Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2019, Тошкент вақти: 07:14

DXX sobiq raisi va boshqalar ustidan hukm o‘qildi


Ixtiyor Abdullayev O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan fevralda ozod qilingan edi.

Jinoiy uyushma tuzganlikda aybdor topilgan Ixtiyor Abdullayev 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

27 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Xarbiy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati

Oliy sud xabarida bunday deyilgan:

Ikki oydan ortiq davom etgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, uch yuzdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi, dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.

Natijada, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, sudning hukmi bilan:

DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Igamov 16 yil;

DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17 yil;

Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorqin Abdullayev 14 yil;

Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8 yil;

Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Xidoyatov 5 yil;

Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Baxodir Dehqonov 5 yil;

Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.

Qolgan 15 nafar sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, jazolar tayinlandi.

Bundan tashqari, sud tomonidan jinoyatlar oqibatida davlat, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratilgan tegishli choralar belgilandi.

XS
SM
MD
LG