Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 01:56

"So‘kong‘ich hokimlarga" orden berilishini tanqid qilgan bloger 10 kunga qamaldi


29 yoshli Nodirbek Hojimatov Andijon viloyat hokimi "Mehnat shuhrati" ordeni, Shahrixon tumani hokimi "Sodiq xizmatlari uchun" medali bilan mukofotlanishini tanqid qilib chiqqan.

O‘zbekistonda so‘kong‘ichligi bilan tanilgan va prezidentning o‘zi hiyonatda ayblagan hokimlarga orden berilishini tanqid qilib chiqqan 29 yoshli bloger Nodirbek Hojimatov 10 sutkaga qamaldi.

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi blogerning otasi Nurmuhammad Hojimatovning Ozodlikka aytishicha, 12 sentabr kuni uning o‘g‘lini IIBning ikki xodimi olib ketgan.

Shu kuni Shahrixon tuman ma’muriy ishlar sudi Nodirbekni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi - Haqorat qilish, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitishda ayblab, 10 kunga qamash haqida hukm chiqargan.

Nurmuhammad Hojimatovning aytishicha, o‘g‘li Andijon viloyat hokimiga "Mehnat shuhrati" ordeni, Shahrixon tumani hokimiga "Sodiq xizmatlari uchun" medali berilishini tanqid qilib chiqqani uchun jazolanganini aytdi.

- Sudya o‘rnidan turib, "sen nega prezident farmonidan norozi bo‘lib shunaqa narsalarni yozding?" dedi.

- Sudya o‘rnidan turib, "Sen nega prezident farmonidan norozi bo‘lib shunaqa narsalarni yozding?" dedi. Shundan so‘ng, tuman hokimligidan kelgan 10 ta amaldorni turg‘izib, har bittasidan "da’voyim bor, qonuniy jazo bering" degizdirib, 10 sutka berdi, - dedi bloggerning otasi Hojimatov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami arafasida, 29 avgust kuni bir qancha o‘zbekistonliklarni faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlagan edi.

Prezident farmoniga ko‘ra, Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Shahrixon tuman hokimi Hikmatullo Dadaxonov "Sodiq xizmatlari uchun" medali bilan mukofotlangandi.

Nodirbek Hojimatov shu oy boshida o‘zining Facebook sahifasida "so‘kong‘ichligi va qo‘li ostidagilarga qo‘pol muomalasi hamda ko‘zbo‘yamachiligi bilan tanilgan hokimlar mukofotga loyiq emas", deb yozib chiqqan edi.

Ammo, Hojimatovning bu haqdagi posti Facebookda g‘oyib bo‘lgan.

Otasi Nurmuhammad Hojimatovning Ozodlikka aytishicha, o‘g‘li ustidan sud advokatsiz o‘tgan, ayblanuvchi tomon gapini sud e’tiborsiz qoldirgan.

Sudda Nodirbek "qani meni so‘z erkinligim", degan edi, sud unga javob bermadi. "Meni erkinligim poy-mol bo‘lyaptiku", degandi, unga ham javob bermadi.

- Sudda Nodirbek "qani mening so‘z erkinligim?", degan edi, sud unga javob bermadi. "Mening erkinligim poymol bo‘lyaptiku?!", degandi, unga ham javob bermadi. O‘g‘limning birgina aytgan gapi "bu hokimlar ordenga noloyiq". Sudyaning aytishicha, prezident farmonini hech kim savol ostiga olishga haqqi yo‘q ekan. Axir prezidentimizning o‘zlari ham orden bermasidan oldin bu hokimlarni ko‘zbo‘yamachiligi uchun tanqid qilgan ediku?! - deydi Nurmuhammad Hojimatov.

Iyul oyidagi hukumat majlisida Shavkat Mirziyoyev Andijon hokimi Abdurahmonovni “ko‘zbo‘yamachilik” holatlari uchun tanqid qilgan, "Internetda tarqalgan xabarlarni kuzatganini" aytgandi.​

Nodirbek Hojimatov qamalishidan oldin unga bosimlar bo‘layotgani haqida Ozodlikka Telegram orqali ma’lum qilgan edi.

"Men viloyat hokimiga mukofot berilishiga qarshiman. Lekin, Shahrixon tuman prokurori mendan har-xil usullar bilan shaxsiy fikrimni erkin bayon etishimni to‘sqinlaydigan tushuntirish xati yozdirib oldi. Xatda "qaytib yozmaslikka va’da beraman" deb yozdirildi", - deb yozgan edi Hojimatov 6 sentabr kuni Ozodlik tahririyatiga yo‘llagan maktubida.

Ozodlik Nodirbek Hojimatovning 10 kunga qamalishi yuzasidan Shahrixon tumani prokuraturasidan ham, Ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman sudidan ham izoh ololmadi.

O‘zbekistonda blogerlar faoliyatiga to‘sqinliklar qilingani va qamalgani haqida Ozodlik avval ham xabar qilgan.

O‘tgan oy Samarqandda firibgarlar ishini fosh qilgan blogerga noma’lum erkak bolta bilan hujum qilgan edi.

O‘tgan yilning avgust oyida esa to‘rtta bloger "ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik" aybi bilan qo‘lga olingan va 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan edi.

O‘zbekistonda turli mavzudagi internet bloglar paydo bo‘layotgani odamlarning erkin fikrlashga, atrof-muhitdagi hodisalarga munosabatini bildirishga ishtiyoqi kuchliligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov Alter Ego loyihasi doirasida videobloger Kirill Altmanga bergan intervyusida blogerlar chiqishlarini yaqindan kuzatib borishini aytgan va ular dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqayotganliklaridan mamnun ekanini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG