Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:01

YuNESKO xulosasi olinmasdan, Samarqandda qurilish bo‘lmaydigan bo‘ldi


YuNESKO Samarqandni Jahon madaniy merosi ro‘yxatidan chiqarmoqchi ekani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng “Yuksalish” harakati Samarqand hokimligiga YuNESKOning tegishli xulosasini olmasdan qurilish ishlarini boshlamasligini aytdi.

28 iyun kuni Ozodlik “YuNESKO Samarqandni Jahon madaniy merosi ro‘yxatidan chiqarmoqchi” sarlavhali maqola e’lon qilgandi.

Maqolada Samarqandning tarixiy qismiga yondosh bufer zonada uylar, mehmonxonalar va boshqa binolar qurilayotgani va bu madaniy qiymatga ega tarixiy binolarga zarar yetkazayotgani ta’kidlandi.

“Yuksalish” umummilliy harakati vakillari vaziyatni o‘rganish maqsadida 28 iyun kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda harakat rasmiy saytida xabar qilindi.

Xabarga ko‘ra, harakat vakillari qurilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan hududda viloyat hokimligi vakillari bilan uchrashib, hokimlikka YuNESKOning tegishli xulosasini olmasdan qurilish ishlarini boshlamasligini aytgan.

YuNESKOning Jahon madaniy merosi qo‘mitasi tarqatgan hujjatda ta’kidlanishicha, 2022 yilda o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston hukumatining Samarqandda yangi mehmonxonalarni va ko‘p qavatli binolarni qurish rejasi tashvish uyg‘otmoqda.

“Yuksalish” vakillari YuNESKO hisobotida ko‘rsatilgan tarixiy ob’ektlar, jumladan shaharning tarixiy qismiga tutash hududlar — Namozgoh jome masjidi atrofi, Ibn Sino ko‘chasidagi binolar, “Registon Plaza” mehmonxonasi, “Afrosiyob” mehmonxonasi kabi ob’ektlarda hozirgi vaqtda xech qanday qurilish va ta’mirlash ishlari boshlanmaganini aniqlagan.

“Shunday bo‘lsada shahar hokimiyati tomonidan ushbu hududlarda haqiqatdan ham ko‘pqavatli yangi binolar barpo etilishi rejalashtirilmoqda”, deyiladi harakat xabarida.

Ozodlik YuNESKO ekspertlariga shu kungacha Samarqand-Siti va boshqa qurilishlar loyihasiga oid hujjatlar taqdim etilmagani haqida yozdi.

Vaziyatni o‘rgangan “Yuksalish” vakillari ham ushbu loyihalarning YuNESKOga taqdim etilmaganini tasdiqlaydi.

"O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi 435-sonli qaror talabiga ko‘ra "Samarqand shahar tarixiy qismidagi har bir qurilish rejasi haqida Jahon madaniy merosi qo‘mitasiga ma’lumot berilishi" shart.

Jahon madaniy merosi qo‘mitasi Samarqand yuzasidan 2008 yildan beri tashvish bildirib keladi. Qo‘mita YuNESKO markaziy kengashiga Samarqandning tarixiy qismini saqlab qolish masalasini kuchliroq nazorat ostiga olish iltimosi bilan murojaat qilgan.

Samarqand shahrida boshlangan keng ko‘lamli qurilishlar oqibatida YuNESKO tarafidan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bir nechta imorat buzilgan. Voqea joyiga borib ko‘rgan jurnalist va san’atshunoslarning Ozodlikka aytishicha¸ gap YuNESKO tarafidan 2001 yilda “Samarqand madaniyatlar chorrahasi” degan nom ostida qo‘riqlanishi shart bo‘lgan obidalar ro‘yxatiga kiritilgan Yevropa uslubidagi binolar haqida ketmoqda.

"Yuksalish" harakati Jahon merosi qo‘mitasining Ozarbayjon poytaxti Bokuda 30 iyundan 10 iyulgacha o‘tadigan 43-sessiyasi​da Samarqand bilan bog‘liq vaziyat ijobiy yechim topishiga umid bildirgan. ​

XS
SM
MD
LG