Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:33

Manbalar: Sobiq Bosh prokuror Murodov uy qamog‘iga o‘tkazildi


O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov

Prezident Mirziyoevning 20 iyun kungi farmoni bilan O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimidan olingani ortidan jinoyat ishi ochilib, hibsga olingan Otabek Murodov 28 iyundan boshlab uy qamog‘iga o‘tkazilgani iddao qilindi.

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridagi bir-biridan mustaqil ikki mulozimning iddaosiga ko‘ra¸ sobiq Bosh prokuror "barcha ayblar bo‘yicha iqrornomaga imzo chekkani" ortidan uning tergovga uyidan qatnashiga izn berilgan:

“Yozuv-chizuvlarini qilib¸ barcha iqrornomalarga qo‘l qo‘yib bo‘lgani va tergov bilan hamkorlik qilgani uchun Murodov uyiga qo‘yib yuborildi”¸ - dedi Ozodlik suhbatlashgan tergovga yaqin mulozim.

Xuddi shu mazmundagi informatsiyani Otabek Murodovning qarindoshlaridan biri va uning sobiq hamkasbi Ozodlikka ma’lum qildi.

Ayni paytda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i Ozodlikda yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimning yana bildirishicha, sobiq Bosh prokuror Murodovga davlat tarafidan advokat tayinlangan. Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, Murodov hali advokat bilan uchrashtirilmagan.

Murodovdan shaharni tark etmaslik¸ Internet va mobil telefon tizimlaridan foydalanmaslik haqida tilxat olingan.

Ozodlik suhbatlashgan mulozim iddaosiga ko‘ra¸ sobiq prokuror seshanba, 2 iyul kuni uyidan tergovga konvoy hamrohligida olib ketilib, prokuraturaning ishdan bo‘shatilgan sobiq mulozimlari bilan yuzlashtirilgan.

Prokuratura binosida 20 iyunda bo‘lib o‘tgan majlisda ishtirok etgan prokuratura xodimlaridan ikki nafarining Ozodlikka majlis yakunlanishi bilanoq ma’lum qilishicha , 44 yashar Otabek Murodov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210- moddasi (Pora olish) va 211-moddasi (Pora berish) da ayblanmoqda.

Otabek Murodov 20 iyun kuni prezident farmoni bilan O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimidan olingani ortidan tizimdagi o‘nlab yuqori lavozimli mulozim ishdan olingan.

Bu mulozimlarning ko‘pchiligi¸ guvoh yoki jinoyat ishi figuranti sifatida so‘roq qilinmoqda.

Ozodlik 2 iyul kuni gaplashgan prokuratura mulozimi ishdan chetlashtirilgan prokuratura xodimlari o‘z sobiq rahbari Murodov ustidan ko‘rsatma yozib berishganini bildirdi.

Suhbatdosh iddaosicha¸ bu xodimlar o‘z ko‘rsatmasida Bosh prokurorga katta summada pora berishga majburlanganini yozib bergan.

Boshqa informatsiyalari keyinchalik o‘z tasdig‘ini topgan bu mulozimdan 2 iyul kuni olingan informatsiyani takrorlovchi informatsiyalar Ozodlik suhbatlashgan yana uch mulozimdan olindi.

Borayotgan tergov¸ shuningdek, sobiq bosh prokuror bilan bog‘liq ish to‘g‘risida matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi bois¸ bu mulozimlar shaxsi sir qolishini so‘radi.

Ozodlik hozircha bu ma’lumotlarning rasmiy tasdig‘ini Bosh prokuraturadan olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Prokuraturadagi kadr o‘zgarishlari bois lavozimidan ajragan amaldorlar haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Kuch ishlatish salohiyati bor vazirlikda ishlaydigan Ozodlik suhbatlashgan mulozimga ko‘ra¸ sobiq Bosh prokurorning uyi 24 soatlik nazoratga olingan.

Sobiq bosh prokurorning Ozodlik suhbatlashgan yaqinlaridan biri ham Murodovning tergovga uyidan qatnaëtganligini tasdiqladi. Uning iddao qilishicha¸ Murodovning onasi¸ sud tizimida 20 yil ishlab nafaqaga chiqqan Dilbar opa Qashqadaryodan Toshkentga yetib kelgan.

Rutbadan mahrum qilingan edi

20 iyun kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi binosida prokuratura rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan majlisda mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov vazifasidan bo‘shatilgan bosh prokuror Otabek Murodovni uchinchi darajali adliya maslahatchisi rutbasidan va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etgan edi.

21 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoev 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG