Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:01

OzodDayjest: O‘zbekistonlik iqtisodchi xalqning sabr kosasi to‘lsa, qo‘zg‘olon ko‘tarishi mumkinligidan ogohlantirdi


Iqtisodchi Yuliy Yusupov.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov.

Taniqli iqtisodchi O‘zbekistonda davlat idoralari faqat Artel shirkati manfaatlari uchun ishlayotganiniga e’tibor qaratdi. Qamashi tumanidagi qishloq bir oydan beri qamalda qolayapti. Ikki chaqaloqni o‘ldirgan ayol shayton amri bilan ish tutganini iddao qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Davlat idoralari Artel shirkati manfaatlari uchun ishlayotgani tanqid qilindi


Iqtisodiy rivojlanish markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda so‘nggi bir yilda qabul qilingan loyihalar va normativ hujjatlar haqida tanqidiy fikrlarini bildirdi (www.sof.uz, 23 sentabr). Qayd etilishicha, qabul qilinayotgan loyihalar va normativ hujjatlarning aksari raqobatni sindirish, amaldorlar hukmdorligini kuchaytirish hamda alohida kompaniyalar uchun imtiyozlar yaratishga qaratilgan.

“E’tiborga sazovor yeri shundaki, bu kabi normativ aktlar uzra hammaga tanish bo‘lgan ulkan kompaniya – Artel va uning satellitlarining “quloqlari chiqib turibdi”. Go‘yo bizning barcha vazirliklar va mahkamalarimiz faqat shu kompaniyaning manfaatlari uchun ishlayotgandek his vujudni egallab olgan. Va bu ishlarning barini ISLOHOTLAR deb atashdan uyalishmayapti”, deb yozadi Yu.Yusupov.

Iqtisodiy tahlilchi rasmiylarni xalqning sabr kosasi to‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi. “Sa’y-harakatlaringiz bilan bir kun kelib odamlarning sabr kosasini to‘ldirishingiz va buning natijasi o‘laroq xalq qo‘zg‘olon ko‘tarishi mumkinligini nahotki tushunmasangiz?” deb yozadi u.

Qashqadaryodagi qishloq bir oydan buyon qamalda qolmoqda


Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qo‘shkapa qishlog‘i bir oydan buyon qamalda qolmoqda (“Darakchi”, 26 sentabr). Gap shundaki, qishloqni qo‘shni hudud bilan bog‘lovchi ko‘prik zovur suvi yo‘nalishini o‘zgartirgani sabab xavfli holatga kelib qolgan. Oqibatda aholi, xususan, maktab o‘quvchilari ko‘prikdan o‘ta olmayotir. Eng yomoni, tez tibbiy yordam avtomobillari ham qishloqqa kirishga qiynalmoqda. Aylanma yo‘ldan kelish uchun esa qo‘shimcha 10 kilometr bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Avariya holatidagi ko‘prik sabab homilador ayollarning uyida tug‘ishi holatlari ham kuzatilgan.

Ikki chaqaloqni derazadan uloqtirgan ayol qotillikka qo‘l urgani sababini ochiqladi


Namangan tumanidagi tug‘ruq majmuasining ikkinchi qavati derazasidan ikki chaqaloqni uloqtirgan ayol shayton amri bilan shunday ish tutganini ma’lum qildi (www.daryo.uz, 23 sentabr). 9 sentabr kuni sodir etilgan jinoyat mamlakatni larzaga solgan edi. Bosh prokuratura 23 yoshli D.X. qiz farzandi nuqsonli tug‘ilganidan achchiqlanib, uni hamda yonidagi yana bir chaqaloqni derazadan uloqtirgani haqida xabar bergan edi. Tug‘ruqxonaning oliy toifali neonatologi Muhabbat Egamovaga ko‘ra esa, chaqaloqda ko‘zga tashlanarli oyoq nuqsoni bo‘lmagan.

Repost nashrini yozishicha, ayni paytda hibsda bo‘lgan D.X. o‘z onasiga bu ishni shaytonning buyrug‘i bilan qilgani, endi esa iblis o‘z joniga qasd qilishga undayotganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qotillikda ayblanayotgan D.X.ning birinchi homilasi tushib qolgan. Ikkinchi farzandini 37 haftaligida operatsiya yo‘li bilan dunyoga keltirgan, ammo u nogiron tug‘ilgan.

Prokuratura ushbu holat yuzasidan fuqaro D.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) hamda tug‘ruq majmuasi mas’ul shaxslariga nisbatan 116-moddasi 4-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

XS
SM
MD
LG