Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 16:54

Tahlil: Moskvadagi norozilik namoyishlariga rasmiy javob burilish nuqtasi bo‘ladimi?


Moskva ko‘chalaridan olingan suratlar juda tanish.

Dubulg‘a, qora-ko‘k kamuflyaj, tizzadan tepagacha etik – botfort kiyib olgan politsiya maxsus qo‘shinlari namoyishchilarini rezina tayoq bilan uradi, boshqalarni qo‘l-oyog‘idan ko‘tarib olib borib, politsiya mashinalariga tiqadi. Aksariyati shortik, futbolka, krossovka, ba’zilari esa beysbol kepkasi kiyib olgan va tadbirni smartfoniga yozib olayotgan namoyishchilar urinib-turtinib, mazaxomuz so‘zlar bilan shiorlar aytib baqiradi.

Biroq 27 iyul kungi vaziyat boshqacha bo‘ldi hamda maqsad nima, nega hozir va endi nima bo‘ladi, qabilidagi savollar tug‘ildi.

Rossiya poytaxtidagi norozilik namoyishi vaqtida 1400 ga yaqin kishi hibsga olindi. Namoyish chog‘ida Moskva shahri meriyasi oldi olomonga to‘lib ketdi.

Norozilik namoyishiga liberal siyosat faollarining 8 sentabr kuni Moskva shahar kengashiga bo‘lib o‘tadigan saylovga nomzod ko‘rsatishi bilan bog‘liq muammolar turtki berdi. Namoyish vaqtida “Putinsiz Rossiya!” va “Rossiya ozod bo‘ladi!” singari shiorlar yangradi.

Bir necha hafta oldin saylovga mas’ul idoralar har xil bahonalarni ro‘kach qilib, mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olmagan edi.

Muxolifatning Aleksey Navalniy, Leonid Volkov, Lyubov Sobol va Ilya Yashin singari faollari bunga norozilik sifatida shahar meriyasi yonida ruxsat etilmagan miting o‘tkazish da’vati bilan chiqdi. Moskva shahri hokimiyati, avvalo, mer shahar aholisiga eldan burun bunday qilmaslikni uqtira boshladi.

Boshlarda kaltak ham sindi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu 2011-12 yillardagi norozilik to‘lqinidan keyingi eng yomon siyosiy zo‘ravonlik bo‘ldi. O‘shanda saylov natijalari soxtalashtirilgani va Vladimir Putinning bosh vazirlikdan yana prezidentlikka qaytishidan g‘azablanib, o‘n minglab odam ko‘chalarga chiqqan edi.

Hayratomuz shafqatsizlik

Kreml faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan tahlilchilar fikricha¸ hafta oxirida huquq-tartibot xodimlarining namoyishchilarga ko‘rsatgan shavqatsizligining ajablanadigan joyi yo‘q.

Putin va uning ititfoqchilari bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Liliya Shevsova fikricha, namoyishchilarga qarshi javob chorasi Kreml uchun cheklov qay darajada mavjudligini ko‘rsatadi.

‒ Kremldagilar Gorbachyov davrini yaxshi eslaydi: ularga derazasini sal ochsang, eshikni katta ochib oladi... va shu tariqa hammasi boshlanadi, ‒ deb yozdi u Moskvadagi “Exo Moskvi” radiostansiyasi vebsaytidagi izohida. ‒ Yo‘q, hukumat bunga ruxsat bera olmaydi. Bosim hukumatning istagiga ham qaramay, davom etaveradi. Bunaqa to‘plar garajdan olib chiqilgach, ular o‘z harakat mantig‘iga ega bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, dam olish kuni bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishiga, rasmiylar yoki muxolifat iddaosiga qarab, 3500 dan 20 000 minggacha kishi chiqqan. Bir hafta oldin poytaxtda bo‘lib o‘tgan shunaqa namoyishga 22 000 dan oshiq odam chiqqani xabar qilingan edi.

Ekspertlar fikricha, hokimiyat idoralarining namoyishni shafqatsizlik bilan tarqatib yuborishga urinishi unga bunchalik ko‘p odam chiqishi mumkinligini kutmaganidir.

Ayni paytda gap Vladimir Putinning 20 yilga yaqin hokimiyatni egallab turgani va 2024 yili uning prezidentlik vakolati tugagandan so‘ng nima bo‘lishi haqida ketmoqda.

Bundan keyin nima bo‘ladi?

Besh yildan so‘ng Putinning hokimiyatda qolish-qolmasligi, mabodo qolmasa, uning o‘rnini kim egallashi aniq emas.

2018 yil martida OAV to‘liq Kreml nazoratidaligi va saylov jarayoni to‘liq boshqarib turilgani sababli Putin ishonchli g‘alabaga erishgan edi. Ammo uning obro‘si maoshlar turg‘unligi, pensiya yoshining oshirilishi, “”Yedinaya Rossiya” partiyasiga nafrat va ichki siyosatdan norozilik sabab tusha boshladi.

Qizig‘i shundaki, Navalniy va boshqa siyosiy tashkilotlar aytmoqchi bo‘layotgan gapini¸ telekanallar o‘zi uchun yopiqligiga qaramay, ommaga yetkazishning uddasidan chiqmoqda.

“R.Politik” konsalting firmasi rahbari, tahlilchi Tatyana Stanovaya fikricha, politsiyanning namoyishchilarga nisbatan qattiqqo‘lligi Kreml muxolif tashkilotlarga nisbatan qanday siyosat yuritishni bilmay qolgani alomatidir.

“Masalaning oson yechimi yo‘q”

Stanovayaga ko‘ra, hukumatning shoshib qolayotgani joriy bo‘hrondan chiqish yechimi oson emasligini ko‘rsatadi. Uning fikricha, Rossiya jiddiy noaniqlik davriga kirdi.

Muxolif tashkilotlar hafta ichida yana bir norozilik namoyishini o‘tkazish uchun ko‘mak axtarayotgan bo‘lsa, hokimiyat idoralari ayrim hibsga olinganlarni mayda va ma’muriy qonunbuzarliklar uchun sudga tortish bilan ovora.

Navalniy 30 kunga kesilgani sababli yaqin haftalarda namoyishlarda qatnasha olmaydi. Yashin shahar kengashi deputatligiga nomzod bo‘la olmagach, 10 kunga qamaldi, boshqa taniqli muxolifat vakillari ham hafta oxirigacha qamoqdan chiqmaydi.

Ekspertlar taxminicha, muxolifat vakillari namoyishdan oldingi, uning vaqtidagi yoki keyingi hibsga olishlardan cho‘chimaydi.

Muxolifat 50 000 kishini ko‘chaga olib chiqsa, og‘ir vaziyat vujudga kelishi mumkin, bunday namoyishni na maxsus qo‘shin, na milliy gvardiya qon to‘kishlarsiz tarqatib yuborishi mushkul. Hokimiyat idoralari bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ish qiladi, odamlarni qo‘rqitish, hatto Navalniy bilan bo‘lgani kabi muxolifat yetakchilarini zaharlash usullarini ham ishga solishi mumkin.

XS
SM
MD
LG