Линклар

Шошилинч хабар
17 октябр 2019, Тошкент вақти: 08:14

Tadbirkorlar kuryerlik jo‘natmalarining yana qudratli shaxslar monopoliyasiga aylanayotganidan xavotirda


Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar xorijdan Navoiy aeroportiga yuborilayotgan jo‘natmalarning to‘lig‘icha Toshkentdagi ana shu post nazoratiga o‘tganini bildirdi.

Bojxona qo‘mitasi Navoiy aeroportiga kelayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari - shaxsiy foydalanish uchun yuboriladigan va bojga tortilmaydigan yuklarni rasmiylashtirishni Toshkentga ko‘chirdi.

Oqibatda¸ asosan xorijdagi mehnat muhojirlari O‘zbekistondagi oilasiga yuborayotgan yuzlab tonna yuk qariyb uch haftadan beri Toshkentdagi xususiy MJCh omborxonasidan chiqarilmayotir¸ kuryerlik operatorlari esa¸ xorijdagilar yukini qabul qilishni to‘xtatishga majbur qoldi.

Bu esa¸ Ozodlik gaplashgan rasmiylar va tadbirkorlar ta’kidicha¸ prezident Mirziyoyevning o‘tgan yil 19 iyuldagi 3873- qaroriga ziddir.

Navoiy xalqaro aeroportining Ozodlik gaplashgan mutasaddilari Bojxona qo‘mitasi hozirgacha bunday qarorni izohlovchi biror hujjat taqdim qilmaganini bildirdi.

Turkiyadan O‘zbekistonga pochta jo‘natmalari yuborish bilan shug‘ullanib kelgan shirkat egalari Ozodlikka bunday o‘zgarishdan maqsad xorijdan tijoriy va shaxsiy jo‘natmalar yuborish sohasini monopoliyaga aylantirish ekanini ta’kidladi.

Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorlar¸ xususan¸ kargo sohasi mutasaddilari¸ o‘tgan yilga qadar avvalgi prezident oilasiga qarashli bo‘lib kelgan bu biznesning yana "O‘zbekiston 1-oilasiga aloqador shaxslar nazoratiga o‘tayotganini" iddao qildi.

Ozodlikning bu o‘zgarishga izoh so‘rab qilgan murojaatiga Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati "bu masala bo‘yicha shug‘ullanayapmiz, saytimizda ham yoritmoqchimiz albatta"¸ degan javob yo‘lladi.

Hozircha bunday izoh e’lon qilinmadi.

Prezident qarori bitta buyruq bilan to‘xtatildi...

Keyingi bir hafta davomida Navoiy xalqaro aeroportidagi xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazoratidan o‘tkazish va rasmiylashtirish hududi bo‘shab qoldi.

Navoiy xalqaro aeroporti bojxona omborxonasining bundan bir oy oldingi va hozirgi ko‘rinishi.
Navoiy xalqaro aeroporti bojxona omborxonasining bundan bir oy oldingi va hozirgi ko‘rinishi.

Turkiyadan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari yuborish bilan shug‘ullanib kelgan tadbirkorlarning Ozodlikka yuborgan bu xabarini Navoiy xalqaro aeroporti direksiyasi tasdiqladi.

Toshkentdagi “qudratli shaxslarga yoqmaydigan ma’lumotni” ochiqlash oqibatlaridan cho‘chib shaxsi sir qolishini so‘ragan aeroport rasmiysiga ko‘ra¸ O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining og‘zaki buyrug‘i bilan Navoiy aeroportiga kelayotgan bunday jo‘natmalarni rasmiylashtirish 450 km nariga – Toshkentga ko‘chirilgan.

Bizga birorta qonun¸ qaror yoki hujjat berishmadi. Bojxona qo‘mitasi bitta telefon bilan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini rasmiylashtirish Toshkentga ko‘chadi¸ dedi¸ tamom-vassalom. Og‘zaki aytilgan bahonaga ko‘ra¸ go‘yo bizda qishki sezon uchun isitish tizimi yo‘q emish. Isitish tizimini qilinglar desa¸ uch kunda qilamiz. Lekin maqsad bu emasda”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Navoiy xalqaro aeroporti mutasaddilaridan biri.

Prezident Mirziyoyevning o‘tgan yil 19 iyulda imzolagan 3873-sonli qarorida¸ “kirib kelayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi havo transporti orqali yetkazishda — xalqaro aeroportlar yoki unga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi”¸ deb yozib qo‘yilgan.

Ayni qaror asosida¸ 2018 yildan boshlab Navoiy xalqaro aeroportiga Janubiy Koreya¸ Xitoy¸ Turkiya¸ BAA¸ AQSh va Yevropa davlatlaridan kelayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari ushbu aeroport hududida rasmiylashtirilgan.

Buning uchun hamma texnik vositalarimiz, ishchi kuchimiz yetarli. Hozirgacha tez va samarali ishlab kelayotgan edik. Kelayotgan jo‘natmalar ob’yomi ko‘payganidan keyin shu yil avgustidan yuklarni ochib¸ qayta o‘rash uchun kilosiga 420 so‘mdan haq kiritdik¸ ungacha bepul edi. Jo‘natmalar oqimining ko‘paygani¸ Toshkentdagi qudratli odamlarning rashkini qo‘zidi shekilli¸ buni o‘zlariga olishayapti”¸ dedi Navoiy aeroporti mutasaddilaridan biri.

Bojxona qo‘mitasi jo‘natmalarini rasmiylashtirish uchun xususiy shirkat hududini tanladi

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlardan anglashilishicha¸ Navoiy xalqaro aeroportiga xorijdan kelayotgan minglab tonna kuryerlik jo‘natmalarini nazoratdan o‘tkazib¸ rasmiylashtirish uchun Toshkentdagi SPT Pochta deb nomlangan MChJ ombori tanlangan.

SPT Pochta MChJsi rahbari "buyrug‘i"ning Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
SPT Pochta MChJsi rahbari "buyrug‘i"ning Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

Mazkur MChJ direktori A.Nam 3 sentabr sanasi bilan imzolagan 3-sonli buyruqqa ko‘ra¸ bu o‘zgarish Vazirlar Mahkamasi va Davlat Bojxona qo‘mitasi farmoyishlari asosida amalga oshiriladi.

Bunday o‘zgarish esa¸ go‘yoki “Navoiy aeroportida zamonaviy ixtisoslashgan bojxona ombori” qurilgunga qadar amalda bo‘ladi.

Buyruqda Nam¸ kuryerlik tashkilotlari bilan har bir kilo yukni qayta ishlash va saqlash uchun belgilangan narxlar bo‘yicha shartnoma imzolashni buyuradi.

Mazkur buyruqqa izoh bergan Navoiy xalqaro aeroporti mutasaddilaridan biri¸ bu aeroportda “zamonaviy ixtisoslashgan bojxona ombori” qurilishi haqida hech qanday gap-so‘z yo‘qligi¸ bunday omborning bir yildan beri ishlab kelganini ta’kidladi.

Ozodlik gaplashgan ayrim kuryerlik tashkiloti rahbarlari esa¸ bunday o‘zgarish har bir kilo yukni bojxona nazoratidan o‘tkazish narxining ikki baravarga qimmatlashini anglatishini bildirdi.

Bu tadbirkorlar iddaosicha¸ bunday eksklyuziv xizmat vakolati berilgan xususiy MChJ butun sohani nazoratga olayotgan hukumatdagi shaxslarga yaqindir. Ozodlik hozircha bu iddaoni tasdiqlay olmadi.

Tadbirkorlar faryodi

Navoiyga yuborilgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini rasmiylashtirishning bu yerdan Toshkentga ko‘chirtilgani haqida Ozodlikka xabar yuborgan tadbirkorlar bu biznesning monopoliyaga aylanayotganini ta’kidladi.

Ularga ko‘ra¸ hozirda birgina Istanbulning o‘zida O‘zbekistonga xalqaro kuryerlik jo‘natmalari yuborish bilan shug‘ullanuvchi 75 ta shirkat bor.

Turk havo yo‘llari kargosi haftasiga uch marta Navoiyga uchadi. Hozir Turkiyada taxminan yuz minglab o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ishlab yuripti. Ularning hammasi uyiga pochta orqali kiyim-kechak¸ ro‘zg‘or buyumlari yuboradi. Haftasiga Navoiyga 60 tonna yuk ketayapti. Tijoriy kargo bunga kirmaydi. Ana shu yuk oqimini faqat bitta qo‘lga olishmoqchi”¸ deydi xalqaro kuryerlik jo‘natmalari yuboruvchi shirkat egalaridan biri.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar bir-biridan mustaqil ravishda xalqaro kuryerlik jo‘natmalari oqimining "joriy birinchi oila a’zolari nazoratiga o‘tayotganini" iddao qildi. Ozodlik hozircha bu iddaolarni tasdiqlash imkoniga ega emas.

Yana oddiy xalqqa qiyin bo‘ladi

Xorij¸ xususan¸ Turkiyadagi mehnat muhojirlari o‘z oilalariga yuborayotgan kuryerlik jo‘natmalarini bojxona tekshiruvidan o‘tkazish qoidalarining o‘zgargani¸ tadbirkorlarga ko‘ra¸ bu xizmatni 2-3 baravarga qimmatlashtiradi.

Istanbuldagi o‘nlab kuryerlik shirkatlari o‘zbekistonlik muhojirlar uyiga jo‘natayotgan yuklarni yubora olmay¸ ushlab turganini aytadi.
Istanbuldagi o‘nlab kuryerlik shirkatlari o‘zbekistonlik muhojirlar uyiga jo‘natayotgan yuklarni yubora olmay¸ ushlab turganini aytadi.

Hamma shirkatlar faqat bitta shirkat orqali yuborishga ko‘nmaguncha¸ ular yuborgan posilkalar bojxonadan chiqarilmaydi. 17 kun oldin yuborilgan jo‘natmalarni haliyam ololmadik. Bu tijoriy yuk¸ deb korobkasiga 3¸5-4 million so‘m rastamojka chiqarib berayapti. Bizga ochiq signal berishdi – yo biz aytgan bitta shirkat orqali yuborasan¸ yoki o‘yindan chiqasan. Yukni o‘zim yuborsam¸ kilosiga 2 dollar to‘layman¸ monopolist shirkat esa¸ kilosiga 5 dollar oladi. Buning ustiga¸ Toshkentdagi xususiy MChJ hududida bojxona nazoratidan o‘tkazish ham ikki baravarga oshdi. Hozir muhojirlar bizga topshirgan yuklarni O‘zbekistonga jo‘natmay turibmiz”¸ deydi Istanbuldagi kuryerlik shirkati rahbari.

Ozodlik Navoiy xalqaro aeroportiga xorijdan kelayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini Toshkentga ko‘chirilgani izoh so‘rab Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Bu so‘rovga hozircha "bu masala bo‘yicha shug‘ullanayapmiz, saytimizda ham yoritmoqchimiz¸ albatta" degan javob keldi.

XS
SM
MD
LG