Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:52

OzodDayjest: O‘zbekistonda kuchli inflyatsiya to‘lqini bashorat qilindi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Xorijda 7 ming dollar oylik olgan vatandoshlar O‘zbekistonda kam maoshga qanoat qilmoqda. Yaqinlashayotgan inflyatsiyadan yana xususiy biznes jabr ko‘radi. Keksa ayol tez tibbiy yordam vaqtida kelmagani ortidan vafot etdi.Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Xorijdan qaytgan vatandoshlar davlat idoralarida kam oylikka ishlashga majbur bo‘lmoqda

Xorijdan O‘zbekistonga qaytib ishga kirgan vatandoshlar davlat idoralarida juda kam oylikka ishlashga majbur bo‘lmoqda (www.repost.uz, 17 iyun). Bu haqda “Buyuk kelajak” nodavlat tashkiloti hamraisi Oybek Shayxov ma’lum qilgan. “Davlat xizmatida ishlash uchun qaytgan ko‘plab ekspertlar o‘z jamg‘armasi hisobiga kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. Xorijda 5-7 ming dollardan ziyod oylik maoshdan voz kechib kelgan odamlar 3 million so‘mdan ko‘proq ish haqi olmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bu hol qaytish ishtiyoqida bo‘lgan, ammo ikkilanib turganlarga qanday ta’sir qiladi?” degan Oybek Shayxov.

“Buyuk kelajak” tashkiloti vakiliga ko‘ra, kuniga 12-14 soat, haftasiga dam olish kunisiz ishlash ham xorijda normal ish vaqti bo‘yicha mehnat qilgan vatandoshlarga to‘g‘ri kelmayapti. Qayd etilishicha, munosib maosh va normal ish rejimini ta’minlamasdan turib, xorijdagi vatandoshlarga muhim vazifalarni taklif etib bo‘lmaydi. Hozirga qadar “Buyuk kelajak” tashkiloti a’zosi bo‘lgan 12 vatandosh xorijdan qaytgan bo‘lib, ular vazir o‘rinbosariga qadar bo‘lgan lavozimlarda faoliyat yuritmoqda.

Eshik qoqayotgan kuchli inflyatsiyadan yana xususiy biznes va iste’molchi jabr ko‘radi

“Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon loyihasi qabul qilinsa, 2019 yil sentabr-oktabr oylarida yana bir kuchli inflyatsion to‘lqin hosil bo‘ladi, deb yozdi Telegramdagi Davletov.uz kanali. Taxmin qilinishicha, yillik inflyatsiya 18-20 foizgacha ko‘tariladi va Markaziy bank inflyatsiyani jilovlash uchun qayta moliyalash stavkasini 20 foizgacha oshiradi. Busiz ham yuqori bo‘lgan foizlardan jabr chekayotgan xususiy biznes yana jabr ko‘radi; busiz ham to‘lov qobiliyati pasayib borayotgan iste’molchi yana qashshoqlashadi.

Avvalroq Davletov.uz kanali moliya yilining qoq o‘rtasida soliqqa tortish va boj me’yorlariga o‘zgartirish kiritilayotganini tanqid qilgan edi. “...avval kimlargadir imtiyoz va preferensiyalar berish, keyin buning ortidan byudjetdagi yo‘qotishlarni qoplash uchun yoppasiga, hatto qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini QQSga tortish, o‘ylab-o‘ylamay populistik loyihalarga (bekor bo‘lgan yoki ijrosi to‘xtatilgan loyihalarni gugllab ko‘rsangiz bo‘ladi) milliardlarni sarflash, keyin iqtisodiy puch loyiha ekanini tushunib, ishni o‘lda-jo‘lda qoldirish kabi palapartish qarorlar iqtisodiyotga qancha ziyon yetkazayotganini birov hisoblab ko‘rdimi?” deb yozdi 30 mingdan ziyod obunachiga ega kanal.

Tez yordam kechikishi sabab vafot etgan bemor yuzasidan tushuntirish berildi

Joriy yil 8 iyun kuni Toshkentdagi “Farhod” dehqon bozorida tobi qochgan keksa ayol tez tibbiy yordam vaqtida kelmagani ortidan vafot etdi. “Darakchi” nashriga ko‘ra, tez yordam stansiyasiga 10 daqiqa tafovut bilan ikki keksa bemor uchun shifokor chaqirilgan. Ammo tez yordam bo‘limi gap bitta bemor haqida ketmoqda, deya bitta brigada yuborgan. Keyinroq bozorda boshqa bir ayolning ham tobi qochgani aniqlangan, lekin bu paytga kelib bemor hayotini qutqarib qolish imkoni boy berilgan. Toshkent shahar tez tibbiy xizmat bosh shifokori Davron Sultonovga ko‘ra, bozorlardan chaqiruv bo‘lganda voqea joyini topishda ko‘p bora qiyinchilik kuzatiladi. Chunki qo‘ng‘iroq qilgan shaxslar voqea joyini tark etgani bois aniq manzilni ayta olmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga qaraganda, ayni paytda mamlakat bo‘yicha 13 ming kishiga bitta tez yordam mashinasi to‘g‘ri keladi.

XS
SM
MD
LG