Линклар

Шошилинч хабар
18 август 2019, Тошкент вақти: 07:49

Mirziyoyev topshirig‘i bilan 3 hokim xalq va prezidentdan uzr so‘radi (VIDEO)


Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyati hokimlari xalqdan uzr so‘ramoqda (tarmoqlarda tarqalgan videolardan olingan surat)

Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyati hokimlari prezident Mirziyoyev topshirig‘i bilan xalq, prezident, xalqaro jamoatchilik, blogerlardan uzr so‘radi. 2 avgust kungi videoselektorda prezident Mirziyoyev Bosh vazir va o‘z devoni rahbariga Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyati hokimlarini ishdan olish masalasini ko‘rib chiqish hamda ularning xalqdan kechirim so‘rashini tashkil qilishga topshiriq bergandi.

2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘inda prezident uch hokimdan Internet orqali chiqish qilib, ahmoqligini tan olish va xalqdan kechirim so‘rashi haqida topshiriq berdi.

Ana shu yig‘indan ikki kun o‘tib, 3 hokim oddiy aholi, hokimlik rasmiylari va mahalliy blogerlar qarshisida noqonuniy buzilishlar hamda to‘lanmagan tovon pullari uchun, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, uzr so‘radi.

Farg‘ona viloyat hokimidan kechirim

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 4 avgust kuni Rishton tumanidagi uchrashuvda tumandagi buzilishlarni "xato", deb tan oldi va uzr so‘radi.

"Men ochiq aytaman, albatta bu - xato bo‘ldi. Rishton tumanida kim xato qilgan bo‘lsa aytib o‘taman, ularga nima bo‘lganini ham aytib o‘taman. Albatta, birinchi navbatda, o‘zim viloyat hokimi lavozimida ishlayotgan odam sifatida bu xatoda mening ham aybim bor. Mening juda katta aybim bor. Bizning qilgan xatoimiz jonajon, aziz davlatimiz obro‘siga, ayniqsa O‘zbekiston prezidentining bugungi kunda olib borayotgan mana shunday islohotlari - qanday qilib bo‘lsa ham, odamlarni rozi qilish, xalq davlatimiz idoralariga emas, davlatimiz idoralari xalqqa xizmat qilsin, degan ezgu g‘oyaga hech qanday obro‘ylariga putur yetkazmasligi kerak. Mana hozir bizlarni ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rishayapti. Hammadan uzr so‘rab, kechirim so‘rayman, shaxsan viloyat hokimi sifatida", dedi viloyat hokimi.

G‘aniyev uzr so‘rarkan, bu jarayonni kuzatib borayotgan "ijtimoiy tarmoqlar", degan jumlani qayta-qayta tilga oldi va "Hamma-hammaning oldida bo‘yin egib, ta’zim qilib, uzr so‘rayman", dedi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyat hokimi viloyat Qurilish boshqarmasi rahbari, Rishton tumani hokimi va uning o‘rinbosaridan iborat jami 14 rahbar ishdan olinganini ma’lum qildi.

G‘aniyev Rishtonda avvalgi 25 sotixlik bozor o‘rniga 2 gektarga yaqin bozor qurilishi hamda 200 atrofida savdo shohobchasi ochib berilishini va’da qildi.

Qashqadaryo viloyat hokimidan kechirim

4 avgust kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ham Yakkabog‘ tumaniga borib, aholi va jamoatchilik faollari davrasida prezident va xalqdan kechirim so‘radi.

"Yakkabog‘da ro‘y bergan voqealar 100 foiz viloyat va tuman hokimliklarining xatosi. Buning uchun yuz bora, ming bora, hukumatimizdan, xalqimizdan, aziyat chekkan tadbirkorlarimizdan, hurmatli jurnalist va blogerlarimizdan, ta’zim qilib, yana bir marta iltifot qilib, kechirim so‘ramoqchimanki, mana shu masalada bizlar juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik. Agar bizga yana imkon bo‘lsa, agar shunga shart-sharoit yaratib berilsa, oldingiga o‘xshab, "Buzilsin, olib tashlansin, qo‘porilsin", degan siyosatdan mutlaqo voz kechib, har bir kishi bilan, kerak bo‘lsa, individual ishlab, yordam berib, ishlaymiz", dedi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev.

Xorazm viloyat hokimidan kechirim

Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov esa Urganchning Ashxobod mahallasidagi buzilishlar va to‘lanmagan tovon pullari uchun kechirim so‘radi.

"Biz sizlarning juda ko‘p aziyat chekishingizga va qiynalishingizga sababchi bo‘ldik. Albatta men bunda o‘zimni aybdor, deb bilaman. Sababi oldindan rejalashtirib, hamma hisob-kitoblarini qilib, sizlar bilan hisoblashim, so‘zlashib qilganimizda, bu voqealar kelmas edi. Sizlarning oldingizda turib, sizlardan kechirim so‘ramoqchiman", dedi viloyat hokimi.

Hokim Urganch markazidan Chondirqiyot mahallasidagi bo‘sh yer maydonlariga ko‘chirib yuborilgan 400ga yaqin oilaning uy-joyini tezda bitirib berishni va’da qildi.​

Tarmoqlarda boshqa hokimlarga chaqiriq

Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning boshqa viloyatlaridagi hokimlardan ham noqonuniy buzilishlar uchun uzr so‘rash so‘ralmoqda.

Bundan tashqari, bir hokimlar uzr so‘rab turganida, boshqalarining majburiy mehnatga yo‘l qo‘yayotgani keskin tanqid qilinmoqda.

Jumladan, Xushnudbek.uz Telegram kanali so‘nggi ikki kun ichida turli tashkilotlar xodimlarini ommaviy ravishda obodonchilik ishlariga jalb qilish to‘g‘risida Surxondaryo va Andijon viloyatlari hokimlari imzolagan hujjat nusxasini tarqatdi.

Xususan, Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov imzolagan "Shoshilinch xabarnoma"da viloyatni prezidentga "namunali" ko‘rsatish uchun byudjet ishchilarini 4 avgust kuni "lopatka, ketmon va boshqa asboblar" bilan hasharga chiqarish buyurilgan.

Do‘stlikka xiyonat va siyosatga dushmanlik qilayotgan hokimlar

2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Mirziyoyev 3 viloyat hokimini "do‘stlikka xiyonat va siyosatga dushmanlik qilgan" deb tanqid qildi.

Mirziyoyev internet nashrlarida bu viloyatlardagi buzilishlarga fikr bildirgan o‘zbekistonliklarning yozganlarini dastak qilib keltirib, o‘zi ishongan hokimlar unga "katta dushmanlik" qilganini aytdi.

- Aripov bilan Nizomiddinovga topshiriq, qaysi viloyat hokimini ishdan olishni taklif bering. Menga kerak emas! Yana bir marta aytyapman, bu siyosat bilan biz uzoqqa bora olmaymiz — zo‘ravonlik siyosati bilan! Agar zo‘ravonlik siyosati zo‘r bo‘lganda, 30 yilda zo‘r bo‘lib ketardik", deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident uylari buzilib ko‘chada qolgan, oylab tovon pulini ololmagan minglab odamlarning ko‘chaga chiqib avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun, Xorazm viloyati hokimi Ermanovni ham qattiq tanqid qildi:

- Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri - Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga o‘xshagan noinsoflaringga «tabrik» jo‘nataman. Urganch shahar hokimi [Shuhrat Abdullayev - tahr.]ni jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo‘lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan "do‘stliging". Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi", dedi Xorazm viloyat hokimni nazarda tutgan prezident.

Ozodlik Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida uyi buzilgan minglab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Honqa avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani, shu tariqa ular hokimlik tovon pulini bermayotgani, qurilish materiallari narxi haddan ortiq oshib ketganiga norozilik bildirgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan edi.

Bu voqeani eshitgan prezident Bosh vazirni shoshilinch tarzda Urganchga yuborgan, Abdulla Aripov norozi aholi bilan uchrashib, o‘sha kunning o‘zida tovon pulini to‘lattirgan edi.

Shuningdek, Ozodlik Qashqadarë viloyat Yakkabog‘ tumanidagi tadbirkorning kredit olib qurgan ikki qavatli yangi do‘koni va tsexini buzishga kelgan tuman hokimi o‘rinbosari ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgani haqida 22 iyul kuni xabar bergan edi. Bu voqea ortidan tuman hokimi va uning o‘rinbosari ishdan olingan edi.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani Farg‘ona ko‘chasida yashovchi oilalarni hokimiyat aldab uylarini buzgani va faqat kompensatsiya sifatida 10 million so‘mdan pul bergani haqida Ozodlik 25 iyun kuni xabar qilgandi.

XS
SM
MD
LG