Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 18:24

Aris harbiy garnizonida yong‘in. Turkistonda favqulodda holat e’lon qilindi (VIDEO)


24 iyun tongda Qozog‘iston janubidagi Aris shahrida joylashgan harbiy omborxonada yong‘in chiqqani ortidan bu yerdagi qurol-aslaha portlay boshladi.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra¸ portlashlar oqibatida kamida 25 odam jarohatlangan¸ ulardan uchtasi og‘ir ahvolda. Yaralanganlar orasida besh nafar bola borligi aytilmoqda.

Ayni paytda¸ O‘tror tumani kasalxonasi kamida 34 nafar jarohatlangan arislikka tibbiy yordam ko‘rsatilganini bildirdi.

Mudofaa vazirligi¸ o‘t o‘chiruvchilarning yong‘inni to‘xtatishga urinayotgani¸ hozircha uning sabablari noma’lum ekanini bildirdi.

45 mingdan oshiq odam yashovchi Arisda boshlangan vahima ortidan odamlar uy-joyini tashlab ketmoqda va shu munosabat bilan Turkiston oblasti hokimi hududda favqulodda vaziyat e’lon qildi.

Turkiston viloyati hokimi 24 iyunning o‘zidayoq shahar aholisining hammasini evakuatsiya qilish boshlanganini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videotasvirlarda portlayotgan snaryadlar va havoga o‘rlayotgan quyuq tutun aks etgan.

Tarmoqlarda shuningdek shaharni tark etayotgan aholi va Arisdan chiqish yo‘llarida hosil bo‘lgan tiqin videolari ham tarqamoqda.

Bu videolarda odamlarning shaharni piyoda tark etayotgani ko‘riladi. Voqea joyidagi Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ shaharga eltuvchi avtomobil yo‘li yopib qo‘yilgan.

Ayrim videolarda portlash to‘lqinidan Arisdagi turar-joy binolariga yetgan zarar – singan derazalar¸ qulab tushgan shiftni ko‘rish mumkin.

«Uyimizga bomba tushgandek bo‘ldi. Butun oyna qolmadi»¸ deb yozdi bu videolardan birini tarmoqqa yuklagan arislik Kenjeg‘araev.

Arislik Janat Abilqosimova¸ aksariyat Chimkentga ketayotganini aytadi.

- Portlash to‘xtamayapti. 9:30 larda boshlandi. Avvaliga xashak yonayapti¸ deb o‘yladik. Keyin snaryadlar portlay boshladi. Odamlar Chimkentga qarab ketayapti¸ deydi Ozodlik muxbiri gaplashgan arislik ayol.

Aholisi soni 45 mingdan ko‘proq bo‘lgan Arisda Qozog‘iston Mudofaa vazirligining harbiy qismi joylashgan. Vazirlik¸ hozirda yong‘in va portlash oqibatida o‘lgan va jarohatlanganlar yo‘qligini bildirdi.

«Turkiston oblastining Aris aholi punkti ënida joylashgan Qurolli kuchlar arsenallaridan birida 24 iyun kuni yong‘in chiqqani ortidan qurol-aslahaga ham o‘t ketdi. Hozircha o‘lgan va jarohatlanganlar yo‘q. Voqea sabablari va yuzaga kelgan vaziyat o‘rganilmoqda. Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan voqea joyiga maxsus komissiya yuborildi¸ Qurolli qo‘shin shaxsiy tarkibi kuchlari tomonidan yong‘inni o‘chirish va uning oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda»¸ deyiladi rasmiy bayonotda.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi portlash joyida o‘nlab xodimi ishlayotganini bildirdi.

Turkiston oblasti hokimi esa hududda favqulodda holat e’lon qilinganini bildirdi.

«Barcha rayonlar¸ yaqin-atrofdagi aholi punktlari safarbar etildi. Hozirgi vaziyatda shahar aholisini evakuatsiya qilish kerak. Shu bois barcha yo‘nalishda kolonnalar harakatlanadi. Maxsus mashinalar odamlarni olib¸ ularni maxsus hozirlangan lagerlarga olib boradi. Barcha rayon hokimlari lagerlar tayyorlab¸ kelgan odamlar ro‘yxatini tuzib¸ odamlarni qarindoshlariniki yoki mehmonxonalarga joylashtiradi. Bu ularning asosiy ishi. Har bir lagerga tuman hokimi bosh bo‘ladi. Hozirgi dolzarb masala – evakuatsiya va shu bilan shug‘ullanamiz»¸ dedi Turkiston oblasti hokimi Umrzoq Shukeev.

Evakuatsiya masalasida Chimkentda maxsus telefon xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Rasmiy xabarga ko‘ra¸ bir necha soat ichida 15 ta evakuatsiya punkti ochilgan.

Bu - Arisdagi harbiy ob’ektlarda kuzatilayotgan birinchi yong‘in emas.

Bundan 10 yil oldin – 2009 yil martida Aris markazidan ikki kilometr masofada joylashgan ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi omborxonasida portlovchi moddalar yongan va oqibatda portlash yuzaga chiqqan edi.

Bu portlash oqibatida to‘rt odam o‘lgan¸ 16 nafari jarohat olgan edi. O‘shanda Arisdagi harbiy garnizonda yashovchilar evakuatsiya qilingan edi.

2015 yilda ayni harbiy qismda yuzaga chiqqan portlash oqibatida bir odam o‘lgan edi. Bu voqea portlovchi moddalarni yo‘q qilish amaliyoti paytida sodir bo‘lgan.

Aris bilan Toshkent o‘rtasidagi masofa 250 km.

XS
SM
MD
LG