Линклар

Шошилинч хабар
19 август 2019, Тошкент вақти: 19:08

Imon Karimova: Onamni qamoqxona ichki tartibini buzganlikda ayblashdi


Imon Karimova onasi Zangiota qamog‘idan qayta uy qamog‘iga o‘tkazilgan paytda tushgan ushbu suratni ham Instagram orqali e’lon qilgan edi.

Imon Karimova Instagram sahifasi orqali ma’lum qilishicha, qamoq jazosini o‘tayotgan onasi Gulnora Karimovaga ichki tartibni buzganlik ayblovi qo‘yilgan.

Odatda qamoqxona tartibini buzganlarning qamoq muddatiga qo‘shiladi. Lekin Imon Karimova onasiga muddat qo‘shilgan-qo‘shilmaganini ochiqlamagan.

Shuningdek, Imon Karimova onasiga nisbatan yangidan jinoyat ishi ochish harakatlari bo‘layotganidan xavotir bildirgan.

Imon Karimova Instagram messenjeridagi Iman.k17 sahifasida yangi e’lon qilgan ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, Zangiota ayollar qamoqxonasida qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimovaga joriy yilning 6 aprel kuni “Ichki tartibni buzganlik” ayblovi qo‘yilgan.

Buni soxta ayblov deya iddao qilgan Imon Karimovaning yozishicha, onasini ertalabki tekshiruvga chiqmaganlikda ayblashgan. “Vaholanki, onam o‘sha kuni kasal bo‘lgan”, deya yozadi marhum prezidentning nevarasi:

“Aslida Gulnora Karimovaning tibbiy kartasini tekshirish mumkin edi. 5 apreldan 6 aprelga o‘tar kechasi uning sog‘ligi yomonlashib, qon bosimi oshgani uchun unga bir martalik ukol qilingan”.

O‘zbekiston qamoqxonalarida shu paytgacha “ichki tartibni buzganlik” uchun mahkumga qo‘shimcha muddat qo‘shib berilgan. Har holda siyosiy va diniy mahkumlarga shunday jazo qo‘llanib kelingan. Bu jazo Gulnora Karimovaga ham qo‘llanilgani noma’lum. Boisi Imon Karimova onasi bilan bog‘liq holatning bu jihatini ochiqlamagan.

Shuningdek, Imon Karimovaning yozishicha, onasining jazo muddati tugayotgani sabab joriy yilning mart oyida manzil koloniyaga o‘tkazilishi lozim edi. Biroq Imon Karimova buning paysalga solingani, boz ustiga «ichki tartibni buzganlik» ayblovi qo‘shilishi ortidan iyun oyida o‘tkazilgan komissiya onasini qamoqxonada qoldirishga qaror qilganidan noliydi.

Imon Karimova onasiga nisbatan bo‘layotgan bu kabi holatlarni Shveysariya tomonidan Gulnora Karimovaning pullarini O‘zbekistonga qaytarishni to‘xtatib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan asosiy omil sifatida tasvirlaydi.

Joriy yil 1 iyul kuni Shveysariya sudi Gulnora Karimovaning muzlatilgan $850 millionidan 555 millioni qaytarilishini vaqtincha to‘xtatdi.

Imon Karimova 555 million dollarning qaytarilishi aynan onasiga nisbatan bo‘layotgan munosabatlar bilan bog‘liq ekanligini qayta-qayta takrorlaydi.

“Biz juda uzoq muddat sukut saqladik. Biroq onamning sog‘ligi bilan bog‘liq vaziyat bizni bu haqda gapirishga majbur qildi”, deydi Imon Karimova.

Imon Karimovaning Instagram sahifasidagi yangi postdan ma’lum bo‘lishicha, Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi ochish harakatlari ham bo‘layapti. Imon bu ishning 12 yil oldingi voqealarga aloqadorligini aytadi, biroq aynan qanday voqea ekanligini ochiqlamagan.

Imon Karimova Instagramdagi bu sahifa o‘ziniki ekanini tasdiqlagan¸ ammo unga qo‘yilayotgan matnlarni boshqalar yozib berayotganini aytgan.
Imon Karimova Instagramdagi bu sahifa o‘ziniki ekanini tasdiqlagan¸ ammo unga qo‘yilayotgan matnlarni boshqalar yozib berayotganini aytgan.

Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi 7 iyuldan 10 iyulgacha Gulnora Karimova qamoqxonada qizi Imon Karimova bilan uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazgani haqida ma’lum qildi.

Vazirlikning bildirishicha, uchrashuvdan so‘ng Imon Karimova bilan suhbat o‘tkazilgan.

“U onasi Gulnora Karimovaning ayni paytda sog‘ligidan shikoyati yo‘qligini,zarur hollarda muassasa tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan o‘z vaqtida alohida e’tibor qaratilayotganini, onasiga nisbatan O‘zbekiston hukumati tomonidan hech qanday bosim o‘tkazilmayotganini bildirdi”, deyiladi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bildiruvida.

Imon Karimova esa onasi bilan uchrashuvidan so‘ng Instagram sahifasi orqali prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat qildi.

"Bugun onamni ko‘rdim. Har kuni ishemiya ( biror a’zo yoki to‘qimalarga qon yetishmasligi - tahr.) xuruji bo‘layapti. Ayniqsa¸ gipertonik kriz (qon bosimining to‘satdan ko‘tarilib ketishi - tahr.) ortidan prolaktin keskin ko‘tarilib ketdi¸ bu esa miyada gipofiz o‘smasiga olib keladi"¸ deb boshlanadi Imon Karimova sahifasida e’lon qilingan xat.

Onasining og‘ir ahvolda ekanini tasvirlagan Imon Karimova¸ Mirziyoevdan zudlik bilan operatsiyaga muhtoj onasini ozodlikka chiqarishni so‘raydi.

Bu xati so‘nggida Imon Karimova¸ onasi taqdiriga befarq bo‘lmagan o‘zbekistonliklardan Gulnora Karimovani ozod qilish tashabbusiga qo‘shilishni so‘ragan.

Joriy oy boshida Imon Karimova onasining qamoqxonadagi ahvolining kun sayin og‘irlashayotganini iddao qilgandi.

Shundan so‘ng Adliya vazirligi Gulnora Karimova saqlanayotgan Zangiotadagi 21 -ayollar qamoqxonasida tekshiruv o‘tkazilgani, ammo Karimovaning salomatligiga oid iddaolar tasdiqlanmaganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG