Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:50

Angrenliklar Olmaliq koloniyasining shaharga ko‘chirilishiga qarshi chiqdi (FOTO)


"Shaxtyorskiy" shifoxonasi
"Shaxtyorskiy" shifoxonasi

Angrenning to‘rt mahallasi aholisi shahardagi tashlandiq holatda bo‘lgan “Shaxtyorskiy” shifoxonasiga Olmaliqdan axloqni tuzatish koloniyasi mahkumlarini ko‘chirib kelinishiga qarshi chiqdi.

Ozodlikka murojaat qilgan mahalla vakillari mahbuslar joylashtirilishi aytilayotgan imorat yonida uch maktab va ikkita bog‘cha joylashganiga hukumat rahbarlari e’tiborini qaratmoqda.

Angren hokimiyati vakillari mahkumlarning ushbu shifoxonaga ko‘chirilishi bo‘yicha hozircha aniq ko‘rsatmalar yuborilmaganini bildirdi

Biroq, ularning tasdiqlashicha, koloniyadan odamlar kelib tozalash ishlarini olib borilmoqda.

Angrendagi bir guruh mahalla faollarining Ozodlikka Maydon mahallasidagi yopilib ketgan shifoxonaga Olmaliq shahridan koloniya mahbuslari keltirilayotganidan shikoyat qildilar.

Mahalla vakillariga ko‘ra, mahkumlarning keltirilayotgani haqidagi xabar bir oy muqaddam tarqalgani ortidan sobiq kasalxona atrofidagi odamlar tinchligi buzilgan.

- Biz Angren shahridan, Maydon mahallasi ahli. Bizni yonimizdagi kasaxonaga Olmaliqdagi “volniydagi” qamoqxonani ko‘chirib kelishmoqchi. Biz norozi! Hozir qaysidir qismi ishlayapti, ta’mirlash ishlari olib borilayapti. Yonimizda maktab, poliklinika, bog‘cha bor, aholini o‘rtasida mumkin emasku bunday muassasani joylashtirish. Keyin ularda kasalliklar bor! Ham qo‘rqinchli, kuchuklarimiz kechasi bilan akkilab chiqyapti. Bir marta yig‘ildik mahalla bilan, portalga yozdik – foydasi bo‘lmayapti, dedi Maydon mahallasi vakilasi.

Shifoxona 15 yilcha muqaddam yopilgan
Shifoxona 15 yilcha muqaddam yopilgan

Angrenliklarga ko‘ra, shifoxonada ishlatilayotgan bandilardan birining shifoxona yaqinidagi profilaktoriy qorovuliga “uchta odam o‘ldirganman” deb maqtangani aholi orasida norozilikni keltirib chiqargan.

- 30 yildan beri tinch yashab turgan joyimiz xalqiga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi. Bu yerda maktab, yosh bolalar bo‘lsa! 15 metr devorimiz yonida qamoqxona quriladigan bo‘lsa qanday yashashimiz kerak?! Hokimiyatga chiqdiq – ular ham tinchlantiryapti, bizni aldayapti. Lekin qamoqxonadan 10-15 kishi kelib tozalayapti. 1 yil ichida keladi degan gap bor. AGMK pul ajratgan ekan, lekin MVDga o‘tgan ekan bino. Xalq tinchligi buzilgani uchun noroziligimizni bildiramiz va yordam so‘raymiz, dedi ismini aytmagan mahalla vakili.

Mahalla yashovchilariga ko‘ra, hozirdanoq shifoxona bog‘idagi teraklar va boshqa kesilgan daraxtlar sotila boshlangan.

Shifoxonada tozalash ishlari olib borilgan
Shifoxonada tozalash ishlari olib borilgan

Maydon mahallasi oqsoqoli Abdumutal Ko‘kanov aholi norizoligi masalasida yuqori instansiyalarga murojaat qilgani, ammo rad javobi olganini aytdi.

U aholi arzi bilan Bosh vazir, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va hokimiyatga xat yuborganini bildirdi:

- To‘rtta mahalla – Maydon, Qorabog‘, Navro‘z-1 va Boqsuq mahallasi xat bilan chiqqanmiz. Hokim oxirgi marotaba kelganida “Bu masalani yana ko‘rib chiqayapmiz, boshqa joyga o‘zgartirishni, joy izlayapmiz” dedi, lekin aniq javob yo‘q. Ozgina odamlar kelib obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanishdi, lekin hozir to‘xtagan. Olmaliq bilan gaplashdim – zona ko‘chirilar ekan. Lekin mahalla aholisi to‘polon qilib chiqqanmiz – shahar hokimi xabari bor! U kishi mutlaqo qarshi koloniya ko‘chirilishiga, dedi Maydon mahallasi oqsoqoli.

Mahalla raisi sovetlar davrida qurilgan infeksion shifoxona “O‘zbekko‘mir” hissadorlik jamiyatining xodimlariga xizmat qilgani, ammo Karimov hokimiyati davrida “bemorlar kamaygani” sababli yopib tashlanganini aytdi.

U hozirda hokimiyat balansida qolayotgan bu kompleks masalasida Vazirlar Mahkamasining Angren shahrini boshqarish bo‘limi rahbari Rahimberdi Jalilovga murojaat qilib, “Siz aralashmang – bu davlat ishi!” degan javobni olganini ma’lum qildi.

Mahalla oqsoqoli “boshqa tomondan bo‘shab yotgan binoda ish o‘rinlari yaratilishi mumkin”, deydi:

- Jinoyatchilik ko‘payishi mumkin, degan fikr bor. Lekin insoniylik nuqtai nazaridan ularning kelishi zarar qilmaydi. Ular kelib ish o‘rinlarini ochmoqchi, surishtirdik. Qancha odam kelishi – raqam ham, hujjat ham yo‘q. Haqiqatan, “Shaxtyorskiy” bolnisa atrofida 1 km radiusda 3ta maktab, poliklinika va 2ta bog‘cha bor, dedi mahalla raisi Abdumutal Ko‘kanov.

"Shaxtyorskiy" shifoxonasi
"Shaxtyorskiy" shifoxonasi

Ozodlik bu masalada Angren shahar hokimiyati iqtisodiy bo‘limiga murojaat qilib, “Shaxtyorskiy”ga koloniya ko‘chirilishi to‘g‘risida gap-so‘zlar yurganini tasdiqlab oldi.

Biroq, shahar hokimi muovini Muzaffar Sulkayev bu masalada biror ma’lumotga ega emasligini aytdi.

- Lekin xabarim yo‘q! Uni ko‘chirish bilan arxitektura bo‘limi shug‘ullanadi. Qurilishga qiling... Ichki ishlarga telefon qilib ko‘ring. U bizning balansda emas. Ichki ishlarga o‘tgan bo‘lsa – ularni balansida bo‘ladi. Hokimiyatni bundan xabari yo‘q, men shaxsan bilmayman. 5 minutdan keyin chiqing – bilib beraman, dedi Muzaffar Sulkayev.

Biroq, 5 minutdan keyin ham, 2 soatdan keyin ham Angren shahar muovini telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Angren shahar Ichki ishlar bo‘limida Ozodlik muxbirlari so‘roviga ishlatilmasdan yotgan sobiq infeksiya shifoxonasi binosiga koloniya mahkumlarini olib kelish ishlariga tayyorgarlik ketayotgani, biroq bu masala aniq-tiniq hal etilmaganini tasdiqlashdi.

- Hozircha Angren shahar hokimining hech qanday aniq qarori yo‘q. Lekin surishtirishimcha, Olmaliq koloniyasi ichki ishlar xodimlari odamlarni olib kelgan: tozalatayapti-ishlatayapti. Rejim bilan ishlatayapti, muammo yo‘q. Bu bino hokimiyatga qarashli shahar markaziy shifoxonasi balansida bo‘lishi kerak, dedi Ichki ishlar bo‘limi noziri.

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan KIN-45 (UYa 64/45) raqamli kuchaytirilgan rejimli koloniya mahkumlar orasida “Jannat zonasi” nomi bilan mashhur.

Koloniyada saqlanayotganlar, Sovet davrida shakllangan an’anaga ko‘ra, “O‘zbekoltin”, “O‘zbekko‘mir”, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va kimyo sanoati korxonalarida ishlashadi.

Koloniya sobiq mahkumi Olmaliq qamoqxonasi O‘zbekistonda eng namunali va tartibli ekanini e’tirof qildi.

U 1 mingga yaqin shaxsga mo‘ljallangan zonada 3,5 mingdan ziyod odam saqlanishi, undagi sharoitlar yaxshi bo‘lgani uchun yuqumli kasallikka yo‘liqqanlar kam uchrashini bildirdi.

Ushbu koloniyada asosan yengil va o‘rta og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etgan o‘zbekistonliklar, sobiq yuqori mulozimlar va xorij vatandoshlari jazo o‘taydi.

XS
SM
MD
LG