Линклар

Шошилинч хабар
21 июл 2019, Тошкент вақти: 16:05

Xususiy shaxslarga GES qurishga ruxsat berildi - namanganlik pensioner ham mini GES qurmoqchi


ГЭС қурмоқчи бўлган Иброҳимжон Тўхтабоев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:56 0:00
Бевосита линк

GES qurmoqchi bo‘lgan Ibrohimjon To‘xtaboev bilan suhbat

"Uzgidroproekt" AJ vakilining Ozodlikka 5 iyul kuni aytishicha¸ xususiy shaxslarga gidrostansiya qurishga izn berilgan. Bu esa o‘z navbatida mulozim ta’biricha "xayolparast-tadbirkorlar" ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Namangan viloyati Uychi tuman Xizirobod shaharchasida yashovchi 73 yashar irrigator Ibrohimjon To‘xtaboev Norin daryosiga mini GES qurish rejasinining qabul qilinmayotgani haqida 1 iyul kuni prezident qabulxonasiga arz qildi.

Bundan oldin u Namangan viloyat hokimiyati va respublika Gidroproekt tashkilotiga o‘z loyihasini taqdim etgan.

Respublika Gidroproekt tashkilotining Ozodlik suhbatlashgan mutaxassisi bu loyihani navbatdagi "xayolparastlik mahsuli" deb atadi.

Namanganlik Ibroximjon To‘xtaboev Ozodlik bilan suhbatda “ bu g‘oya xayolparastlik emas, balki real hisob-kitoblar” ustiga qurilganini aytadi:

- Norin daryosi kaskadiga uchta mini GES quriladi. Har bir GES 660 kilovatt elektr beradi. Jami 1980 kilovatt bo‘ladi. Bu degani 198 megavat. Agar bu loyiha amalga oshsa, men qurgan mini GESlar Farg‘ona viloyatiga Toshkentdan shu kunda kelayotgan elektr energiyaning 17 baravarini beradi. O‘zi shu sohada ishlaganman. Otam ham gidromontajchi bo‘lgan. Bu arzon va deyarli suv tekin energiya chiqaradigan tizim¸ deydi suhbatdosh.

Uychilik xayolparast

Respublika Gidroproekt idorasining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi GES qurmoqchi bo‘lgan otaxonni "xayolparast" deb atadi.

- Ibrohimjon ota aynan shu soha mutaxassisi emas. U gidromontajchi bo‘lgan. Mini GES boshqa soha. Havaskorlik va xayolparastlik mahsuli u kishi taqdim etgan g‘oya¸ degan mutaxassis To‘xtaboev proektining “xom joylarini” sanab berdi.

- Birinchidan¸ Norin daryosi transchegaraviy daryo hisoblanadi. Uning bizdan boshqa yana ikki egasi bor. Norin daryosida biror gidrouskuna o‘rnatish uchun Qirg‘iziston va Tojikiston davlatidan rasmiy izn olinishi kerak. To‘xtaboev bu muammoni eshitgisi ham kelmaydi. Ikkinchidan¸ Norin daryosi sohilining betonlashtirilmoqchi bo‘lgan qismining mulkiy maqomi aniq emas. Ya’ni¸ yer To‘xtaboevga oid emas. Uchinchidan¸ mini GES uchun zaruriy parametrlar va hisob-kitoblar aniq emas. Bugun 5 iyul kuni To‘xtaboevga shu sabablarni xat qilib yozib yubordim. Otaxon xafa bo‘lmasinu ammo bu bo‘ladigan ish emas¸ deydi mutaxassis.

Xususiy tadbirkor GES qura oladi

Respublika Gidroproekt mulozimi “xususiy shaxslarning gidroqurilma qurishiga shu yil aprel oyidan boshlab izn berilganini” bildirdi.

- Xususiy tadbirkor endi elektr ishlab chiqaradigan gidroqurilma o‘rnatishi mumkin. Ilgari taqiq bor edi. Bitta cho‘pon suvga charxpalak o‘rnatib¸ mashinaning dinamosini osib ikkita lampochka yoqadigan elektr olsa¸ borib jarima qilardik. Uskunasini buzib tashlar edik. Endi mana aprel oyidan boshlab vaziyat o‘zgardi¸ deydi suhbatdosh.

"Shu ma’noda¸ o‘sha xayolparast deb ataganim To‘xtaboevda ham mini GES qurish huquqi bor. Ammo bu huquqni olish uchun malakali hujjatlar to‘plami zarur"¸deydi mulozim.

Ozodlik bilan suhbatda Ibroximjon To‘xtaboev to‘rt yildan beri mini GES qurish g‘oyasi bilan o‘nlab idoraga murojaat qilganini aytadi.

Davlat qurgani ma’qul

Xususiy shaxslar va tadbirkorlarning kichik GESlar qurishiga ruxsat etilganiga qaramay¸ Gidroproekt mulozimi har qanday GES xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgani bois¸ ularni qurish va ekspluatatsiya qilish davlat qo‘lida bo‘lgani ma’qul¸ degan fikrni ilgari surdi.

- Norin daryosining Namangandan o‘tadigan qismiga o‘nlab mini GESlar qurish davlat rejasiga kirgan. Bundan tashqari¸ Milliy Bank va Xitoyning Eksimbank shirkati o‘rtasida Andijonda GES qurish yuzasidan 10 million dollarlik shartnoma imzolandi. Bitta mini GES 500 xonadonni elektr bilan ta’minlay oladi. 70-80 yil kapital ta’mirsiz ishlaydigan arzon energiya manbasi¸ bu deydi suhbatdosh.

2017 yil may oyida tashkil etilgan “O‘zbekgidroenergo” AJ zimmasiga 2017-2021 yillar ichida 42 yangi GES bunyod etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish vazifasi yuklatilgan.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad¸ rasmiy izohga ko‘ra¸ 2025 yilgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 1,7 barobarga oshirib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari arzon va uzluksiz elektr yetkazib berish ekani urg‘ulangan.

XS
SM
MD
LG