Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:36

Sobiq prezident Atambayev qo‘lga olindi (VIDEO)


Алмазбек Атамбаевни қўлга олиш жараёни
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:52 0:00

Almazbek Atambayevni qo‘lga olish jarayoni

7 avgust kuni kechga yaqin Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari sobiq prezident Almazbek Atambayevni uning Qo‘ytosh qishlog‘idagi (Chuy viloyati) uyida qo‘lga olish amaliyotini o‘tkazdi. Bir necha soatga cho‘zilgan amaliyot xavfsizlik kuchlari bilan Atambayevning tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvga aylanib ketdi va amaliyotdan ko‘zlangan maqsadga erishilmadi. 8 avgust kuni Qirg‘iziston parlamenti - Jo‘g‘o‘rqu Keneshning mehnat ta’tilidagi deputatlari favqulodda majlisga yig‘ildi.

Quyida 7 avgust kuni boshlanib, 8 avgustda davom etayotgan jarayonning eng muhim nuqtalariga, shuningdek, yuzaga kelgan siyosiy bo‘hronning sabablariga to‘xtalamiz.

Xavfsizlik kuchlari Atambayevning uyiga kirdi

Bishkek vaqti bilan 19.15 da (8 avgust) xavfsizlik kuchlari Atambayevning Qo‘ytoshdagi uyiga kirgani xabar qilindi.

U bilan bir muddat davom etgan muzokaralardan so‘ng​ Atambayev bilan birga Kunduz Joldubayeva hamda Farid Niyazovlar qo‘lga olindi.

Алмазбек Атамбаевни қўлга олиш жараёни
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:52 0:00

Ular Qo‘ytosh - Bishkek yo‘li Atambayevning tarafdorlari tomonidan to‘sib qo‘yilgani uchun bir necha mashinada Bishkekka aylanma yo‘llar bilan olib ketilayotgani xabar qilindi.

Lekin bu xabarning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Olomon Qo‘ytosh yo‘lini to‘sib turgan militsiya xodimlari safini yorib o‘tdi

Shahardan chiqaverishdagi Ko‘kjar qishlog‘i yaqinida boshiga dubulg‘a kiyib, qo‘lida qalqon ushlagan militsiya xodimlari safini olomon yorib o‘tdi. Militsiya xodimlari bu yerda Bishkekdan Qo‘ytosh qishlog‘iga olib boruvchi yo‘lni to‘sib turgan edi.

Azattiq muxbiriga ko‘ra, 200-300 kishi tosh otgan, militsiya xodimlari voqea joyini tashlab qochgan.

Bishkekda ba’zi savdogarlar do‘konlarini talon-toroj ehtimolidan himoyalashni boshladi

Azattiq radiosi e’lon qilgan videoda ba’zi savdogarlar do‘konlarini talon-toroj ehtimolidan himoyalash choralarini ko‘rish mumkin. Xabar qilinishicha, oldinroq SUM, GUM, "Berengold", "Altin" savdo markazlari soat 4 gachagina ishlashini e’lon qilgan edi.

Бишкекда бир неча савдо маркази ёпилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:08 0:00

Atambayevning qishlog‘iga olib boruvchi avtoyo‘l to‘sildi

Bishkekdan Qo‘ytosh qishlog‘iga olib boruvchi avtomobil yo‘li vaqtincha yopildi. Shahardan chiqaverishdagi Ko‘kjar qishlog‘i yaqinida boshiga dubulg‘a kiyib, qo‘lida qalqon ushlagan militsiya xodimlari turganini ko‘rish mumkin.

Yo‘ldan o‘tolmay turgan o‘tkinchilar norozilik bildirayotgani xabar qilindi.

Bishkek bilan Qo‘ytosh qishlog‘i orasi 21 kilometr.

Sobiq prezident Almazbek Atambayevni qo‘lga olish amaliyoti davomida jabrlanganlar soni 80 nafarga yetdi

Bu haqda Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Jildiz Aygerchinova bildirdi. Oldinroq bir harbiy o‘q yeb halok bo‘lgani xabar qilingan edi.

Atambayevning hovlisidan tarafdorlari siqib chiqarildi

Militsiya sobiq prezident Almazbek Atambayevning Qo‘ytoshdagi uyini to‘liq qurshovga olib, uning tarafdorlarini uydan tashqariga siqib chiqardi. Bu haqda xabar qilgan Azattiq muxbiriga ko‘ra, uy hovlisida deyarli hech kim qolmagan. Hovli atrofida ham odamlar to‘plangani ko‘zga tashlanmayapti. Militsiya xodimlari hovlida nazorat o‘rnatmoqda, vrachlar yuribdi. Atambayevning uyi tomondan ba’zilarning qiyqirig‘i eshitilgan.

Bu voqeadan biroz oldin Qo‘ytosh qishlog‘ida

8 avgust kuni mobil Internet ishida uzilishlar

bo‘layotgani xabar qilingan edi. Soat 16 dan keyin telefon aloqasida ham uzilishlar bo‘layotgani aytildi.

​Sobiq prezident Almazbek Atambayevning Qo‘ytoshdagi uyida vaziyat o‘zgardi

Bu haqda Azattiq radiosi muxbiri Bishkek vaqti bilan 8 avgust, soat 16 dan o‘tganda xabar qildi.

Muxbirning aytishicha, ko‘zdan yosh oqizuvchi va shunga o‘xshash maxsus vositalar qo‘llanilmoqda. Atambayevning hovli joyida turgan uning tarafdorlari qarshilik ko‘rsatmoqda.

Oldinroq sobiq prezident tarafdorlari qo‘llariga tayoq va tosh olib tayyorlanib turgani, Bishkekdan Qo‘ytoshga qarab xavfsizlik kuchlarining ko‘p sonli xodimlari ketayotgani xabar qilingan edi.

Atambayev tarafdorlari ushlab turgan 6 harbiy qo‘yib yuborildi

Almazbek Atambayevning Qo‘ytoshdagi uyida 7 avgust oqshomidan buyon ushlab turilgan 6 harbiy xizmatchi qo‘yib yuborildi.

Atambayev asos solgan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi lideri o‘rinbosari Farid Niyazovga ko‘ra, 6 harbiyni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) vakillari olib ketgan.

Xavfsizlik kuchlari Atambayevning Qo‘ytoshdagi uyi darvozasi oldida turibdi. 2019, 7 avgust
Xavfsizlik kuchlari Atambayevning Qo‘ytoshdagi uyi darvozasi oldida turibdi. 2019, 7 avgust

Prezident Jeenbekov: Atambayev tergovga og‘ir jinoyat sodir etgani gumon qilinayotgan shaxs sifatida chaqiriladi

Bu haqda prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov mamlakat parlamentining 8 avgust kungi favqulodda majlisida chiqish qilayotib bayonot berdi:

- Kechagi kungacha Atambayev tergovga guvoh sifatida chaqirilib kelgan bo‘lsa, endilikda og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinuvchi sifatida chaqirtiriladi.

Davlat rahbari mamlakatda qonunchilik, tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun barcha choralar ko‘rilajagini bildirdi.

MXDQ raisi: Atambayev tarafdorlari qurolli qarshilik ko‘rsatdi

Sobiq prezident Almazbek Atambayrvni qo‘lga olish amaliyoti Jinoyat kodeksi doirasida amalga oshirildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi

Orozbek Opumbaev Jogorku Keneshning favqulodda majlisida bayonot berdi.

- Maxsus xizmat xodimlari amaliyotni noharbiy qurol bilan o‘tkazdi. Atambayevning tarafdorlari qurolli qarshilik ko‘rsatdi. Bu qonunga ziddir. Atambayrv tomonidan snayper orqali o‘q otildi. Bu quroldan bizning 6 xodimimiz yaralandi. Garovga olingan xodimlarimiz tahqirlandi.

"Opumbaev o‘t ochishga ruxsat bermagani uchun o‘kinayotgani aytdi. Ma’lumotlarga qaraganda, maxsus amaliyot davomida 40 qurol, 15 to‘pponcha va qariyb 2000 ta o‘q-dori tortib olingan" deb xabar qildi Azattiq radiosi.

Oldinroq Almazbek Atambayev qurol faqat bir o‘zida bo‘lgani to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Atambayev: O‘qotar qurol faqat menda bor

Sobiq prezident Almazbek Atambayev Qo‘ytoshdagi uyida yig‘ilgan tarafdorlari qo‘lida o‘qotar qurol bo‘lmagani, bunday qurol faqat uning o‘zida bo‘lgani to‘g‘risida bayonot berarkan, bunday dedi:

- Kecha bular (xavfsizlik kuchlari – tahr.) “so‘roqqa olib ketish uchun keldik” degani yo‘q, banditlarga o‘xshab kelib, xalqni ota boshladi. Men “agar uyimga bostirib kelsa, qarshilik ko‘rsataman, kerak bo‘lsa otaman” deb bir-ikki oydan beri aytib kelayapman. Menga mukofot sifatida berilgan qurolim, to‘pponcham, miltig‘im bor. Bu yerda qurol menda bor xolos. Uchinchi qavatda turib bir o‘zim qarshilik qilayapman. Oddiy xalq qo‘lida, balki, tosh bo‘lgandir. Biroq ularda hatto cho‘zma ham bo‘lgan emas.

1 kishi halok bo‘ldi, 52 kishi yaralandi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni qo‘lga olish amaliyoti paytida bir odam halok bo‘ldi, 52 odam yaralandi. Yaralanganlarning deyarli barchasi kasalxonaga yotqizildi.

Атамбаевни қўлга олиш амалиёти: бир одам ҳалок бўлди, 52 одам яраланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00

Rasman bildirilishicha, halok bo‘lgan odam va yaralanganlardan kamida 22 nafari kuchishlatar tuzilmalar xodimidir. Jumladan, og‘ir tan jarohati olgan Chuy viloyat militsiyasi boshlig‘i Samat Kurmankulov koma holatida qolmoqda.

Atambayev tarafdorlari kuchishlatar tuzilmalarning olti nafar xodimini qo‘lga olib, garovda ushlab turibdi.

Atambayevni qo‘lga olish amaliyoti qachon boshlandi?

Sobiq prezidentning uyi joylashgan Qo‘ytosh qishlog‘idagi amaliyot 8 avgustga o‘tar kechasi boshlandi. Biroq Atambayevni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘linmadi.

Atambayevni nega qo‘lga olmoqchilar?

Ichki ishlar vazirligi muvaffaqiyatsiz yakunlangan amaliyotdan so‘ng Almazbek Atambayev jinoyat olami avtoriteti Aziz Batukayevning 2013 yili qamoqdan noqonuniy bo‘shatilishiga bevosita buyruq berganlikda ayblanayotganini bildirdi.

Ichki ishlar vaziri Kursan Asanov Atambayev tarafdorlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Vazir o‘rinbosari Atambayevning uyini qamal qilgan kuchishlatar tuzilmalari xodimlari Qo‘ytosh qishlog‘idan olib chiqib ketilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, Atambayev tarafdorlari garovga olingan huquq-tartibot xodimlarini bo‘shatishga va’da berganlar.

Qamaldagi Atambayevning bayonoti

Almazbek Atambayev “Aprel” telekanali orqali qilgan chiqishida amaliyot paytida o‘z tarafdorlariga rezina o‘qlargina emas, haqiqiy o‘qlar ham otilganini iddao qildi. Atambayev amaldagi hokimiyatni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.

Prezident Jeenbekov mahnat ta’tilidan Bishkekka qaytdi

Mazkur voqealar ortidan qisqa muddatli ta’tilga chiqqan prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov ish o‘rniga qaytgani rasman xabar qilindi.

Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov 8 avgustda Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazdi. Jeenbekov yig‘ilishda “Almazbek Atambayev Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablarini qo‘pol tarzda buzgan holda, tergov jarayoni qonuniy ravishda olib borilishiga qarshi qurolli qarshilik ko‘rsatdi”, deb bayonot berdi.

Parlament Atambayevga nisbatan 6 ayblovni ilgari surgan

27 iyun kuni parlament tomonidan daxlsizlik maqomidan mahrum etilgan Almazbek Atambayevga nisbatan oltita ayblov ilgari surilgan. Bosh prokuratura ulardan beshtasini asosli, deb topgan. Almazbek Atambayevning o‘zi bu ayblovlar siyosiy sababga ega ekanini urg‘ulamoqda.

Sobiq prezidentning Qo‘ytosh qishlog‘idagi uyida tarafdorlari Atambaevni qo‘llash shtabini tuzganlar.

Atambayev 3 marta so‘roqqa chaqirilgan

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi sobiq prezident Almazbek Atambayevni uch marta so‘roqqa chaqirgan, ammo uchala safar ham u tergovga borishdan bosh tortgan.

Qirg‘iziston parlamenti maxsus komissiyasi 18 iyun kuni sobiq prezident Almazbek Atambayevni 6 ayblov bo‘yicha aybdor deb topgan va 20 iyunda parlament bu ayblovlar naqadar asosli ekanini o‘rganib chiqishni Bosh prokuraturaga topshirgan edi.

Parlament Atambayevni o‘z siyosatiga qarshi chiqqan faollar va jurnalistlarga bosim ko‘rsatganlikda va qator korrupsiyaviy harakatlarda gumonlamoqda.

XS
SM
MD
LG