Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 07:17

Buxoro yahudiylarini ham o‘zbek tili¸ o‘zbekcha osh va o‘zbek musiqasi birlashtiradi


Germaniyaning Hannover shahrida Buxoro yahudiylarining sakkizinchi, Germaniya hududida esa¸ birinchi xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda dunyoning 9 mamlakatidan kelgan yuzdan ortiq Buxoro yahudiylari va Germaniyada istiqomat qiladigan 300 dan ziyod diaspora vakillari ishtirok qildi.

Ishi yurishganlar qurultoyi

Anjumanda uch kun qatnashib¸ bu to‘plandini “ishi yurishganlar qurultoyi” deb atash fikriga keldim.

Buxoroning Labihovuzida oddiy oshpaz bo‘lib ishlagan Boris Yusupov bugunga kelib Nyu-Yorkda o‘zbek taomlari pishiradigan bir necha restoranlar egasiga aylanib¸ millioner bo‘lganidan mamnun.

O‘zTV simfonik orkestrida oddiy solist bo‘lgan toshkentlik Iosif Sholomoyev bugun AQSh Metropoliten operasida kuylashdek yuksak martaba egasiga aylangan.

Toshkentda ilk bor buyrak transplantatsiyasini amalga oshirgan jarroh Robert Pinxasov bugun Nyu-yorkdagi mashhur klinikada taniqli jarroh sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda ular bugungi moddiy muvaffaqiyat O‘zbekistonda olingan bilim va tarjriba ustiga qurilganini mamnuniyat bilan gapirishdi.

O‘zbek tilli qavm

Buxoro yahudiylarining Germaniyadagi bosh ravvini Yoxanan Yoqubov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda anjumanda o‘z jamoasi O‘zbekistonga alohida mehr qo‘yganini ta’kidladi:

Buxoro yahudiylarining Germaniyadagi bosh ravvini Yoxanan Yoqubov
Buxoro yahudiylarining Germaniyadagi bosh ravvini Yoxanan Yoqubov

- Buxoro yahudiylarining Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda ikki yarim ming yillik tarixi bor. Ular bu tarixiy merosni e’zozlab kelishmoqda¸ deydi Yoqubov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Buxoro yahudiylari fors¸ rus va o‘zbek tilida gaplashishadi.

AQShda chop qilinadigan The Bukharian times gazetasi muharriri asli samarqandlik Rafael Nektalov Ozodlik bilan suhbatda Buxoro yaxudiylari o‘zbek tilini ona tili sifatida qadrlab kelayotganini aytadi.

Suhbatdosh AQShda faoliyat olib borayotgan “Sozanda” ansambli repertuarida o‘zbek tilidagi qo‘shiqlar talay ekaniga e’tibor qaratdi.

“Sozanda” ansambli rahbari Boris Katayev Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek tili dunyoning qaerida yashashidan qat’iy nazar¸ Buxoro yaxudiylari uchun aziz va ardoqli ekanini alohida hayajon bilan ifoda qildi.

Oshi-palov atrofida birlashgan millat

Boris Katayevning aytishicha¸ Buxoro yahudiylarini o‘zbek tili bilan birgalikda buxorocha palovi ham birlashtiradi:

- Biz bu taomni juda qadrlaymiz. Buxorocha osh barchaniki va shu jumladan buxoro yahudiylariniki hamdir. Bu oshi-palovning har bir guruchi marvariddan ham qadrli. Sabzisi esa Buxoro quyoshi kabi zarhal.

Germaniyaning Hannover shahriga Buxorodan ikki katta qozon olib kelindi. Asli buxorolik oshpaz Isroil aka damlagan palov tadbir qatnashchilarining olqishlari fonida namoyishkorona suzildi.

Yaxudiy rabbilari navbatma-navbat kelib palovni kapkir bilan aralashtirib ketdi.

“Ajab-ajab” degan o‘zbek qo‘shig‘i yangradi. Hamma qozon atrofida raqsga tushdi.

The Bukharian times gazetasi muharriri Rafael Nektalov “palovning allaqachon kulinariya termini bo‘lishdan chiqib¸ Buxoro yahudiylarini birlashtiradigan asosiy omillaridan biri bo‘lganini aytadi.

Buxoro yahudiylari qurultoyi
Buxoro yahudiylari qurultoyi

O‘zbek qo‘shiqlarini kuylashadi

“Sozanda” ansambli solisti¸ asli samarqandlik Tamara Katayeva palov yegandan keyin¸ o‘zbekcha qo‘shiq aytish Nyu-Yorkda istiqomat qilayotgan 60 mingdan ziyod Buxoro yahudiylari orasida urf bo‘lganini aytadi. 30 yildan beri AQShda yashayotgan Katayeva bu qo‘shiqlarni nevarasi ham o‘zbek tilida kuylayotganidan mamnun.

Buxoro yahudiylari o‘zbek qo‘shiqlari bilan bir qatorda ingliz va italyan tillarida katta sahnalarda opera ariyalarini ham ijro qilishmoqda.

O‘zTV simfonik orkestrida oddiy solist bo‘lgan toshkentlik Iosif Sholomoyev bugun AQSh Metropoliten operasida kuylashdek yuksak martaba egasiga aylandi. Boris Godunov operasidagi Yurodiviy partiyasini ijro qiladi.

-Toshkentdan kelgan oddiy qo‘shiqchini eshitib ko‘rib¸ Metropoliten operasiga ishga olishgani men uchun mo‘’jiza bo‘ldi. Plasido Domingoning o‘zi eshitib ko‘rib¸ tahsin aytdi. Albatta¸ bu olqish¸ bu martaba Toshkent konservatoriyasida olgan bilim natijasida bo‘ldi. Men Toshkentni qo‘msayman. O‘zbekcha qo‘shiqlarni xirgoyi qilaman¸ deydi Sholomoyev.

O‘z TV simfonik orkestrida oddiy solist bo‘lgan toshkentlik Iosif Sholomoyev
O‘z TV simfonik orkestrida oddiy solist bo‘lgan toshkentlik Iosif Sholomoyev

Yahudiylarning najot qal’asi

Turkiston hududida yahudiylarning qanday yerlashgani haqida turli taxmin va afsonalar bor. Bu taxminlar ichida tarixchilar tarafidan e’tirof qilinadiganiga ko‘ra¸ Assuriyadagi qirg‘inlar bois yahudiylarning bir qismi Eron orali qochib o‘tib¸ bugungi O‘zbekiston hududlariga kelib yerlashgan.

Anjumanda ham yahudiylar Buxoroga Assuriyadagi qatag‘onlardan Eron orqali qochib kelib najot izlagani aytildi.

Buxoro yahudiylari atamasining birinchi bo‘lib 16-asrda paydo bo‘lgani aytiladi.

Ingliz missioneri Volf amir Nasrullaxon hukmronligi davri (1826—60)da Buxoroda 10 ming yahudiy yashaganligini ko‘rsatib o‘tgan.

Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, 1926 yilda O‘zbekistonda 18 172, 1989 yilda esa 28 369, shu jumladan Buxoroda 4200 Buxoro yahudiylari yashagan..

Bugunga kelib Buxoro yahudiylari deb nom olgan bu jamoaning ilk davrlarda Samarqandda yashagani aytiladi.

Millati yahudiy bo‘lgan ispaniyalik sayohatchi Beniamin de Tudel ma’lumotiga ko‘ra, 1165 yilda Samarqandda 30 mingga yaqin yahudiy istiqomat qilgan.

XVIII asrning o‘rtalarida Nodirshoh (1736-1747) Samarqandni bosib olganda¸ uning lashkarlari orasida yahudiylar ham bo‘lgani aytiladi.

Keyinchalik ular Samarqandning Shoh-Kash, Chor-Raga, Novadon, Qo‘shhovuz kabi guzarlarida yashab qolganlar. Buxoro hukumatining Nodirshoh davrida yahudiylarga nisbatan yumshoq muomalada bo‘lgani ham aytiladi.

Turkiston Rossiya tarafidan ishg‘ol qilinganidan keyin rus sharqshunos olimlari aholi tarkibidagi yahudiylar turmush tarzini ham o‘rgangan. Ularga ko‘ra¸ yahudiylar bir mavzega jam bo‘lib birga yashashni xohlagan. Buxoroda ham, Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on, Karmana kabi viloyatlarida ham yahudiylar musulmonlardan ajralgan holda yashab kelgan.

"Bizgacha yetib kelgan mana bu ma’lumot esa yahudiylar mahallalari qanday tashkil bo‘lganiga misol bo‘ladi"¸ deydi Rafael Nektalov Ozodlik bilan suhbatda.

- 1843 yilning bahorida mahalliy yahudiylarga Samarqandning sharqiy qismidan 2,5 gektar joyni 10 ming kumush tangaga sotish haqidagi shartnoma tuzildi. Bu shartnomani yahudiylardan 32 kishi imzoladi, davlat uning haqiqiyligini to‘rt muhr bilan tasdiqladi. Shunday qilib, yahudiylar o‘zlarining birinchi mahallalariga ega bo‘ldilar.

Past nazarga noyil bo‘lganlar

Ayni paytda Buxoro yahudiylari Buxoro amirligida kamsitilgan edi¸ deydi Nektalov.

"Ular jizya solig‘iga tortilganlar¸choponlari ustidan arqon bog‘lab yurishgan. Musulmon kishini ko‘rganda¸ ularga ot yo eshakdan tushib¸ yayov yurish majburiyati yuklangan".

Nektalovga ko‘ra¸ sovet davriga kelib bu kamsitishlar boshqa bir tarzda namoyon bo‘lgan.

- 1937 yildagi stalincha qatag‘on davrida 1000 ga yaqin Buxoro yahudiysi hibsga olingan, sinagogalar, yahudiy maktablari, teatr, muzey va gazetalar yopilgan. Qatag‘ondan omon qolgan Buxoro yahudiylari etikdo‘zlik¸surat olish¸kinometografiya kabi sohalarning yetuk mutaxassislari sifatida tanildi.

Shuningdek ular savdo, musiqashunoslik, tilshunoslik¸ aktyorlik, hunarmandchilik bo‘lib, keyinchalik maishiy xizmat, pedagoglik sohalari, muhandis, vrachlik kasblarini egallashgan. Buxoro yahudiylari orasidan fan va madaniyatning yirik arboblari yetishib chiqqan.

O‘zbekistonda yetishgan fan doktorlari — professor Ishoqov, Kalantarov, Pinxasov, Mallayev; kompozitorlar — Leviyev, Yudakov; rassomlar — Yelizarov; O‘zbekiston xalq artistlari — Boboxonov, Davidova, Oqilov, Yoqubova, Shamayeva shular jumlasidandir.

Toshkentda ilk bor bo‘yrak transplantatsiyasini amalga oshirgan jarrox Robert Pinxasov
Toshkentda ilk bor bo‘yrak transplantatsiyasini amalga oshirgan jarrox Robert Pinxasov

Susambil istagi

O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab O‘zbekistondagi Buxoro yahudiylari Isroildagi tarixiy vatanlariga keta boshlashdi.

O‘tgan asrning 90-yillariga kelib bu jarayon ommaviy tus oldi - qadim yahudiy mahallalari bo‘shab qoldi.

Rafael Nektalov Ozodlik bilan suhbatda yahudiylarni kolibri qushlariga mengzaydi. "Ular qaerda yaxshi hayot bo‘lsa¸ o‘sha yerda yashashadi"¸ deydi Nektalov.

Buxoro yahudiylari o‘zlari bilan birga tor va ruboblarini¸ oshpazlik va tujjorlik mahoratlarini Isroil va Amerikaga olib ketishdi. Birgina Nyu -Yorkning o‘zida Buxoro yahudiylarining ikki teatri ishlab turibdi.

Bu teatrlardan birida Buxoro amirining saroydagi qo‘shiqchisi Levicha Boboxonovga bag‘ishlangan spektakl qo‘yilmoqda.

Bu spektakl rejisseri Boris Katayev Ozodlik bilan suhbatda bu asar markazida shashmaqomga muhabbat turganini aytadi.

Buxoro yahudiylarining Germaniyadagi bosh ravvini Yoxanan Yoqubovning aytishicha bugungi O‘zbekiston rahbariyati buxoro yaxudiylariga alohida ehtiromi bilan ajralib turadi:

- Hofiz Levicha Boboxonov nomiga Buxoroda ko‘cha qo‘yilgan¸ Buxorodagi yahudiy qabristonida esa "Buxoro Shalyapini" deb dong chiqargan hofiz qabri bor. Sal narida kaniso. Yahudiylarning ibodatgohi. Dovudning olti qirali yulduzi Buxoro zardo‘zisida to‘qilgan bu kaniso ichida Isroil bayrog‘i ham osig‘lik. Bu ibodatgoh O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olingan sakkizta sinagogadan biri.

Yoqubovning aytishicha¸ Buxoro yahudiylaridan birortasi AQSh va Germaniyada ishsiz qolmadi:

- Fizikada bordan yo‘q bo‘lmaydi¸ degan gap bor¸ O‘zbekistondan ketgan oshpazlaru qandolatfurush¸ etikdo‘zu sartaroshlar bugun o‘z kasblarini Amerika va Yevropada davom ettirishmoqda. Grin karta yutgan o‘zbeklar ham ular ochgan etikdo‘zlik ustaxonalari va kabobxonalariga dastyorlikka ishga kirishmoqda. Do‘stlik davom etmoqda.

O‘zbekiston gulzor, har shahri lolazor

1990 yilda Buxoroning Labihovuzida oddiy oshpaz bo‘lib ishlagan Boris Yusupov xotirasida O‘zbekiston doimiy bayramdan iborat katta bir gulzor kabi qolgan:

- Otam Sharof Rashidovning xos oshpazi bo‘lgan. Qora chaykada egniga oq pidjak va boshiga oq shlyapa kiygan Sharof Rashidovning tabassumli siymosi esimda qolgan. Hamma yoq gulzor edi. Odamlarda bir-biriga mehr bor edi¸ deya eslashdi Boris Yusupov va uning xotini Zoya Yusupova.

Buxoroning Labi xovuzida oddiy oshpaz bo‘lib ishlagan Boris Yusupov
Buxoroning Labi xovuzida oddiy oshpaz bo‘lib ishlagan Boris Yusupov

O‘zbekistondagi Shashmaqom ijrochisi Frida Mulloqandovanig AQShda 30 yildan beri yashayotgan qizi Tamara Katayevaning “O‘zbekiston gulzor” qo‘shig‘i Germaniyada yig‘ilgan Buxoro yahudiylarinin nostalgik kayfiyatiga uyg‘un jarangladi.

O‘zbekiston gulzor,

har shahri lolazor

Qanday go‘zal bu bog‘lar,

keling, keling mehmonlar!!!

Jon-joooon

Jonim O‘zbekiston!!

XS
SM
MD
LG