Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:10

Andijonlik fermerlar uyidan 50 km uzoqlikdan uy sotib olishga majburlanyapti


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Andijon viloyat, Andijon tumanidagi fermerlar bug‘doydan tushgan daromad puliga 50 kilometr uzoqlikdagi Xonobod shahridan kam ta’minlangan oilalar uchun quriladigan 2 xonali uylardan sotib olishga majburlanyapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishicha, fermerlar "Agrobank"ning tuman filialiga chaqirtirilib, ulardan pul o‘tkazish haqida “poruchenie” yozdirib olinmoqda.

Andijon viloyat va tuman hokimliklari mulozimlari Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Andijon tuman hokimining tazyig‘idan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, 15 iyul kuni ertalab Andijon tumanining barcha fermerlari Xonobod shahriga chaqirtirilgan, bormagan fermerlar ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan majburlab olib borilgan.

Fermerlar Xonobod shahridagi kam ta’minlangan oilalar uchun uylar quriladigan maydonda yig‘ilgan. Bu haqda gapirgan fermer bunday dedi:

“Borsak, Baxtiyor Rejapov degan tuman Mahalla jamg‘armasi raisi fermerlarni yig‘ib turibdi. Keyin u mana shu joyda 2 so‘tixli uylar quriladi. Hammalaring bugun shu uylarning pulini bankdan o‘tkazasizlar, bir yilda qurilishi tugaydi, dedi. Hamma hayron qoldi. Tabiiyki, bizda savol tug‘ildi. Nega endi, o‘zimizning tumandan emasu, Xonoboddan uy sotib olishimiz kerak ekan deb. Bu savol raisga berildi. U esa, men bilmayman, bu hokimning buyrug‘i, hamma shu yerdan uy sotib olishga majbur, hozir qaytib borib bankdan 45 million so‘mdan qurilish firmasi hisobiga o‘tkazasizlar, dedi".

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, bank ulardan “poruchenie” ham olmasdan pulni qurilish firmasi hisobiga o‘tkazishni boshlagan:

“Biz bankdagi pulimizga ham o‘zimiz xo‘jayin emasmiz. Avval o‘tkazdirib olishadi-da, keyin poruchenie yozdirib olishadi. Masalan, menga Xonoboddan umuman uy kerak emas. Hozir eslasam, o‘sha tomonlarga bormaganimga 20 yil bo‘libdi. Men uyni nima qilaman u yrrda? Shunaqa desak, hali bu joylar zo‘r bo‘lib ketadi, mingta uy qurilyapti, kerak bo‘lmasa bir-ikki yildan keyin 10 ming dollarga sotasan, deyishyapti. Majbur poruchenie yozib berdim. Kam ta’minlangan oilalarga davlat o‘zi pul ajrtagan, o‘zi qurib berishi kerak. Bilmadim, qurilishga pullari yo‘qmi yoki yeb yuborishganmi, kambag‘allarga shuncha uy qurib berdik degan yolg‘on hisobot uchun fermerlar va tadbirkorlar puliga qurdirishyapti”.

Andijon tuman Mahalla jamg‘armasi raisi Baxtiyor Rejapov Ozodlik savoliga javob berishdan bosh tortdi va telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Andijon viloyat fermerlar kengashining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri, bunday topshiriq viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan berilganini aytdi:

“Bu bitta Andijon tumanida emas, boshqa tumanlarda ham bo‘lyapti. Viloyat hokimining o‘zi har bitta tumandan bug‘doydan daromadi yaxshi bo‘lgan 50-60 ta fermerga Xonoboddagi kam ta’minlangan oilalarga quriladigan uylarga pul o‘tkazishni buyurdi. Bu gap majlisda aytilgan. O‘zim eshitganman. Nafaqat fermerlar, balki tadbirkorlar ham majburlanyapti bunga. Bu yil bug‘doy yaxshi bo‘ldi, fermerlar ancha daromad ko‘rdi. Hokim bu pullardan foydalanish yo‘lini topdi. Bu uylar bitganidan keyin fermerga tegadimi-yo‘qmi, buni hech kim bilmaydi. Chunki, Xidirsha mavzeidagi kam ta’minlangan oilalarga qurilgan uylar uchun pul to‘lagan tadbirkorlar, keyin o‘z ixtiyorlari bilan “kechib”yuborishganini hamma biladi”.

Ozodlik Andijon viloyat hokimligiga qo‘ng‘iroq qilib, bu masalaga munosabat olishga harakat qildi. Lekin biz bog‘langan ikki mulozim ham savolni eshitiboq aloqani uzib qo‘ydi.

Bundan avval, Andijon tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar g‘alla rejasini bajargan bo‘lsa-da, tuman hokimi “uning o‘zi uchun 2-3 tonnadan” bug‘doyni alohida omborga to‘kdirgani haqida shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG