mening ismimdan yozilgan narsalarni bersangiz, sudga beraman”, dedi.

Ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan vrachlardan birining aytishicha, ular ishsiz qolishidan xavotir olib birin-ketin ta’mir xarajatini bermoqda:

“Har kuni ertalabki majlis shu gapdan boshlanadi. Har kuni pulni tezroq topshirish talab qilinyapti. Hamma buning noqonuniy ekanligini biladi, lekin kasalsiz, ishsiz o‘tirib qolishidan qo‘rqib, hech kim norozilik bildira olmayapti”.

Onkologiya kafedrasi mudiri Nigora Ataxonova vrachlardan ta’mir uchun pul yig‘ilayotgani haqidagi gaplarni inkor etar ekan, shaxsan o‘zi pul bermaganini aytdi:

“Hech qanaqa pul yig‘ilgani yo‘q, lichno men berganim yo‘q”.

Toshkent shahar onkologiya filiali direktori G‘olib Hakimov bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG