Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:54

Qanotlari singan MH17 "qushi": Urib tushirganidan dastlab maqtanganlarning yolg‘onlari xronikasi


Mahalliy turg‘un MH17 uchog‘i qulab tushgan joyda uning siniq parchalari oldida, 2014 yil 19 iyul
Mahalliy turg‘un MH17 uchog‘i qulab tushgan joyda uning siniq parchalari oldida, 2014 yil 19 iyul

Rossiya axborot vositalari Ukraina sharqidagi qishloq joyda Malaysia Airlines aviakompaniyasining MH17-reysni amalga oshirayotgan uchog‘i urib tushirilgani haqida xabar bera boshlaganida, uning parchalari hamon tutar, 298 kishining jasad qoldiqlari bir necha chaqirimlik g‘alla va makkajo‘xori maydonlarida sochilib yotar edi.

− Donetskdagi isyonchilarning yangi g‘alabasi: Torez shahri yaqinida Ukrainaning yana bir uchog‘i urib tushirildi, − deb e’lon qildi Kremlga sodiq LifeNews teletarmog‘i diktori Donbass mintaqasida Rossiyaga orqa qilib, Kiev qo‘shinlari bilan urishayotgan ayirmachilarni nazarda tutib.

Uchoq urib tushirilgani to‘g‘risidagi e’lon tarmoqning 2014 yil 17 iyuldagi kechki xabarlar turkumining asosiysi bo‘ldi, chunki diktor ayol o‘shanda ayirmachilarning taxminiy g‘alabasi tafsilotlarini ochiqlagan edi.

− Isyonchilar Ukraina harbiy-havo kuchlarining yana bir yuk tashuvchi uchog‘ini urib tushirganini aytmoqda, − dedi u. – Bu o‘zini Donetsk Respublikasi deb e’lon qilgan viloyatning Torez shahri ustida ro‘y berdi. Voqea Moskva vaqti bilan 17:00 da sodir bo‘ldi. Ukrainaning AN-26 uchog‘i raketa bilan urib tushirildi, portlash ovozi eshitildi va uchoq qulab tusha boshladi.

LifeNews tarmog‘ining bir havaskor tasvirga olgan videosida fyuzelyajidan ko‘kka qora tutun o‘rlayotgan samolyot Ukraina armiyasiga aloqasi bo‘lmagan MH17 uchog‘i edi.

Ushbu videoxabarlar, ijtimoiy tarmoq postlari va guvohlarning ko‘rgazmalari bilan birga isbotlar quramasi edi. Ularda hali ushbu fojia miqyosi aniq bo‘lmay turib, bir narsa – Rossiyaga orqa qiluvchi ayirmachilar dastlab dushman uchog‘ini urib tushirganiga ishongani va hatto bu bilan maqtangani aks etgan.

Xalqaro jinoyat tergovi guruhi o‘shandan beri MH17 uchog‘i Rossiyaning 53-zenit-raketa brigadasiga qarashli “yer-havo” tasnifidagi “BUK” raketasi bilan urib tushirilgan va Rossiyaga orqa qiluvchi ayirmachilar nazoratidagi hududdan uchirilgan, degan xulosaga keldi. O‘tgan oyda niderland prokurorlari jinoyatda qo‘li borligi gumon qilingan uch nafar Rossiya va bir nafar Ukraina vatandoshiga ayblovlar e’lon qildi.

Niderlandiyalik prokurorlar inkor qilib bo‘lmaydigan isbotlar taqdim etganiga qaramay, Rossiya ham, ayirmachilar yetakchilari ham MH17 uchog‘ini urib tushirganini inkor qilib keladi

“Qulab tushgan qush”

Eng mashhur isbot Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi ayirmachilarni yoqlovchi forumda paydo bo‘ldi. Unda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) sobiq zobiti Igor Girkinning (laqabi Strelkov) xabarlari tez-tez ko‘chirib bosilar edi. U MH17 uchog‘i urib tushirilgan paytda ayirmachilar komandiri bo‘lgan.

2014 yil 17 iyulbsoat 17:50 da – aviadispetcherlar MH17 bilan aloqani yo‘qotganidan so‘ng oradan 30 daqiqa o‘tib – “VKontakte”da “qarshilik ko‘rsatuvchilardan xabar” degan nom bilan post e’lon qilindi.

Unda, “Torez yaqinida biz hozirgina AN-24 – “Antonov” harbiy-transport uchog‘ini urib tushirdik. Biz ularni, osmonimizda uchmanglar, deb ogohlantirgan edik”, deyiladi. Yana aytilishicha, “qush qulab tushishi” oqibatida tinch aholi zarar ko‘rmagan.

Rossiya dastaklovchi separatist samolyot qulagan joyda topilgan bolalar o‘yinchog‘i bilan¸ 2014 yil 18 iyul
Rossiya dastaklovchi separatist samolyot qulagan joyda topilgan bolalar o‘yinchog‘i bilan¸ 2014 yil 18 iyul

​Postga ikkita video ham tirkalgan bo‘lib, unda MH17 uchog‘i bo‘laklaridan qora tutun havoga o‘rlayotgani aks etgan. Ayni chog‘da olib tashlangan postning arxivlangan versiyalarida o‘sha roliklardan biri LifeNews efirga uzatgan video ekanini ko‘rish mumkin.

Ushbu post – balki xato tarzda – Strelkovga tegishli ekanini aytiladi. Bellingcat tergov guruhi tergovchisi Arik Toler qayd etishicha, o‘sha postni ayirmachi komandirning “muxlislari” e’lon qilgan.

Urib tushirilgan uchoq oddiy yo‘lovchi tashuvchi havo kemasi ekani ma’lum bo‘lgach, post o‘chirib tashlandi. O‘rniga boshqa xabar qo‘yilib, u go‘yo “tinch aholi va ichyonchilar muloqot qiladigan” forumdan ko‘chirib bosilgani, Strelkov uning haqiqiy ekanini “tasdiqlamasligi” aytildi.

Dastlabki postga kiritilgan yana bir videoni hozir ham Youtube kanalida ko‘rsa bo‘ladi. Unda kameraga tushishni istamagan guvohlar uchoq qanday “urib tushirilgani”ni muhokama qiladi. Bir kishi, “ular bu narsani bu yerga bir sabab bilan olib kelgan edi”, deydi, ammo u nimani nazarda turgani noaniq qoladi.

Niderland prokurorlari MH17 uchog‘i Rossiyadan olib kelingan “BUK” raketa tizimi bilan urib tushirilgan va ko‘plab kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan fojiadan so‘ng chegaradan orqaga olib o‘tilgan, degan xulosaga keldi.

Suratkash

MH17 uchog‘i urib tushirilganidan so‘ng oradan ikki yil o‘tib, fransuz suratkashi Jerom Sassini bir turkum suratlar olish uchun voqea sodir bo‘lgan joyga qanday borganini gapirib bergan edi. O‘sha suratlari uchun u World Press Photo mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Aytishicha, u fojia sodir bo‘lgan kuni Rossiyaga orqa qiluvchi ayirmachilar bilan gaplashgan.

Ukrainalik qutqaruvchilar halok bo‘lgan yo‘lovchi jasadini bug‘doy dalasi ichidan olib chiqishmoqda¸ 2014 yil 19 iyul
Ukrainalik qutqaruvchilar halok bo‘lgan yo‘lovchi jasadini bug‘doy dalasi ichidan olib chiqishmoqda¸ 2014 yil 19 iyul

“U dastlab, “Biz Ukraina harbiy uchog‘ini urib tushirdik”, deb aytdi va bu menga o‘sha voqeani yoritish uchun bizga ma’lumot berayotganday tuyuldi”, deya xotirlaydi Sessini.

Sessini oradan 15 daqiqa o‘tib, hamkasb jurnalist o‘ziga uchoq urib tushirilgan joyga ketayotgani haqida qo‘ng‘iroq qilganini, u Malayziyaning oddiy yo‘lovchi tashuvchi uchog‘i ekanini, bortida 200 kishi bo‘lganini aytganini esladi.

Donetsklik ayirmachilarning matbuot xizmati dastlab Tvitterda uchoq “taxminlarga ko‘ra, Ukraina harbiy-havo kuchlarining AN-24 uchog‘i bo‘lgani”ni xabar qildi. O‘sha uchoq qulab tushdi, deb taxmin qilingan joyda keyinchalik MH17 falokatga uchragani ma’lum bo‘ldi.

Tvitter xabarida qulash sababi aytilmadi. MH17 uchog‘i qulagani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgach, matbuot xizmati Tvitterda uchoq halokatida “ chet ellik kattalar”ni ayblab chiqdi.

“Agar u chindan ham oddiy yo‘lovchi tashuvchi uchoq bo‘lsa, uni biz urib tushirmadik”

LifeNews xabarlariga qo‘shimcha ravishda Rossiyaning davlatga qarashli RIA Novosti, TASS axborot agentliklari ham dastlab ayirmachilar MH17 uchog‘i qulagan joyda Ukrainaning AN-26 uchog‘ini urib tushirgani haqida xabar tarqatgan, hatto uchoq raketa bilan urib tushirilgani haqida guvohlarning gaplaridan ham iqtiboslar keltirgan edi. LifeNews ham shunday yo‘l tutdi.

Ammo o‘sha ukrain uchog‘i urib tushirilgani taxmin qilinayotgan joyda MH17 halokatga uchragani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, RIA Novostining o‘sha dastlabki xabariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar tobora chalkash tus ola boshladi. Oqibatda bir joyda ham ukrain, ham Malayziya uchog‘i urib tushirilganday taassurot hosil bo‘ldi. Ammo MH17 qulab tushgan joyda ikkinchi uchoqning halokati to‘g‘risida hech qanday isbot topilmadi.

Samolyot urib tushirilganidan ozgina o‘tib¸ Amsterdamdagi Sxipxol aeroporti yoniga kelgan odamlar qurbonlar xotirasi uchun gul qo‘ymoqda. Halok bo‘lgan 298 yo‘lovchidan 200ga yaqini Niderlandiya fuqarosi edi.
Samolyot urib tushirilganidan ozgina o‘tib¸ Amsterdamdagi Sxipxol aeroporti yoniga kelgan odamlar qurbonlar xotirasi uchun gul qo‘ymoqda. Halok bo‘lgan 298 yo‘lovchidan 200ga yaqini Niderlandiya fuqarosi edi.

Ayirmachilar MH17 uchog‘i urib tushirilishiga aloqasi borligini inkor eta boshlagach, rossiyalik millatchi Aleksandr Boroday RIA Novosti agentligiga, “Agar u chindan ham oddiy yo‘lovchi tashuvchi uchoq bo‘lsa, uni biz urib tushirmadik”, deb aytdi.

“Ikki uchoq” iddaosi

Avstraliya OAV fojianing bir yilligi munosabati bilan olgan va e’lon qilgan videoda ayirmachilar jangarilari uchoq siniqlarini oralab yurgani va bu oddiy uchoq ekanidan hayratlanayotgani aks etgan.

Lekin videoda o‘sha kishilar Malayziya uchog‘ini Ukraina harbiy-havo kuchlarining “Suxoy” qiruvchi uchog‘i urib tushirgan, degan taxminni aytdi.

Videoning bir qismini ayirmachilar MH17 urib tushirilganidan ko‘p o‘tmay Bi-Bi-Siga bergan. Ammo niderland prokurorlari MH17 ni boshqa uchoq urib tushirganini butunlay istisno qildi.

МН17 рейсини россияпараст айирмачилар уриб туширганига ишора қилувчи видео пайдо бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:38 0:00

“Ukraina tarafidan”

Rossiyaning “Novaya gazeta”si o‘zida mavjud ma’lumotlarga asoslanib xabar qilishicha, ayirmachilar komandirlari MH17 urib tushirilgandan so‘ng tez orada jurnalistlar bilan bog‘lanib, Ukraina uchog‘ini urib tushirdik, deb maqtangan.

Ammo Rossiya xavfsizlik xizmatlariga yaqinligi bilan nom qozongan LifeNews telekanali zudlik bilan reportajini o‘zgartirdi, diktori Ukrainaning urib tushirilgani taxmin qilinayotgan AN-26 uchog‘ini tilga ham olmadi.

Endi u oddiy uchoq bo‘lganini va buni o‘sha hududdagi sochilib yotgan Malayziya va Nidlerlandiya vatandoshlari pasportlaridan bilib olsa bo‘ladi, deyishga o‘tib oldi.

Muxbir “isyonchilar bergan dastlabki ma’lumotlarga qaraganda”, uchoq “Ukraina tarafidan” raketa bilan urib tushirilgan, dedi.

Yana u “barcha dastlabki ma’lumotlar tekshirilishi kerakligi”ni, uchoq Ukrainaning havodan mudofaa tizimiga qarashli “BUK” raketasi bilan urib tushirilgani”ni iddao qildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG