Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2019, Тошкент вақти: 04:40

Prezidentga ko‘z-ko‘z qilish uchun Bo‘kada salkam $100 000 ga stadion qurgan tadbirkorga bir tiyin ham berilmadi


Mirziyoev 1 iyun kuni borib ko‘rgan Bo‘ston mahallasidagi "Yoshlar bog‘i"ni qurish 31 may tunda tugagan.

Shavkat Mirziyoev ko‘rishi uchun Bo‘kaning Bo‘ston mahallasida 710 million so‘mga (15 iyuldagi kurs bilan 82712 dollar) futbol maydoni va «Yoshlar bog‘i»dagi basketbol, voleybol va stol tennisi maydonchalari qurgan shirkat hanuzgacha hukumatdan bir tiyin ham pulini ololmagan.

Buyurtmachisi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bo‘lgan bu maydonlarni qurishda yetti kunlab tinimsiz ishlagan 30 dan oshiq ishchi nomidan Ozodlikka gapirganlar shunday dedi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sport vazirligi¸ yoki bu jarayonni rasmiylashtirish topshirilgan Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi o‘rtasida 15 iyulga qadar ham hech qanday rasmiy shartnoma imzolanmagan.

Stadionlar esa¸ 31 may kuni¸ ya’ni bir yarim oy avval qurib topshirilgan¸ 1 iyun kuni prezident Mirziyoevga ko‘z-ko‘z qilingan.

Ishchilarning Ozodlikka aytishicha, o‘zlarini yollagan “SDKS-CREAT”qurilish firmasi hukumat rasmiylarining og‘zaki va’dasiga ishonib¸ pulini ololmagani ortidan qurilish mollarini nasiyaga olgan do‘konlar va yollanma ishchilar oldida katta qarzga botgan.

Stadion va sport maydonchalari buyurtmachisi bo‘lgan vazirlik rasmiysi Ozodlikka pulning Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga ajratilganini bildirdi.

Bu kompaniya rasmiysi esa¸ 31 may kuni foydalanishga topshirilgan futbol stadioni va «Yoshlar bog‘i»dagi universal sport maydoni uchun ayni kunlarda loyiha- hujjatlar tayyorlanayotganini aytdi¸ ammo qurilish firmasiga pulning qachon berilishiga aniqlik kiritmadi.

Kechayu kunduz ishlab¸ bir tiyin ham haq ololmay yurgan qora ishchilar

Ozodlik gaplashgan bo‘kaliklarning aytishicha¸ o‘zining besh tashabbusi Bo‘kada qanday amalga oshirilayotganini prezident kelib ko‘rarmish¸ degan gap chiqishi ortidan tumandagi qator mahallalar¸ xususan¸ Bo‘ston mahallasi buzilish-qurilish maydoniga aylangan.

Prezidentga tashabbuslarining qanchalar buyuk ekani¸ uning «Bo‘ka qiyofasi va Bo‘ka yoshlari hayotini» tubdan o‘zgartirganini ko‘rsatish uchun Sport vazirligi Mirziyoev boradigan Bo‘ston mahallasida futbol stadioni va boshqa sport maydonchalari qurishni boshlab yuborgan.

"Yoshlar bog‘i"da qurilgan basketbol maydonchasi
"Yoshlar bog‘i"da qurilgan basketbol maydonchasi

8 apreldan to 31 mayga qadar bu yerda o‘nlab yollanma ishchi¸ ularning ta’biri bilan aytganda¸ "kechayu kunduz ishlagan".

15 iyul kuni Ozodlikka murojaat qilgan bu ishchilar vakili¸ hozirga qadar qurilish firmasidan haqini ololmayotganini aytadi.

«Qurilish davrida kechayu-kunduz oilamizni boqish uchun tinmay ishlab¸ ish xaqimizni ololmasdan sariq chaqasiz qoldik. Qurilish firmasi rahbari Suhrobdan haqimizni so‘rab borsak ikki oydan buyon bir xil bahona - “Men bu qurilish uchun bir so‘m pul olmaganman, hammasini rahbariyatning va’dalariga ishonib qarzga bajarganman, meni xam ikki oydan beri qop-qop va’dalar bilan aldab kelishmoqda ”deb bizlarni ishontirib kelmoqda»¸ dedi Ozodlik gaplashgan yollanma ishchilardan biri.

Bu suhbatdoshlarga ko‘ra¸ qurilish firmasi nafaqat o‘zlari¸ balki Bo‘kadagi ko‘plab qurilish do‘konlari¸ shuningdek¸ subpudratchi firmadan ham katta qarz bo‘lgan.

«Do‘konlardan nasiyaga sement¸ bo‘yoq¸ tomga yopadigan narsalar olgan. Ular ham pulini so‘rab yuripti. Har kun boramiz Suhrobdan pulimizni so‘rab. Uyam pulimni berishsa¸ qarzimni to‘layman¸ deyishdan boshqa gap aytmayapti»¸ deydi quruvchilardan biri.

Bo‘ston mahallasida qurilgan futbol stadioni
Bo‘ston mahallasida qurilgan futbol stadioni

Ozodlik Bo‘ka tumanidagi “SDKS-CREAT”qurilish firmasi rahbari Suhrob Boboxo‘jaevning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. Ammo bu shirkatning Bo‘ston mahallasida qilgan ishlari tafsilotidan yaxshi xabardor bo‘kalik mulozimlardan biri¸ shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan¸ yosh tadbirkorning hukumat amaldorlari tomonidan chuv tushirilganini tasdiqladi.

«Bu bola qurilish sohasiga yaqinda kirgan. Prezident Bo‘kaga kelarkan¸ degan gap chiqishi bilan hamma yoq ostin-ustun bo‘p ketdi¸ buzib-qurish boshlanib ketdi. Besh tashabbusga kirgan stadionlarni ko‘rarkan¸ degani uchun Sport vaziri ham yugurib Bo‘kaga keldi. Tuman hokimligi chaqirgan quruvchi firma boshliqlari orasida bu bola ham bo‘lgan. Sport vaziri may oyi oxirigacha stadion va sport maydonchalarini qura olasanmi¸ deganda¸ «Ha¸ pulini bersangiz¸ quraman»¸ degan. Bu gapning ertasiga na shartnoma¸ na loyiha¸ na smeta bor¸ unga davay-davay boshlangan. «Vaqt tig‘iz¸ prezident kep qoladi¸ san qurilishni boshlayver¸ hujjatlashtirish parallel bo‘ladi»¸ deyishgan. Shu gaplarga ishonib¸ bu bor pulini tikib¸ ish boshlagan. 15 kunlardan keyin¸ qani shartnoma¸ qani pul¸ qarzga kirdim desa¸ endi to‘xtatsang, pulingni voobshe olomaysan¸degan bosim bo‘lgan. Shu bilan Sherzod degan sherigi bilan 31 mayga stadionlarni qurib topshirgan. Lekin hozirgacha na shartnomasi bor qo‘lida¸ na pul»¸ deydi qurilish firmasi vaziyatidan yaxshi xabardor bo‘kalik mulozim.

1 iyun kuni Shavkat Mirziyoevning Bo‘ka tumaniga qilgan safarini yoritgan prezident matbuot xizmati «Beshta tashabbus Bo‘ka qiyofasini tubdan o‘zgartirdi» sarlahvali maqola yozib¸ unga aynan Bo‘ston mahallasida “SDKS-CREAT” shirkati sport maydonchalari qurgan «Yoshlar bog‘i» suratini ham ilova qildi.

«450 tomoshabinga mo‘ljallangan “Bo‘ston arena” stadioni rekonstruksiya qilindi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi balansiga o‘tkazilgan stadionda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda 100 dan ziyod o‘quvchi-yosh futbol bilan shug‘ullanadi»¸ deb yozdi prezident matbuot xizmati haligacha puli to‘lanmagan bu stadion va maydonchalar haqida.

20 aprel kuni prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva esa otasining beshta tashabbusini Bo‘ka tumanida joriy qilish bo‘yicha respublika va tuman sektorlari ishchi guruhlari bilan birgalikda belgilangan ishlarni amalga oshirish jarayonida bevosita qatnashgani va borayotgan ishlarini ko‘rib qaytgani haqida xabar bergan edi.

Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva 20 aprel - prezident borishi uchun Bo‘kada buzish-qurishlar boshlangan kunlarda tumanga borib¸ qilinayotgan ishlarni "ko‘zdan kechirdi".
Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva 20 aprel - prezident borishi uchun Bo‘kada buzish-qurishlar boshlangan kunlarda tumanga borib¸ qilinayotgan ishlarni "ko‘zdan kechirdi".

Sport vazirligi izohi

Ozodlik Bo‘kada futbol stadioni va «Yoshlar bog‘i»dagi sport maydonchalari buyurtmachisi va egasi bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi amaldorlari bilan bog‘landi.

Stadion qurilishi tepasida respublika darajasidagi amaldorlar turgan.
Stadion qurilishi tepasida respublika darajasidagi amaldorlar turgan.

Bo‘kadagi qurilishlarga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik mulozimi 15 iyul kuni Ozodlikka¸ bu ob’ektlar uchun qurilish shirkatining hozirgacha bir tiyin ham haq olmaganini tasdiqladi.

«Bu ish juda srochno bo‘ldi. Shu kunlarda, mana endi hujjatlarini tayyorladik¸ hamma qarorlar chiqdi¸ adresniy dasturlar tasdiqlandi. U firma proektni tayyorladi¸ ekspertizasiga vaqt ketdi. Noto‘g‘ri qilib kelgan ekan¸ qaytadan tayyorla¸ deyilgani uchun vaqt cho‘zildi. Bu jarayon Yagona buyurtmachi kompaniyasi orqali ketadi. Yagona buyurtmachi u bilan shartnoma qilganmi-yo‘qmi¸ xabarim yo‘q. Lekin puli chiqqan¸ hujjatlari hal bo‘lsa¸ oladi”¸ dedi stadionlar buyurtmachisi bo‘lgan Sport vazirligi rasmiysi.

May oyida qurib topshirilgan stadionga shartnoma va loyiha iyul oyida qilinadimi?

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Bo‘kadagi stadionlarni qurgan “SDKS-CREAT” shirkati bilan ular buyurtmachisi Sport vazirligi¸ yoki bu jarayonni rasmiylashtirish topshirilgan Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi o‘rtasida 15 iyulga qadar ham hech qanday rasmiy shartnoma imzolanmagan.

Stadionlar esa¸ 31 may kuni¸ ya’ni bir yarim oy avval qurib topshirilgan¸ 1 iyun kuni prezident Mirziyoevga ko‘z-ko‘z qilingan.

Qurilishlar narxi¸ vaziyatga bevosita aloqador bo‘kalik mulozim taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra¸ 710 million so‘m.

Buncha katta summadagi qurilish¸ qanday qilib shartnoma¸ loyiha va smeta imzolanib¸ tegishli idoralar tasdig‘idan o‘tmasdan turib amalga oshirildi?

Ozodlik shu savol bilan Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi rasmiylariga murojaat qildi.

"Yoshlar bog‘i"
"Yoshlar bog‘i"

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimlardan biri¸ “kechayu kunduz tinimsiz ishlab¸ prezident kelishiga stadionlarni yasatib bergan qora ishchilarning pulsiz qoldirilganidan” vijdoni qiynalayotganini aytdi.

Qurilish sohasining har-xil talablari bor. Proekt ekspertizadan o‘tishi kerak¸ tanlov-manlov degan narsalari bor. Hozir shu hujjatlar rasmiylashtirilayapti. Pul ajratilgan¸ lekin uni berishga hali hujjatlar tayyor emas”¸ dedi bu mulozim.

Bunday hujjat ishlari¸ xususan¸ tanlov¸ proekt-smeta va shartnoma qurilish boshlanmay turib qilinishi kerak bo‘lgan jarayonku¸ may oyida topshirilgan ob’ekt hujjatlari nega iyulda qilinayapti?”¸ degan savolga bu mulozim sodda izoh berdi.

Prezident keladi¸ desa bo‘ldi¸ katta rahbarlar kelib¸ srochno buni qilasan¸ uni qilasan¸ deb buyruq berib ketadi. Bo‘kaga prezident tashrif qiladi¸ deb qolishdi. Bu stadionlar na rejada bor¸ na unga pul bor edi. Yo‘q joydan¸ ertaga ish boshlaysan¸ may oxirigacha qurib bitirasan¸ hujjatlar keyin ham bo‘laveradi¸ deyishdi. To‘g‘ri¸ quruvchi firma stadionlarni 31 may kuni topshirgan¸ lekin hali hujjatlashtirish tugamadi. Tezroq bitkazib¸ tezroq berishga harakat qilamiz”¸ dedi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mulozimi.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ hujjatlashtirish jarayonining aynan qachon tugashi¸ qurilish firmasiga u sarflagani aytilayotgan 710 million so‘mning to‘liq berilish-berilmasligi haqida aniq gap ayta olmasligini bildirdi.

Bo‘lmagan tanlov haqidagi soxta hujjat

Toshkent viloyat hokimligining qurilish sohasiga aloqador mulozimlaridan biri Ozodlikka “SDKS-CREAT”qurilish firmasiga pul berish uchun qilinishi kerak bo‘lgan qator protseduralar borligi¸ ular oldindan o‘tkazilmagani bois¸ bu ish ayni kunlarda qilinayotganini tushuntirdi.

Shunday me’yoriy talablardan biri¸ qurilish uchun tender-tanlov o‘tkazish va unda o‘z loyihasi bilan qatnashganlar orasidan¸ eng maqbulini tanlab olishdir.

Bo‘kada prezidentga ko‘rsatish uchun qurilgan stadionlar qurilishi boshlanganidan uch oy o‘tib¸ 11 iyul kuni bu jaraënga mas’ul Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi Bo‘ston mahallasida allaqachon qurib bitirilgan futbol stadionini qurish uchun pudrat tashkilotini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan “tanlov bayonnomasi”ni qabul qilgan.

Ozodlikka viloyat hokimligi mulozimlaridan biri tomonidan tadqim etilgan bu bayonnomada¸ sakkiz kishilik komissiya “SDKS-CREAT” qurilish firmasini o‘tkazilmagan tanlov g‘olibi deb topgan.

Bayonnomada¸ 31 may kuni prezidentga topshirilgan stadion qurilishining 90 kun ichida bitirilishi va uning boshlang‘ich narxi 710 million so‘m bo‘lishi yozilgan.

Toshkent viloyat hokimligi mulozimining aytishicha¸ “soxta tanlov haqidagi soxta bayonnoma haqiqiy hujjat deb qabul qilinadigan bo‘lsa¸ na quruvchi shirkat va na undan haqini so‘rayotgan quruvchi va do‘konchilar yana kamida uch oy pulini ololmasliklari ehtimoli katta”.

Shavkat Mirziyoev "devor ortida nima borligini biladi"¸ ammo...

Islom Karimov davrida 13 yil Bosh vazir bo‘lib ishlagan Shavkat Mirziyoev marhum prezidentning viloyatlarga qiladigan safariga tayyorgarliklar¸ xususan¸ Karimov uchun "Potyomkin qishloqlari" qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan.

Prezidentlikka yangi kelgan paytlarida Mirziyoev mahalliy hokimlarga bunday "ko‘zbo‘yamachiliklar texnologiyasi"dan yaxshi xabardorligini bir necha bor eslatgan.

Xususan¸ 2018 yilning 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda Mirziyoev o‘zining viloyatlarga qilayotgan safari oldidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni tanqid qilgan va mahalliy hokimlardan bu ishlarni to‘xtatishni so‘ragan edi.

Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, tayyorgarlik​ka jalb etish - siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat.

Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi”¸ degan edi prezident 13 aprel kungi chiqishida.

Keyingi oylar davomida Mirziyoevning joylarga tashriflari chog‘ida¸ u hokimiyatga kelgandan so‘ng o‘zbekistonliklar hayotining qanchalik yaxshilanganini ko‘rsatish uchun uyushtirilayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlar ko‘payib bormoqda.

Xususan¸ Mirziyoevning viloyatlarga qilayotgan safarlari davomida qurilishi bitmagan sanoat va xizmat ob’ektlarining ishga tushirilgani va hujjatda boshqa odamlarga sotilgan uylarning kam ta’minlangan oilalarga prezident sovg‘asi sifatida topshirilgani tasvirga olinib¸ milliy va mahalliy telekanallarda xalqqa namoyish etilmoqda.

Bunday ko‘zbo‘yamachiliklar haqidagi Ozodlik xabarlari O‘zbekiston ichkarisida katta rezonansga sabab bo‘layotganiga qaramay¸ "o‘zining hamma narsadan xabardorligi"ni ta’kidlaëtgan prezident hozirga qadar bunday amaliyot uchun biror hokimni jazolamadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG