Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:56

Bosh vazir ZO’R TV dagi "Sevgi iztiroblari" serialini ikkinchi marta taqiqladi


"Sevgi iztirobi" serialining ikkinchi marta to‘xtatilishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida yana  muhokama mavzusiga aylandi.
"Sevgi iztirobi" serialining ikkinchi marta to‘xtatilishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida yana  muhokama mavzusiga aylandi.

ZO’R TV kanali 27 iyuldan boshlab qayta berilayotgan turk kinoijodkorlari suratga olgan “Sevgi iztirobi” seriali namoyishini oradan uch kun o‘tib to‘xtatdi. Ayni serial 2018 yilning 16 fevralida Bosh vazir tarafidan to‘xtatib qo‘yilgan edi. Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanishini istamagan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ bu safar ham serialni Bosh vazir Abdulla Aripovning o‘zi to‘xtatgan.

31 iyul kuni ertalab ZO’R TV kanali ko‘rsatuvlar jadvalida “Sevgi iztiroblari” filmi Toshkent vaqti bilan 20 da namoyish qilinishi aks etgan.

Efirdan olingan serial hali dastur jadvalida turibdi
Efirdan olingan serial hali dastur jadvalida turibdi

ZO’R TV kanalining o‘zini dastur prodyuseri deb tanishtirgan mulozimi Ozodlik bilan 31 iyul kungi suhbatda “Sevgi iztiroblari” seriali “dindor tomoshabinlar talabi bilan” efir setkasidan olib tashlanganini afsus bilan qayd qildi.

- Mevali daraxtga tosh otiladiku. Shu bizni ham ko‘ra olmaydigan qo‘shtirnoq ichidagi axloq posbonlari Telegram va boshqa tarmoqlar orqali imzo yig‘ib¸ portallarga yozib oxiri shu serialning yana bir bora to‘xtatilishga erishishdi. Lekin bu serial xalq orasida juda ommalashgan va sevimli edi. Kam sonli mutaassiblar talabi xalq istagidan ustun chiqdi. Chunki mutaassiblar tartibli shaklda hujum qilishdi¸ dedi ZO’R TV xodimi.

Bosh vazir to‘xtatdi

Lavozimida matbuotga gapirish huquqi yo‘qligi bois ismi aytilishini istamagan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ serialni to‘xtatish talabi 30 iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tarafidan selektor yig‘ilishida yangragan:

-O‘zim shu yig‘ilishda qatnashdim. Mana surati. Bosh vazir Abdulla Nig‘matovich yig‘ilishda qatnashayotgan Toshkent hokimi va ayni paytda ZO’R TV muassisi Jaxongir Ortiqxo‘jaevga dag‘dag‘a qildi¸ deydi mulozim va Bosh vazir so‘zlari stenogrammasidan bir parchani Ozodlikka taqdim qildi.

“Bir ikkita mansabdor shaxslarimiz bor¸ ularga Bosh vazirning gapi ham hukumat qarori ham bir tiyin. Xoxlagan ishini qiladi. (Xohlagan b..ni yeydi deyilgan aslida-tahr) Kim to‘g‘risida gapirvotganimini xammenlar tushunib turibsizlar. Zapret bo‘lgan bema’ni turk serialini yana efirga uzatishibdi. Bugunoq oldirib tashanglar! Nima bu? Hukumatning gapi bir tiyin¸ Bosh vazirning gapi kapeyka bo‘lsa mayli. Lekin odamlarning fikrichi? Odamlar qanchalik norozi bo‘ldi bu serial bo‘yicha. Shuni o‘ylamadinglarmi!”(sheva va uslub aslicha qoldirildi -tahr.)

O‘zbekiston Bosh vazirining bu gaplarni aynan Ortiqxo‘jaevga qarata aytganini selektor majlisini texnik uzatishga aloqador bo‘lgan xodim ham Ozodlikka tasdiqladi.

Bu xodim “Sevgi iztiroblari” filmi muxlisi ekanligi bois bu gaplarga alohida e’tibor qaratgani va Bosh vazir fikriga qo‘shilmasligini aytadi.

Bosh vazir serialni tanqid qilgan selektor yig‘ilishi
Bosh vazir serialni tanqid qilgan selektor yig‘ilishi

​Har yili shu bo‘lar takror...

Bundan bir yarim yilcha oldin 2018 yilning 14 fevral kuni Bosh vazir Abdulla Aripov “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida “Sevgi iztiroblari” serialini tanqid qilgan edi.

Bosh vazir tanqididan so‘ng, 2018 yilning 16 fevraliga kelib serial efir dasturidan olib tashlangan edi.

Toqatsizlarga nishon bo‘lgan serial

Bosh vazir tanqididan oldin serialga ovoz bergan aktyorlarga nisbatan islomiy sayt orqali tahdid qilinib, serial islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgandi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatga olingan azon.uz axborot portalida 14 fevral kuni e’lon qilingan maqolada “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztirobi” filmini turkchadan o‘zbekchaga dublyaj qilgan aktyorlar guruhi tahdid nishoni bo‘lgan edi.

Maqolada dublyaj xizmati xodimlarining ishi “haromligi”¸ ularning “bolasiga harom luqma edirgani” haqida yozilib, aktyorlarni sazoyi qilishga chaqirilgan edi.

Ayni nashr o‘tgan 2018 yil mobaynida turk serialining sof islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgan bir nechta maqolani e’lon qilgan edi.

Maqolani nashr qilgan portal muassisi Mubashshir Ahmad va sayt bosh muharriri Muhammad Temir A’zam Ozodlik bilan o‘tgan yilgi suhbatda “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinaëtgan “Sevgi iztirobi” filmi sof islomiy axloq normalari va milliy mentalitetga zidligi bois tanqid nishoniga aylanganligini aytishgan edi.

O‘zbekistonda namoyishi ikkinchi marta to‘xtatilgan “Sevgi iztiroblari” filmi Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligining Telegram kanalida ham “tavqi la’nat” qilingan edi.

Ayni paytda "Sevgi iztiroblari" serialining ikkinchi marta to‘xtatilishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida yana muhokama mavzusiga aylandi.

Ayrimlar, serial to‘xtatilganiniga afsus bildirsa, ba’zilar buni olqishlagan.

Ijtimoiiy tarmoq faoli Dildora Mavlonova Facebook sahifasida serial to‘xtatilganini qoralaydi.

“O‘sha miyasiga qurt tushganlarning o‘zi harom. Ko‘rdik, eshitdik shunga o‘xshagan bittasining hayotini, serialdagi voqealar xijolatda-ku! Kino emas o‘sha tekinxo‘rlarning o‘zi harom. Bularga ozgina erkinlik bersang, boshqalarni bo‘g‘ishni boshlashadi”, deydi Mavlonova.

Muhabbatning qora savdosi

O‘zbek telekanallarida “Sevgi iztiroblari” nomi bilan namoyish qilinib keyin to‘xtatilgan ko‘p qismli film 2015-2017 yillarda Turkiyada kinoijodkorlar Hilol Saral va Ekin Pandir tarafidan suratga olingan. Turkcha varianti “Qora savdo” deya nomlangan.

Dunyoning 28 mamlakatida namoyish qilinayotgan bu film 2017 yilning eng yaxshi telenovellasi deb topilib, “Emmi” mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

O‘zbekistonda taqiqlangan "Sevgi iztiroblari" seriali Saudiya Arabistonida eng ko‘p tomosha qilingan
O‘zbekistonda taqiqlangan "Sevgi iztiroblari" seriali Saudiya Arabistonida eng ko‘p tomosha qilingan

Film Nihon ismli ayolning muhabbat qissasidir.

Nihon bankrotlik yoqasida turgan boy biznesmenning qizi. Kamol esa qashshoq bir sartaroshning o‘g‘li.

Ular o‘rtasidagi muhabbat ijtimoiy tengsizlik to‘sig‘i bilan to‘qnashadi.

Shu bois, Nihon sevganiga emas, balki boy otaning johil farzandi Amirga xotin bo‘ladi.

Amir va Nihon olov va muz kabi ikki qarama-qarshi unsur ekani filmdan ayon bo‘ladi.

Nihonning qalbi yana eski sevgilisini qo‘msab talpinadi. Ularning keyingi taqdiri nima bo‘lishini o‘zbek teletomoshabini teleekrandan bila olmaydi. Chunki Bosh vazir bu serialni yana “zapret” qildi.

XS
SM
MD
LG