Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2019, Тошкент вақти: 10:21

Faollar Gulnora Karimovaning pora oluvchidan pora beruvchiga aylanishini to‘xtatish talabi bilan chiqdi


Gulnora Karimova¸ Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra¸ joriy yil 5 martidan yana Zangiotadagi ayollar qamoqxonasiga qaytarilgan.

Bir guruh o‘zbekistonlik fuqarolik jamiyati faollari Shveysariya¸ Fransiya¸ AQSh¸ Gibraltar va O‘zbekiston Adliya vazirliklari¸ prokuratura va hukumatlariga murojaat bilan chiqdi.

O‘z so‘rovida o‘ndan oshiq faol Toshkent va xorij hukumatlaridan Gulnora Karimova va uning “noqonuniy aktivlari taqdiri”ni ochiq va adolatli sudlov orqali hal qilishni so‘radi.

2018 yil avgustida Shveysariya hukumatiga Gulnora Karimovaning muzlatilgan pullarini O‘zbekistonga qaytarish shart-sharoitlari haqida o‘z tavsiyasini bergan o‘zbekistonlik faollar¸ keyingi bir yil ichida Karimova va uning pullari masalasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilganini aytadi.

Murojaatda yozilishicha¸ bu jarayondagi eng tashvishli jihatlardan biri Gulnora Karimova manfaatini himoya qilayotgan tomon va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi maxfiy savdolashuvdir.

Karimovaning birda Zangiota qamoqxonasi¸ undan uy qamog‘i¸ so‘ngra yana Zangiota qamoqxonasiga qaytarilishi¸ maktub mualliflari tomonidan¸ Karimovaning pul evaziga o‘z ozodligini sotib olish jarayonidagi tebranishlar sifatida talqin etilgan.

«Hozir Shveysariyada muzlatilgan aktivlar atrofida yangi bosqich savdolashuv bormoqda. Karimova pullarini O‘zbekistonga qaytarish sharti sifatida uning tomoni Karimovaning ozod etilishi va risoladagiday davolanishi uchun xorijga chiqishiga ruxsat berilishi¸ ozodlikka chiqqanidan so‘ng qiynalmay yashashi va o‘z himoyachilariga yaxshigina haq to‘lashi uchun bu aktivlarning bir qismni qoldirilishini talab qilmoqda.

Bu savdolashuv o‘xshasa va Gulnora Karimova hatto uy qamog‘iga chiqarilsa¸ buni O‘zbekiston hukumatiga nihoyatda katta miqdorda pora to‘lash sifatida baholash kerak. Bu vaziyatda Gulnora Karimova o‘z rolini o‘zgartirib¸ pora oluvchidan pora beruvchiga aylanadi. Voqealarning bunday rivoji esa¸ xalqaro norma va standartlarga mos odil sudlovga to‘g‘ri kelmaydi va korrupsiya qurbonlari – O‘zbekiston xalqi manfaatlariga xizmat qilmaydi”¸ deyiladi ingliz¸ fransuz va rus tillarida yozilgan murojaatnomada.

Shveysariya va Fransiya hukumatlarining Gulnora Karimovaga qarashli pul va boshqa boyliklarni imkon qadar tezroq Toshkent hukumatiga qaytarish istagini tanqid qilgan o‘zbekistonlik faollar¸ ularni mazkur harakatning o‘z obro‘siga ziyon yetkazishidan ogohlantiradi.

Murojaatda¸ Karimovaning Shveysariya banklaridagi muzlatilgan pullari¸ Fransiyadagi ko‘chmas mulk va boshqa boyliklarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tavsiyalar ham berilgan.

Ular orasida¸ Gulnora Karimova ustidan qaytadan ochiq va adolatli sud o‘tkazish¸ Karimovaning qamoqxona sharoitidagi shikoyatlari ortidan nafaqat uning¸ balki boshqa mahbuslar sharoitini ham yaxshilash¸ Karimova aktivlarini qaytarishda O‘zbekiston hukumatining korrupsiyaga qarshi kurashi va inson haqlariga ko‘rsatayotgan hurmatini e’tiborga olish kabi talab va tavsiyalar bor.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Karimova ishi bo‘yicha bergan so‘nggi rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ 2019 yil 5 martdan uy qamog‘idan Zangiota tumanidagi 21-sonli umumiy tartibdagi koloniyaga o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yil e’lon qilgan bayonotda aytilishicha¸ Gulnora Karimovaga Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik), 178 (Chet el valyutasini yashirish), 182 (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish), 189 (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 228 (Davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) va 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan ayblov e’lon qilingan.

Gulnora Karimova O‘zbekistondan tashqari yana o‘nga yaqin davlatda korrupsiya va pul yuvish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari figurantidir.

AQSh Adliya vazirligi qoshidagi prokuratura idorasining Nyu York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019 yilning 7 mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qildi.

Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanmoqda. Bu korrupsion sxema markazida esa¸ Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant shirkati turibdi.

Yevropa telekom shirkatlari AQSh Adliya vazirligi bilan sudgacha erishilgan kelishuvda¸ Gulnora Karimovaga bir milliard dollarga yaqin pora berganiga iqror bo‘lgan.

AQSh Adliya vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha¸ Karimova AQShning Foreign Corrupt Practices Act (“FCPA”) – Xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurash haqidagi qonuniga ko‘ra¸ hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.

Karimovaning Londonda yashayotgan qizi Imon Karimova va shveysariyalik advokati Greguar Manja uning Zangiota qamoqxonasida og‘ir ahvolda qolayotgani haqida tez-tez bayonot berib kelmoqda.

1iyul kuni o‘z Instagram sahifasida Imon Karimova¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi onasi bilan olib borilgan maxfiy so‘zlashuvlarda berilgan va’dasini bajarmagani ortidan¸ Shveysariyada muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarish borasidagi hamkorlik to‘xtatilganini e’lon qilgan edi.

Iyun oyida Gulnora Karimova qizi orqali e’lon qilgan maktubida¸ bunday hamkorlik oqibatida 133 million dollarning qaytarilishiga rozilik berganini aytgan edi.

Karimova tomonidan hamkorlik to‘xtatilgani e’lon qilinishi ortidan¸ joriy oy Toshkentga borgan shveysariyalik advokati mijozi bilan uchrashishiga ruxsat berilmaganini bildirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG