Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 19:35

4 chegarachi halokati ortidan muzokara o‘tkazgan bosh vazirlar dastlabki kelishuvlarga erishdi


Tojikiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari uchrashuvi. 2019, 17 sentabr

18 sentabr kuni ertalab Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida har ikki tomondan to‘rt nafar chegarachining o‘limiga sabab bo‘lgan qurolli ziddiyat ortidan ikki mamlakat hukumatlari olib borgan muzokaralar yakunlandi. Har ikki tomondan yaralangan o‘nlab kishilar kasalxonalarda qolmoqda.

Qirg‘iziston bilan chegaradagi Bobojon G‘afurov tumanining Ovchikalacha jamoati, Bahor mahallasidagi muzokaralarda ishtirok etgan tojik delegatsiyasining ismi aytilmasligini istagan yuqori martabali a’zosining Ozodlik radiosiga xabar berishicha, har ikki tomon yagona to‘xtamga kelgan, qirg‘iz tomoni kuzatuv minorasini olib tashlaydi, tojik tomoni bunday minorani qurmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarning boshqa bir natijasi tomonlarning bugun soat 18 gacha chegaradan qo‘shimcha kuchlar va jangovor texnikani olib chiqishga rozilik bergani bo‘ldi.

Kecha kechasi boshlangan Tojikiston bosh vaziri Koxir Rasulzoda va Qirg‘iziston bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgazievning muzokaralari bugun ertalab ham davom etdi.

So‘g‘d viloyat ma’muriyati matbuot kotibi Muzaffar Yunusovning chorshanba kuni xabar berishicha, “bo‘lib o‘tgan muzokaralarning bosh mavzularidan biri mojaroni bartaraf etish va bahsli uchastkada vaziyatni barqarorlashtirish masalasi bo‘lgan. Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash maqsadida tomonlar chegaradosh hamjamiyatning muloqotini davom ettirish va turli-tuman kelishmovchiliklarni tinch yo‘llar bilan yechish borasida o‘z fiklarini aytishdi”.

Muzaffar Yunusovning aytishicha, Ovchikalacha jamoatidagi vaziyat hozirgi vaqtda osoyishta, savdo nuqtalari, jamoat ovqatlanish punktlari, tashkilot va idoralar ishlab turibdi.

16 sentabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida otishma yuz berdi, natijada to‘rt kishi halok bo‘ldi. Tojik tomonidan uch chegarachi, qirg‘iz tomonidan bir chegarachi, halok bo‘ldi. 12 nafar tojikistonlik va 13 nafar qirg‘izistonlik yaralangan. Ko‘pchilik yaralanganlar kasalxonada qolmoqda.

XS
SM
MD
LG