Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2020, Тошкент вақти: 00:05

Xorazm hokimligi xorijlik mehmonlar uchun Xon saroyida bazmi jamshid uyushtirdi (VIDEO)


Xivadagi Nurillaboy saroyining tashqi ko‘rinishi.

Xorazmga safar qilgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiya uchun Xivaning Nurillaboy saroyida 8 iyun kuni uyushtirilgan ziyofatda Ogahiy nomidagi viloyat drama teatri artistlaridan tortib, mahalliy ashula va raqs jamoalari san’atkorlari yarim tungacha raqs tushishga majburlandi.

8 iyun oqshomida bo‘lgan bu voqea haqida xorazmlik madaniyat xodimlari va san’atkorlar Ozodlikka shikoyat qildi.

Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi rasmiylaridan biri YTTB delegatsiyasi uchun Nurillaboy saroyi xovlisida uyushtirilgan ziyofatga san’atkorlar olib chiqilganini tasdiqladi, lekin majburlanmaganini aytdi.

O‘z xavfsizligini o‘ylab, ismi oshkor etilmasligini istagan xorazmlik madaniyat xodimining iddaosicha, Xivadagi Nurillaboy saroyida 8 iyun kuni kechqurun 8 dan yarim tunga qadar davom etgan ziyofatda 150 dan ziyod odam YTTBdan kelgan 6 mehmonga “och-nahor tikka turib” xizmat qilgan.

“Xonning saroyida 6 mehmon uchun 150 nafar odam tik oyoq xizmat qildi. Bular viloyat va shahar madaniyat xodimlari, elektriklar, telekom xodimlari va boshqa joydan kelgan ishchilar. Och-nahor, suvsiz tikka oyoqda qo‘yishdi. Hammasi norasmiy kiyimda, hokim ham, investitsiya vaziri ham bor edi. Aroq ichib, kayf qilib, yosh-yosh raqqosa qizlarni mehmonlarning oldiga itarib, o‘yna deb majburlashdi. Xonning davrida ham odamlar bunchalik tahqirlanmagan bo‘lsa kerak”, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan xorazmlik madaniyat xodimi.

ЕТТБ делегацияси учун "Нуриллабой"да уюштирилган зиёфат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:42 0:00

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan san’atkorlar Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Yaxshiboevning topshirig‘i bilan Xivada xorijlik mehmonlar uchun uyushtirilgan ziyofatda xizmat qilganliklarini aytishdi.Ozodlik suhbatlashgan xorazmlik san’atkorlardan biri bunday dedi:

“Bundan oldin Germaniya prezidentini kutib olish uchun yozning issig‘ida soatlab repetitsiya qildirishdi. Keyin Rossiya bosh vaziri Medvedev keldi, uni kutib olishga chiqarishdi. Bu safar bankirlar uchun yarim tunda ziyofatda tikka turg‘izib qo‘yishdi”.

Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi rasmiylaridan biri Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi uchun “Nurillaboy” saroyi xovlisida uyushtirilgan ziyofatga san’atkorlar olib chiqilganini tasdiqladi.

Lekin, rasmiyga ko‘ra, ular majburlanmagan.

"Bu ularni vazifasi. Ishi shu madaniyat xodimlarini. Bu yerda kimnidir huquqiga dahl qiladigan holat bo‘lgani yo‘q. Ularni hech kim majburlamaydi, ishini qilyapti. Och qo‘ydi, degan narsa umuman yolg‘on. Men ham shuni ichida yuribmanku. Shuncha ziyofat bo‘lib turgan joyda odam och qoladimi", - dedi Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi rasmiysi.

O‘tgan hafta Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Yaxshiboevning qo‘li ostidagilarga uxlatmay ishlatish bilan tahdid qilgani haqida Ozodlikka shikoyat tushgan edi.

Yaxshiboevning ovozi deb iddao qilinayotgan audioyozuvda ovoz egasi tuman madaniyat bo‘limlari va musiqa maktab mudirlariga "zanjir bilan bog‘lab, uch-to‘rt kun uxlatmay ishlatish" bilan tahdid qiladi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:00 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka audioni jo‘natgan xorazmlik madaniyat xodimining iddao qilishicha, ushbu audioni uning o‘zi Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 29 may va Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning 30 may kungi Xivaga tashrifi oldidan Yaxshiboevning kabinetida o‘tkazilgan majlisda yozib olgan.

Ertasi kuni Xivada Germaniya prezidenti va Rossiya bosh vazirini kutib olish sahnasi mashq qilingan, Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi boshlig‘ining ko‘rsatmasi bilan musiqa maktabi o‘quvchilaridan tortib ashula va raqs jamoalari jazirama issiqda to‘rt soatlab repetitsiya qilishga majburlangan.

Xivada Germaniya prezidentini kutib olish sahnasi.
Xivada Germaniya prezidentini kutib olish sahnasi.

Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Yaxshiboev Ozodlik bilan suhbatda xodimlariga uxlatmay ishlashga majburlashi haqida gapirganini eslay olmasligini aytgandi.

Xivadagi Nurillaboy saroyi 1893-1904-yillar oralig‘ida Xiva Xoni Muxammad Rahimxon II tomonidan o‘g‘li shahzoda Isfandiyorxon sharafiga qurilgan.

Sharqona va Yevropacha uslubda qurilgan qasrning eshik va oynalarini nemis mennonitlari qabilasi duradgorlari yasagan.

Xivadagi Nurillaboy saroyining tashqi ko‘rinishi.
Xivadagi Nurillaboy saroyining tashqi ko‘rinishi.

Ayni paytda ushbu tarixiy obida xorijlik mehmonlar uchun uyushtirilayotgan ziyofatlarda oyoqosti bo‘layotgani haqida xavotirlar ham aytilyapti.

"Ovoz kuchaytirgichni baland qilib, aroq ichishyapti, aysh-ishrat qilishyapti. Xonning saroyidan boshqa joy qurib qoldimi. Bir-ikki million investitsiya olib kelaman deb, tarixiy obidani oyoqosti qilishyapti", - deydi xorazmlik madaniyat xodimi.

Lekin, Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi rasmiysi bu xavotirlar o‘rinsiz ekanini aytadi.

"Ziyofat Nurillaboy saroyining ichida emas, uning tashqarisidagi hovlida o‘tkazildi. Akustik uskunalarning umuman saroyga ta’siri yo‘q. Nurillaboy saroyi doimiy muhofazamiz ostida, - dedi rasmiy.

Ozodlik Nurillaboy saroyida o‘tkazilgan ziyofat haqidagi taassurotlari haqida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Xivaga borgan delegatsiyasi a’zolaridan izoh so‘rab murojaat qilgan.

Hozircha ulardan Ozodlik so‘roviga javob kelmadi.

XS
SM
MD
LG