Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:25

Mahkum qamoqdan qochdi. Uning majburiy mehnatdan bezgani iddao qilindi


Illyustratsiya
Illyustratsiya

Toshkentdagi 51- manzil koloniyada jazo o‘tayotgan 43 yashar mahkum Olimjon Abdullayev bir oycha muqaddam qochib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Koloniya mahkumlaridan biridan olingan bu xabarni Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mulozimi tasdiqladi. Mulozimning aytishicha, mahkum qidiruvga berilgan.

Mahkum Olimjon Abdullayev saqlangan manzil-koloniya rahbari, podpolkovnik Anvar Valiyev voqeani izohlamadi.

Jazoni ijro qilish bosh boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra¸ shu oy boshida qochib ketgan mahkum Olimjon Abdullayev qidiruvga berilgan. Mulozimga ko‘ra¸ qochgan mahkum O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97- moddasi ("Qasddan odam o‘ldirish") bo‘yicha ayblanib, sud qarori bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

- Mahkum jazoning 15 yilini o‘tab bo‘lgach, manzil koloniyaga o‘tkazilgan va yana 5 yil jazo o‘tashi lozim edi. Mahkum izn bo‘lmagani holda kerakli odamlar bilan jinoiy til biriktirib, pasport olgani ortidan qochib ketdi¸ - dedi lavozimida matbuotga gapirish huquqi bo‘lmagani uchun ismi aytilishini istamagan mulozim.

Majburiy mehnatdan bezdi?

51-manzil koloniya mahkumlaridan birining aytishicha, qochib ketgan mahkum Olimjon Abdullayev payvandchilik qilib, darvoza yasagan va majburiy mehnatdan bezgani uchun qochib ketgan:​

- Koloniyaning "kattalaridan" biri unga har oy 100 dollar o‘lpon soldi. 100 dollar to‘lasang, yaxshi yurasan, deb. Olimjon yaxshi usta. Temir darvoza yasaydi. Darvozadan yasab berib turasan har hafta, deb uni majburladi. Svarka qilaverib ko‘zi og‘rib qoldi. Keyin pobegga ketvordi. Menga Telegramdan xat yozib, o‘lpondan bezganim bois qochdim, deb aytdi. Men ishondim unga. Chunki u 15 yil o‘tirib berdi. Kolonkadan UDO (Muddatidan oldin shartli ozod bo‘lish -tahr.) bo‘lib chiqib ketishi kerak edi. Sabri tugadi u bechoraning.

51- manzil koloniya mahkumlaridan yana birining aytishicha¸ koloniyadagi zulmga chidash qiyin:

-15 yil o‘tirgan Olimjon chidamadi. Unga o‘zing temir sotib olib 25 million so‘m turadigan darvoza yasab berasan deb gruzit qilishdi. Temir olaman deb Olimjon qarz bo‘lib qoldi. Keyin qochib ketdi.

Mahkumga pasportni kim berdi?

Mahkumning aytishicha¸ koloniyadagi mahkumlarning pasporti olib qo‘yiladi. Ammo qochib ketgan mahkumda pasport bo‘lgan:

- Mana bu Olimjonning pasporti. (Ozodlikda pasportning surati bor) Pasport 2021 yilga qadar amal qiladi. Odatda pasport qamoqxona ma’muriyatida saqlanadi. Ammo Olimjon har oy 100 dollar o‘lpon to‘lagani¸darvoza yasab bergani evaziga pasportini qo‘liga oldi. Bizga ko‘rsatganida rasmga oluvdim. Hozir Olimjon Rossiyaga yetib borgan deb eshitdim.

Tekshiruv boshlandi

Jazoni ijro qilish bosh boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra¸ mahkum “shubhali shaxslar bilan jinoiy til biriktirib” pasportini qo‘liga olgan:

- Uning qochib ketgani haqidagi xabar ataylab kechiktirib xabar qilingani haqidagi ma’lumot tekshirilyapti. Hozir 51- manzil koloniyada bu yuzadan Jazoni ijro qilish bosh boshqarmasi xizmat tekshiruvi olib bormoqda.

51-manzil koloniya boshlig‘i podpolkovnik Anvar Valiyev mahkum qochgani haqidagi xabarni hech bir tarzda izohlamadi.

Ozodlik 51-manzil koloniyada saqlanayotgan mahkumlar joriy yil yanvaridan buyon Sergelidagi ko‘pqavatli uylar qurilishida ishlatilayotgani, ularning oyligidan 21 foizi koloniya foydasiga ushlab qolinayotgani haqida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG