Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2019, Тошкент вақти: 17:08

Andijonda fermerlarning bug‘doy puli majburan yagona yer solig‘iga o‘tkazilmoqda


Andijon tumani hokimligi

Andijon viloyat, Andijon tumani fermerlariga “O‘zdonmahsulot”dan kelib tushgan 900 million so‘m bug‘doy puli ularning xohishiga zid tarzda yagona yer solig‘i uchun byudjetga o‘tkazib yuborilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishicha, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Mirzakarimov va tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Rahimov shaxsan o‘zlari “Agrobank”ning tuman bo‘limiga kelib, pulning byudjetga o‘tkazilishini nazorat qilmoqda.

Fermerlar yagona yer solig‘ini belgilangan muddatda to‘lab qo‘yganini, tuman hokimligi esa kelgusi oylar uchun oldindan to‘lov qilishga majburlayotganini aytmoqda.

Bank mulozimi hokimlik fermerlarning bug‘doy pulini yagona yer solig‘iga o‘tkazishga majburlayotganini tasdiqladi.

28 avgust kuni “Agrobank”ning Andijon tuman bo‘limiga “O‘zdonmahsulot” AKdan 900 million so‘m pul tushdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan bank xodimlaridan biri, bu pul fermerlarning davlatga sotgan bug‘doyi uchun tushirilganini tasdiqladi.

Ammo bu pullar fermerlarning aytishicha, pullar taqsimlanish o‘rniga, ularning ruxsatisiz, yagona yer solig‘i uchun ushlab qolinib, byudjet hisobiga o‘tkazilmoqda.

Tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Mirzakarimov(oq ko‘ylakda), Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Rahimov bankda
Tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Mirzakarimov(oq ko‘ylakda), Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Rahimov bankda

Fermerlardan birining aytishicha, 29 avgust kuni ertalabdan Andijon tumani hokimining o‘rinbosari Alisher Mirzakarimov va tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Rahimov bankka kelib o‘tirib olgan:

Bizda fermerning xohishi, roziligi haqida so‘ralmaydi. Pulni o‘tkazib, keyin porucheniye yozdirib olishadi

“Zamhokim bilan soliqchilar boshlig‘i kelgusi kvartal uchun yagona yer solig‘iga o‘tkazasan deb, bank xodimlarini majburlashyapti. Aslida bu dekabr oyining oxirida to‘lanishi kerak. Biz uch kvartalni to‘lab qo‘yganmiz. Hozir esa predoplata qilasan deb turib olib, majburan o‘tkazishyapti. Bizda fermerning xohishi, roziligi haqida so‘ralmaydi. Pulni o‘tkazib, keyin porucheniye yozdirib olishadi. Bu pul bizning haqqi halol sof foydamiz, yagona yer solig‘ini vaqtida yopib kelyapmiz. Byudjetning cho‘ntagi teshilib qolgan shekilli, o‘shani fermerlarning puli bilan yopishmoqchi bular”.

Hokimlik tazyig‘idan qo‘rqib, ismi sir qolishini so‘ragan fermer buxgalterlaridan biri ham unga muddatidan ilgari yagona yer solig‘i uchun qariyb olti million so‘mga hujjat kelganini aytadi:

“Byudjet plandan chiqmayapti ekan. Shuning uchun, bu pulni fermerlarning raschetniy hisobiga tashlamasdan yagona yer solig‘i schetiga tashlayapti. Bunday qilish qonunan mumkin emas. Chunki bu fermerning erkin puli, u o‘z xohishiga qarab ishlatishi kerak. Qarzi bo‘lsa qarzini yopishi yoki ishchilariga oylik qilib berishi mumkin. Odatda har yili to‘rtinchi kvartal uchun yagona yer solig‘i paxta pulidan, dekabr oyi oxirida olinardi. Bu yil tuman byudjetining ahvoli og‘ir shekilli, yana fermerlarga yopishishyapti”.

“Agrobank” Andijon tuman bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri hokimlik tazyig‘i bilan fermerlarning bug‘doy puli majburan yagona yer solig‘iga o‘tkazilayotganini tasdiqladi:

Xodimimizning boshida turib fermerlar pulini yagona yer solig‘iga o‘tkazishga majburlab o‘tiribdi.

“Zamhokim Alisher aka bilan, Ilhom aka bankka kelib transh bo‘limiga o‘tirib olgan. Xodimimizning boshida turib fermerlar pulini yagona yer solig‘iga o‘tkazishga majburlab o‘tiribdi. Bank boshqaruvchisi Aziz aka ham ularga bu qonunga zidligi, prezidentning o‘zi yaqindagina selektorda fermerlarga oldindan to‘lov qildirmaysan, ayniqsa sentabr, oktabr oylari pullariga tegmaysan, deb aytgan bo‘lsa ham quloq solmadi. O‘tirib olib, fermerlarni chaqirtirib, porucheniye bermasang tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovga ro‘para qilaman, deb qo‘rqityapti. Aslida qonun bo‘yicha, soliqchilar maxsus ruxsatsiz bank hududiga kirishi mumkin emas, lekin bular uchun qonun ishlamaydi”.

Ozodlik kun davomida Andijon tumani hokimi o‘rinbosari Alisher Mirzakarimov va tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Rahimovning mobil telefonlariga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo javob bo‘lmadi.

O‘zbekiston yagona yer solig‘i yer banitetiga qarab belgilanadi va g‘allachilik va paxtachilikka ajratilgan yerning har gektariga yiliga 250 ming so‘mdan boshlab soliq belgilanadi.

Andijon viloyatida fermerlar o‘zlarining hisobidagi pul mablag‘larini erkin tasarruf qila olmasligi, ularning mablag‘lari turli xil hisoblarga o‘tkazib yuborilgani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

Jumladan, Andijon tumani fermerlari tuman hokimining og‘zaki buyrug‘iga ko‘ra “eksport uchun” 300 ming so‘mdan 150 AQSh dollarigacha pul topshirishga majburlangani haqida Ozodlik 8 mart kuni yozgan edi.

Andijon viloyati Izboskan tumani fermerlariga avgust oyi boshida har gektar yer uchun 30 ming so‘mdan naqd pul solig‘i solingan edi. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, bu pullar viloyat eksport majburiyatini "bajarish" uchun sarf qilinadi.

XS
SM
MD
LG