Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:32

Allamjonov blogerlar bilan uchrashuvidan so‘ng ularning sharhlar uchun javobgar emasligini tan oldi


Komil Allamjonov
Komil Allamjonov

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov 14 avgust oqshomida mahalliy jurnalist va blogerlar bilan uchrashgani ortidan izoh va sharhlar uchun muallif yoki bloger javobgar emasligini e’tirof qildi:

“... amaldagi qonunchilikka ko‘ra,​ Internet saytlar, shuningdek, turli platformalar va ijtimoiy tarmoqlarda post joylashtiruvchi blogerlar o‘z materiallari ostida qoldiriladigan sharh va izohlar uchun javobgar emaslar” deya o‘ziniing Facebookdagi sahifasida yozdi Allamjonov.

Bundan bir kun oldin u "OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlar, balki ular ostidagi fuqarolar feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan izohlar uchun ham javobgar"dir, deb qat’iy bayonot bergan edi.

Ayni paytda Allamjonov o‘zining yangi bayonotida agentlik biror nojo‘ya izohni o‘chirishni so‘rab, rasmiy ogohlantirish xati yuborsa va bu bajarilmasa masala sudgacha borishini ta’kidladi.

Komil Allamjonovning bir kun oldingi rasmiy bayonotida “bloger izohlar uchun javobgar" degan gapi blogosfera va tarmoq faollari tarafidan tanqid va hajv ostiga olingan edi.

Bu aks ta’sir ortidan Komil Allamjonov taklifiga binoan jurnalist va blogerlar bilan 14 avgust oqshomida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ozodlik shu uchrashuvda qatnashgan hamda qatnashmagan blogerlardan ba’zilarining tarmoqda qoldirgan fikrlarini e’tiboringizga havola qilmoqda.

Bloglar tahrirsiz berilmoqda. Imlo va stilistika mualliflarniki.

Uchrashuvda qatnashgan bloger Shaxnozaxon:

Kechagi yig‘ilish haqida

Komil Allamjonov o‘z sahifasida hamma bir-birini tushundi deb yozibdilar. Shaxsan o‘zim nimani tushunganimni yozib qo‘ymoqchiman.

Uchrashuvning qaymog‘i quyidagi taxminiy dialogda ko‘rinadi (taxminiy deganim sababi, aniq yozib olish uchun telefonim yo‘q edi, kirayotganda olib qo‘yishdi va bu menga yoqmadi).

Komil Allamjonov: "Qonunda bor gaplarni aytdim, nega buncha "isterika", sababini tushunmadim".

Xushnudbek Xudoyberdiyev: "Gaplaringiz asosan to‘g‘ri, lekin "isterika" ham asossiz emas edi. Kommentlar uchun sahifa egasini javobgarlikka tortishda ma’lum bosqichlar bor, masalan, Siz uning qonunga zid sharh ekanini isbotlashingiz va bundan OAV va blogerni xabardor qilishingiz kerak".

KA: "To‘ppa-to‘g‘ri, biz shuni aytgandik".

Qolgani shu atrofidagi gaplar...

Endi men nimani tushundim? Avvaliga hech nimani tushunmadim. Nahotki, men bayonotni noto‘g‘ri eshitdim, qani qayta ko‘ray-chi desam, telefonim... Xullas, o‘sha joyda bayonotdan shunday iqtibos keltirish imkoni bo‘lmadi. Chiqib, telefonni yoqib, mana bu matnni qayta o‘qidim:

"...bundan buyon ommaviy axborot vositalari, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruh moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlarda yuqoridagi talablarga rioya qilishlari, balki belgilangan qonun asosida ular ostidagi fuqarolar, feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, so‘kinishlar, YoLG‘ON IZOHLAR uchun ham qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz.Sizdan faqatgina ma’lumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifangizda yozilgan bo‘lsa, ana shunday ma’lumotlarni o‘chirib tashlash so‘ralyapti.”

Xo‘o‘sh, Komil Allamjonov Xushnudbek aytgan tartibni aytibdimi, yo‘qmi? Xulosa o‘zingizdan.

Mening xulosam: aytmadi! Tartibni aytmagan bo‘lsam ham shuni nazarda tutdim deydigan bo‘lsa, u nimani nazarda tutganini bilmaganimiz uchun biz aybdor bo‘lishimiz mumkin emas.

Asli, bayonot ortiqcha savol tug‘dirmaydigan, turli talqinlarga yo‘l qoldirmaydigan bo‘lishi lozim. Bo‘lmasa, biz nima nazarda tutilganiga emas, nimani tushunganimizga qarab xulosa chiqaramiz.

Demak, sharhlar uchun qachon javobgar bo‘lamiz:

Qachonki, noqonuniy sharhni qaysidir sababga ko‘ra (ko‘rmaganimiz, bilmaganimiz va h.k.) o‘chirmasak va bizga uni ko‘rsatib, qonunga zid ekanini isbotlab bersalar, o‘chirishimiz kerak. Shunda ham o‘chirmasak, javobgarlik bor.

Allamjonov bayonotida ana shu muhim detallarni tushirib qoldirgani uchun o‘zi aytgan "isterika" yuzaga keldi.

Mening tushunganim shu!

P.S. O‘zi bu kommentlarga doir qonun normalari to‘g‘risida jiddiy tushuntirishlar kerak ekan bizga. Chunki trollar asrida kommentlar asosiy planga chiqyapti, hatto hal qiluvchi ahamiyat kasb etyapti."

@shahnozxon

Uchrashuvda qatnashgan Ali Kaxxorov fikri

"Ex Komil aka. Qarang nima bo‘ldi? Qarang aka. Akajon siz sal shoshib qoldingiz. Sal kutsangiz bo‘lardi. Otalari to‘kilib tushganida sistema vintlarini moylab qo‘ysangiz yetarli edi. Faqat akajon sizning oxiri bayonotingizda bitta katta siyosiy xato bor edi. Sizga o‘xshash davlat amaldori ko‘p gaplarga hafa bo‘lib ko‘ngliga olmasligi kerak edi. Qarang qanday yaxshi¸ bir chiroyli ketayotgandingiz. Akajon siz ot ustida edingiz. Sal qoqildingiz. Bu qoqilishni ko‘rgan ko‘pchilik bilib bilmay sizni toptab cho‘ktirmoqda. Men esa sizning bu sistema ichida hammadan yaxshi ekaningizga ishonishda davom etaman.

Majlisda chaqirilgan ammo “o‘zini hurmat qilgani uchun" bormagan bloger Nozim Safari:

“Bugungi Allamjonov bilan uchrashuvda nima bo‘lganini bilmadimu lekin, chiqqanlar uzoq quchoqlab yelkamga xo‘ng-xo‘ng yig‘lashmoqda”

XS
SM
MD
LG