Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:23

Yakkabog‘lik tadbirkor do‘konini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib yubordi (VIDEO)


Yakkabog‘ tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymaev.
Yakkabog‘ tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymaev.

Qashqadaryo viloyat Yakkabog‘ tumanidagi tadbirkor kreditga qurilgan ikki qavatli yangi do‘koni va sexini buzishga kelgan tuman hokimi o‘rinbosarining ustiga benzin sepib¸ yoqib yubordi.

Voqea 20 iyul kuni mahalliy vaqt bilan kechki soat beshlarda yuzlab guvoh ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi.

Yakkabog‘ tuman hokimligi¸ ichki ishlar va prokuraturasi xodimlari 20 iyul kuni Yakkabog‘ posyolkasida shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi.

Ichki ishlar tizimining yigirmaga yaqin xodimi hamrohligida kelgan Yakkabog‘ hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymaev¸ buldozerchi buyrug‘ini bajarmaganidan so‘ng, o‘zi buldozerga chiqib, uni ishlab turgan do‘kon ustiga haydagan.

Do‘konini kompensatsiya bermasdan buzmaslikni so‘ragan tadbirkor¸ gapi inobatga olinmagach¸ Tuymaevning ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgan. Yona boshlagan hokim o‘rinbosarini atrofdagilar tepib-tepkilab o‘chirgan¸ u darrov kasalxonaga olib ketilgan.

Hokimiyat bedodligiga shu tarzda norozilik bildirgan tadbirkor¸ uning o‘g‘li va xotini esa¸ darhol IIBga olib ketilgan.

Guvohlar hikoyasi

Yakkabog‘ tumanining "Obod mahalla" dasturi loyihasida buzilishga tushgan Yakkabog‘ posëlkasida 20 iyul kuni ro‘y bergan voqea haqida bir-biridan mustaqil o‘nga yaqin yakkabog‘lik Ozodlikka xabar¸ surat va video yo‘lladi.

Mansur Tuymaevning odamlarni uyidan chiqarish uchun kunning istagan paytida kelib¸ bosim qilgani aytiladi.
Mansur Tuymaevning odamlarni uyidan chiqarish uchun kunning istagan paytida kelib¸ bosim qilgani aytiladi.

Hokim muovini Mansur Tuymaev Yakkabog‘ posyolka qishlog‘ida ham o‘z hunarini ko‘rsatdi. Bir magazin egasi¸ bankdan katta krediti borligi uchun¸ do‘konimni pulini bermay buzmaysizlar¸ dedi. Bunga jahl qilgan Tuymaev o‘zi buldozerga o‘tirib olib¸ buzmoqchi bo‘ldi. Do‘kon egasi tush buldozerdan¸ hozir yoqib yuboraman¸ dedi. Ammo hokim muovini pisand qilmay buldozerni harakatga keltirdi. Bundan jahli chiqqan do‘kon egasi Tuymaevning ustiga benzin sepib¸ gugurtni yoqib otib yubordi. Va birdan kabina ichi olovga to‘lib¸ odamlar yonayotgan hokim muovinini o‘chirib qolishdi. Keyin shifoxonaga olib ketishdi”¸ deb yozdi Ozodlikka voqea guvohlaridan biri.

Ozodlikka bu xabarni yetkazgan yana bir voqea guvohi¸ hokim o‘rinbosari Mansur Tuymaev¸ oylardan beri Yakkabog‘ posyolkasi ahlini uyi va do‘konidan haydab¸ xalq toqatini toq qilganini aytadi.

Ko‘chalarimiz "Obod mahalla" dasturiga tushgan. Bu mahalladagi uylar va do‘konlar snosga tushgan. Bu haqda aprel oyidan beri og‘zaki ogohlantirish berilgan. Lekin qonunda ko‘zda tutilgan qoidalarni chetlab o‘tib¸ na bir kompensatsiya¸ na teng miqdorli uy-joy yoki do‘kon bermay¸ buzasanlar deb turib olishayapti. Tuymaev deganlari odamlarni jonidan to‘ydirib yubordi. Shanba kuni ekskvator olib kelib¸ ikki qavatli yangi qurilgan do‘konni buz¸ dedi. Haydovchi¸ buzmayman¸ dedi. Do‘kon ishlab turuvdi¸ ichida hamma moli turipti¸ tepasida tikuv sexida odamlar ishlayapti. Buni ko‘rib¸ do‘kon egasi Bahriddin aka “qilma bu ishni” dedi. Hokim g‘o‘dayib buldozerga chiqib¸ o‘zim buzaman¸ dedi. Bahriddin aka 2 litrli baklajkaga solingan benzinni olib chiqtida¸ buldozerda o‘tirgan hokim o‘rinbosarining ustiga sepib yubordi. Keyin gugurt chaqib¸ ustiga otuvdi¸ Tuymaev yonib ketdi. Odamlar uni buldozerdan tushirib¸ tepib-tepib o‘chirishdi¸ melisalar bo‘lsa¸ Bahriddin akaga yopishdi”¸ deydi voqeaning bevosita guvohlaridan yana biri.

Voqeaning uchinchi guvohi¸ Yakkabog‘da aholi uylari va do‘konlarining buzilishi bedodlik va korrupsiyaga aylanib ketganini aytadi.

Yakkabog‘ posyolka qishlog‘ini buzganiga 2 yil bo‘ldi. Hech nima qurgani yuq. Yangi kelib ko‘rgan odamga xuddi hamma joyiga bomba tushgan qishloqqa o‘xshab qolgan. Ikki yildan buyon do‘konlarni buzish ishlari ketayapti¸ lekin o‘rniga hech narsa qurilgani yuq. Odamlarni sarson qilib tirikchilik qilib turgan do‘konlaridan ayirib¸ buzib tashlashayapti. Maqsad obod qilish emas¸ odamlar yashab-ishlab turgan yerlarni qaytadan kimlargadir sotish. Hokim, bozorqo‘m, qurilish muovini, arxitektura bo‘limi - bular hammasi xalqni ezib, do‘konlarini buzib¸ katta pul qilayapti”.

Ozodlikka yuborilgan videolarda hokim o‘rinbosari Mansur Tuymaevning aynan Yakkabog‘ posyolkasida yashovchilar bilan bu voqea arafasidagi tortishuvlari aks etgan.

Ëқиб юборилган ҳокимият вакили ва халқ ўртасидаги зиддият
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:42 0:00

Unda do‘kon va uyi buzilishi buyurilganlarning Tuymaevni korrupsiyada ayblashi¸ bunday qonunsizliklar xalqni ko‘tarilishga majbur qilishi aytiladi.

Yakkabog‘liklar¸ hokim o‘rinbosarining yonayotgani aks etgan video ham borligi¸ ammo tuman va viloyat IIB xodimlari¸ guvohlarni bu videoni chiqarish oqibatidan qo‘rqitgani bois¸ ularni yuborishga hozircha jur’at qilmasliklarini bildirdi.

Tadbirkor qamoqda

Yakkabog‘ tuman hokimligi¸ ichki ishlar va prokuraturasi xodimlari 20 iyul kuni Yakkabog‘ posyolkasida shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi.

Bu ishni tuman prokuraturasi ko‘rayapti. O‘t qo‘ygan tadbirkor Qarshiga olib ketilgan¸ hozir qaerda saqlanayotganidan xabarim yo‘q. Bizning IIBda remont bo‘layapti¸ bu yerda hozir hech kim yo‘q”¸ dedi tuman IIBsi xizmatchisi.

Tuman prokuraturasi vakili bu voqea yuzasidan jinoyat ish ochilgani va hozirda tergov bo‘layotganini tasdiqladi¸ tafsilotlarini ishni olib borayotgan tergovchidan so‘rashni tavsiya qildi. Kun davomida bu tergovchi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Yakkabog‘ tuman hokimligi rasmiysi ham Tuymaevning kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi. Ozodlikning bu voqea¸ xususan¸ xalqni bu qadar “jonidan to‘ydirib yuborgan buzilishlar” haqidagi savoliga Yakkabog‘ tuman hokimi Shomurod Donaev¸ “mehmonlari borligi sabab” javob bera olmasligini bildirdi.

Ichki ishlar tizimiga yaqin mahalliy mulozim Mansur Tuymaevning kasalxonada olingan suratlarini yubordi.

Mansur Tuymaevning kasalxonada olingan suratlaridan unga jiddiy shikast yetmagani ko‘riladi.
Mansur Tuymaevning kasalxonada olingan suratlaridan unga jiddiy shikast yetmagani ko‘riladi.

Ulardan ustiga benzib sepib yoqib yuborilgan hokim o‘rinbosariga jiddiy shikast yetmagani ko‘riladi.

Oddiy yakkabog‘liklar¸ tadbirkorga beriladigan jazoning keskinroq bo‘lishini ta’minlash uchun¸ hokim o‘rinbosari jarohatini amaldagidan ko‘ra bo‘rttirishini taxmin qilmoqda.

Tadbirkorga nima bo‘ldi?

Voqeaning keyingi tafsilotlaridan xabardor yakkabog‘lik mulozimning aytishicha¸ hokim o‘rinbosariga o‘t qo‘ygan tadbirkor¸ uning o‘g‘li va xotini darrov hibsga olingan.

Bahriddin akaning o‘g‘liniyam¸ xotininiyam olib ketishdi.Telefonlariniyam olib qo‘yishgan. Hamma qo‘rqib yotibdi - aralashsak bizni ham qamab qo‘yadi¸ deb. Yakkabog‘ni hozir kelib ko‘radigan bo‘lsangiz¸ butun Qashkadaryo militsiyasi shu yerda”¸ deydi hokim muoviniga o‘t qo‘ygan tadbirkor mahalladoshlaridan biri.

Bir kun oldin shu janjal bo‘lmasin¸ deb Bahriddin aka ayollarini hokimning oldiga yuborgandi. Lekin hokimdan ijobiy natija bo‘lmagandan so‘ng shu ishni qilibdi. Xotini va bolalarini qo‘yib yuborishibdi. O‘zini Qarshiga opketgan¸ deyishayapti. O‘ziniyam¸ o‘g‘liniyam tonggacha urishipti”¸ dedi voqea tafsilotidan yaxshi xabardor yakkabog‘liklardan biri.

Ozodlik hozircha tadbirkor yaqinlari bilan bevosita bog‘lanib¸ tafsilotlarni ularning o‘zidan o‘rganishga muvaffaq bo‘la olmadi.

Yakkabog‘ni melisa bosdi

Ozodlik bilan 22 iyul kuni gaplashgan yakkabog‘liklar bir-biridan mustaqil holda¸ tumanda ichki ishlar xodimlari keskin ko‘payib ketganini aytdilar.

Ularning aytishicha¸ 20 iyul kungi voqeadan so‘ng¸ buzilishga tushgan uy va do‘konlarni hozirda militsiya xodimlarining o‘zlari buzmoqda.

Ayni paytda¸ voqeani taftish qilish uchun maxsus komissiya kelgan.

Tekshir-tekshir bo‘lib yotibdi. Bechora tadbirkor xam do‘konidan ayrildi, xam erkinligidan, ham bola-chaqasidan... Ammo tekshiruvga kelgan ichki ishlar yotib olib qo‘yni so‘ydirib ziyofat qilayapti. Ularga shunaqa jinoyat ishi bo‘lsa bo‘ldi. Jinoyat sodir bo‘lgan joy o‘ziyam dam oladigan maskan, Ichki ishlarning kelmaganiyam qiziqib keladi¸ boraylikchi bir dam olib kelamiz deb”¸ deydi 22 iyul kuni Ozodlik gaplashgan yakkabog‘liklardan biri.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Ozodlikning 20 iyul kungi voqea¸ bu yuzadan borayotgan tergov jarayoniga oid savolini javobsiz qoldirdi.

"Mirziyoev davridagi buzilishlar - gumanitar bo‘hronga aylandi"

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng butun O‘zbekistonning ulkan buzilish maydoniga aylangani ko‘riladi.

"Obod qishloq"¸ "Obod mahalla"¸ turli xil City qurish iddaolari bilan butun mamlakat bo‘ylab shahar va tuman markazlarida minglab aholining uy-joyi va tadbirkorlik ob’ektlari buzilmoqda. Shahar va tuman markazlaridagi eng qimmat yerlarning¸ obodonlashtirish iddaosi bilan ular egalaridan ma’muriy bosim va zo‘ravonlik bilan tortib olinishi¸ yerga xususiy mulkchilik joriy etilishi muhokama qilinayotgan bir kezda bormoqda.

Aksar hollarda aholi va tadbirkorlar¸ qonunda ko‘zda tutilgan normalarga zid ravishda¸ buzilayotgan mulkiga teng miqdordagi kompensatsiya to‘lanmay¸ ko‘chaga haydalmoqda.

Human Rights Watch xalqaro inson haqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov Ozodlik bilan suhbatda aynan shu qurilishlar¸ yangi hukumat davrida inson haqlarining eng qo‘pol va ommaviy tarzda buzilishiga sabab bo‘layotganini aytgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi faol o‘zbekistonliklarning "Biz buzilishlarga qarshimiz"¸ deb nomlangan guruhi bu jarayonni O‘zbekistonda yo‘q joydan maxsus yaratilgan "gumanitar katastrofa" deb atadi.

"Bu bir qarashda juda keskin va g‘alati eshitilishi mumkin¸ ammo vaziyat shunday. Dunyo bo‘ylab gumanitar katastrofa deganda¸ odamlarning zilzila¸ sunami¸ suv toshqini yoki dushman bombardirovkasi oqibatida o‘z uyi va shakllangan hayot tarzidan ajrashi tushuniladi. O‘zbekistonda esa odamlar prezidentning safari¸ yoki uning qandaydir og‘zaki buyrug‘i va bayonotlari¸ mahalliy hokimlarning mavhum qarorlari oqibatida uyidan ajramoqda. Menimcha¸ ayni kunlarda o‘zbekistonliklar boshidan o‘tkazayotgan stress¸ insonga bo‘ysunmaydigan tashqi omillar yoki tashqi dushman harakati oqibatida uyidan ajaraganlar stressidan ko‘ra kuchliroqdir. Bizning vaziyatimizda dushman omili - ichki faktor. Bular o‘z amali va qonun bo‘yicha haqlarimizni himoya qilishi lozim bo‘lgan odamlardir. Bunday voqelikni qabul qilish esa¸ juda og‘ir. Albatta¸ agar odamlar o‘limi bilan hisoblansa¸ go‘yoki bizda buzilishlar oqibatida odamlar o‘lmayapti¸ demakki katastrofa haqida gapirish o‘rinsiz. Ammo hayoti uzluksiz stressga aylangan va asab tolalari tarang odamlar hayoti bilan o‘lchansa¸ bu¸ shubhasiz¸ katastrofadir"¸ deyiladi Facebookdagi "Biz buzilishlarga qarshimiz" guruhida qoldirilgan postda.

22 iyul kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi bu buzilishlar davrida aholiga berilishi shart bo‘lgan tovon pullarini to‘lashda ulkan qarzdorlik mavjudligini e’tirof etdi.

Jami qarzdorlikni 600 milliard so‘m¸ deb keltirgan vazirlik bayonotida¸ aholiga berilmagan pullarning teng yarmi - 300 milliard so‘mi aynan Toshkent shahri va viloyati¸ Farg‘ona¸ Namangan va Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG