Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:46

O‘zbekiston IShID hududidagi 3000 ga yaqin o‘zbekistonlikning hammasini qaytarmoqchi (VIDEO)


O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Yaqin Sharqdagi qurolli nizolar hududida 3 ming atrofida o‘zbekistonlik borligini ma’lum qildi.

30 may kuni 156 nafar shaxsni Suriyadagi "Al-Xol" lageridan maxsus samolyotda olib kelgan O‘zbekiston rahbariyati "qutqaruv amaliyoti" davom ettirilishini bildirdi.

Muftiydan bayonot

MY5 telekanalida kuni-kecha berilgan ko‘rsatuvda muftiy Usmonxon Alimov Yaqin Sharqdagi qurolli nizolar hududlarida qolayotgan 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik qaytarilishini aytdi.

"Bizning hisob-kitobimiz bo‘yicha 3 ming atrofida, ularni yana chiqarib olib kelamiz. Ularni "Bo‘ston" sanatoriysiga joylashtirib qo‘ydik. 180 ta vrach qarayapti. Imomlarimizni qo‘ydik, ular bilan suhbat qiladi. 20 ta otin oyiimizni qo‘ydik, ayollar bilan suhbat qiladi. Chunki, bolalarda urush, yomonlik, g‘azab, odamlarga nafrat o‘tirib qolgan", dedi muftiy.

Shu kunda O‘zbekiston telekanallari va mahalliy Internet nashrlarida Suriyadan qaytarilganlar bilan suhbatlar muttasil namoyish qilinmoqda

Qaytarilgan ayollar Suriyaga eri, otasi, aka-ukasi yoki o‘g‘illarining qistovi, zo‘ravonligi yoki aldovi bilan borib qolganini aytmoqda.

Qaytarilgan haqida gapirgan muftiy Yaqin Sharqdagi qurolli nizolar hududida qolayotgan 3000 ga yaqin o‘zbekistonlikdan qanchasining ayollaru bolalar, qanchasi erkaklar ekani haqida ma’lumot bermadi.

Suriya va Iroqdagi lager hamda qamoqxonalarda saqlanayotgan o‘zbekistonlik erkak jangarilar haqida hozircha biror rasmiy ma’lumot berilmagan.

Tergovga tortilgan shaxs kim?

Suriyadan qaytarilgan 156 shaxsning 154 nafari Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriyasida saqlanmoqda. Yana iiki nafaridan birining sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgani, yana biri esa tergovga jalb qilingani aytilgan.

Mahalliy nashrlarning bu haqdagi xabarlaridan sanatoriydagilarning DXX nazorati ostida ekanligi anglashiladi.

Rasmiy bayonotda qaytarilgan 156 nafar shaxsning 48 nafari ayol, 107 nafari voyaga yetmagan bola (jami 155 kishi) ekani aytilgan.

Ozodlikning “Yana bir fuqaro – erkak kishimi va aynan shu erkak qamoqxonadan olib kelingan hamda hozirda tergovga tortilgan shaxsmi?” degan savoliga huquq-tartibot idoralari hozirgacha javob bermadi.

YouTube tarmog‘ida 4 iyun kuni tarqatilgan videoda bu savolga berilgan norasmiy javob tarqadi. Videoda “Imom Buxoriy katibasi” ekstremistik guruhining Baxtiyor ismli sobiq jangarisi ekani aytilgan erkak tergovga tortilgani va hozirda katibaning rahbariyu boshqa liderlariga qarshi bajonidil ko‘rsatma berayotgani iddao qilingan.

Ozodlik "Videodagi shaxs kim va bu ma’lumotlar to‘g‘rimi?" degan savolni tegishli idoralarga berdi, ammo hozirgacha javob ololmadi.

Sihatgohga qamalganlar

Mahalliy axborot vositlariga intervyu berayotgan ayollar hozircha xavfsizlik xizmatlari tomonidan so‘roq-savolga tutilmagani, asosan ruhiy va jismoniy sog‘liqni tiklash jarayonidan o‘tayotganini aytmoqda.

“O‘zbekiston24” telekanali 1 iyun kuni bu sihatgohda qaytarilganlar uchun bayram tadbiri uyushtirilgani va unga prezidentning kichik qizi Shahnoza Mirziyoeva borgani haqidagi videoreportajni uzatdi.

Mahalliy axborot vositalarida berilgan videomateriallarda, asosan, ayni ayollar intervyu berayotgani, bundan tashqari ayollardan faqat ba’zilariga yaqinlari bilan ko‘rishish uchun ruxsat berilganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, bu borada Ozodlikning qo‘shimcha ma’lumotlar uchun qilgan murojaatiga javoban, Suriyadan qaytarilganlarning sha’ni va shaxsiy daxlsizligiga ta’sir ko'rsatmaslik uchun ularga oid ma’lumotlar oshkor etilmasligini bildirgan.

Xavotirlar

Ozodlikda 30 mayga qadar mavjud ma’lumotga ko‘ra, Suriyaning shimoli-sharqidagi birgina "Al-Xol" lagerida 150 nafardan 500 nafarga qadar o‘zbekistonlik saqlanayotgan edi.

"Al-Xol" lageri rahbariyati bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda ushbu lagerda yig‘ilgan 80 mingga yaqin odamning katta qismi Bog‘uz shahri – IShID ("Islom davlati" ekstermistik guruhi - tahr) jangarilari bilan SDK qurolli ittifoqi o‘rtasidagi oxirgi og‘ir janglar borgan hududdan chiqqan.​

Iroqda ishlayotgan xorij gumanitar tashkilotlari vakillari bu mintaqadagi so‘nggi janglarda ayollar ham erkaklar bilan bir safda turib, jang qilgani haqidagi ma’lumotga ega ekanini aytib keladilar.

XS
SM
MD
LG