Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2019, Тошкент вақти: 20:28

Surxondaryolik tadbirkorlarning 1 mln dollarlik sementi Turkmanistonda qolib ketdi


“Turkmansement” kompaniyasiga joriy yil boshida sement uchun 1,1 million dollar o‘tkazgan surxondaryolik 37 tadbirkor sementni ham, pulini ham ololmayapti.

Tadbirkorlar joriy yilning 1 oktabridan sement importiga O‘zbekistonda avval joriy etilgan imtiyozlar bekor qilinishi ortidan xonavayron bo‘lishidan xavotirda.

Ozodlik gaplashgan mutasaddi idoralar vakillari tadbirkorlar avval shartnomada ko‘rsatilgan tartibda turkman Arbitraj sudiga murojaat qilib ko‘rishi kerak, degan fikrni bildirdi.

Surxondaryo viloyatidan Ozodlikka kelgan kollektiv xat mualliflari shu yil boshida bir guruh tadbirkor “Turkmansement” ishlab chiqarish birlashmasiga 1 million 118 ming AQSh dollari miqdorida sement uchun pul o‘tkazgani, ammo hanuzgacha uni ololmagani to‘g‘risida yozdi.

37 nafar tadbirkor nomidan yozilgan bu xatda 500 markali, tonnasi 39 dollarlik bu sement O‘zbekistonda ancha qimmat bo‘lgani uchun Turkmanistondan sotib olingani bildirilgan.

"Turkmaniston respublikasida 1 mln 118 ming AQSh dollari miqdorida 37 ta tadbirkor puli turibdi. Yil boshida pul o‘tkazganmiz, “Turkmansement” 4 oy eksportga ruxsat bermadi. Mana hozirgacha sementni ololganimiz yo‘q. Xonavayron bo‘lish arafasidamiz" deb yozdi tadbirkorlar.

Ozodlik suhbatlashgan surxondaryolik biznesmenlardan biri turkman tarafi sementni yetkazib berishni paysalga solayotgan bir paytda O‘zbekistonda 1 oktabrdan sement olib kirishga oldin berilgan barcha imtiyozlar ham bekor qilinganini aytdi.

- Imtiyozlar bekor qilinishi yetmaganday, soliq qo‘mitasi import qiluvchi firmalarga QQS soliq to‘lovchisi sifatida ruyxatdan o‘tish talabnomasini yubormoqda.

- Imtiyozlar bekor qilinishi yetmaganday, soliq qo‘mitasi import qiluvchi firmalarga QQS soliq to‘lovchisi sifatida ro'yxatdan o‘tish talabnomasini yubormoqda. Davlat 2020 yil 1 yanvargacha deb imtiyoz bergandi. May oyida qaror chiqib, qaror o‘zgardi. Biz esa qaror chiqishidan oldin pulni turkmanga chiqargan edik. 1 oktabrdan sementga ham boj, ham QQS to'laymiz, ya’ni oktabrdan O‘zbekistonga sement olib kirishning hojati qolmaydi, pulimizni esa “Turkmansement” qaytarmaydi degan xavotirdamiz.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 1 yanvarga qadar muddatga import qilishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha imtiyoz beriladigan mahsulot, xomashyo va materiallar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritilgan (.2019 yil, 13 maydagi PF-5715-sonli Prezident Farmoni).

Tadbirkorlar "Turkmansement"ga 1,18 mln dollar o‘tkazgan
Tadbirkorlar "Turkmansement"ga 1,18 mln dollar o‘tkazgan

Bojxona imtiyozi tatbiq etiladigan tovarlar ro‘yxatida sement, shu jumladan, sement klinkeri (TIF TN kodi 2523) mavjud. Prezident qaroriga ko‘ra, 2019 yil 1 oktabrdan sement chiqarib tashlanadi, biroq ushbu pozitsiyada imtiyozlar sement klinkeriga nisbatan saqlanib qoladi.

Mazkur holatda imtiyozlar asosiy qurilish materiallari, shu jumladan, sement klinkeri va asbest import qilinishida ishlab chiqaruvchi korxonalarga o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ham qo‘llanilishi belgilandi.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar O‘zbekiston hukumatidan imtiyozni yil oxirigacha cho‘zishni yoki pullarini qaytarib berishga ko‘maklashishni so‘radi.

Surxonliklar bu masalada prezident portali, O‘zbekiston Oliy Sudi, Tashqi ishlar vazirligiga besamar murojaat qilganliklarini bildirishdi. Ular 23 sentabr kuni Termizga qilgan tashrifi davomida Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashgani va u pulni qaytarib berishga yordamlashishini va’da berganini aytishdi.

Ozodlik puli Turkmanistonda qolib ketgan 37 tadbirkor ishi masalasida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Surxondaryo viloyat boshqarmasiga murojaat qilib, quyidagi mazmunda javob oldi.

- Sement Prezidentning 5303-Qaroridagi imtiyoz asosida kirib kelyatuvdi. Uchta to‘lov turi – boj, aksiz va QQS bor. Ilgari shulardan ozod bo‘lgandi.

- Sement Prezidentning 5303-Qaroridagi imtiyoz asosida kirib kelyatuvdi. Uchta to‘lov turi – boj, aksiz va QQS bor. Ilgari shulardan ozod bo‘lgandi. Lekin, 1 oktabrdan endi prezidentimizning 5755-sonli Qarori bilan bundan bu yog‘iga Qo‘shimcha qiymat solig‘ini ular to‘laydi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, 1 oktabrdan hamma to‘lov turlaridan QQSni imtiyozlar qatoridan olib tashlayapti va odamlarga qiyin bo‘lmasligi uchun QQS 20 foizdan 15 foizga tushirildi, - dedi boshqarmaning To‘lqin ismli mutaxassisi.

Bojxona vakili 37 tadbirkor muammosini bevosita “Turkmansement” korxonasi bilan bog‘ladi.

U 1 oktabrdan kiritilajak o‘zgartishlar borasidagi qaror matni joriy yilning 27 iyulida e’lon qilinganini eslatar ekan,bu orada sement sotib olgan tadbirkorlar bemalol uni olib kirishi mumkin edi, dedi.

- To‘lov endi shartnoma imzolanganiga emas, kirib kelayotgan vaqtiga qaraydi. Ya’ni, 1 oktabrdan hamma to‘laydi. Aks holda shirkatlar borib 2 yilga shartnoma imzolab, Turkmanistondan bemalol olib kiraveradi - Qarorning ma’nosi qolmaydi.

Suhbatdosh eski imtiyoz bo‘yicha hatto bugun ham sement Surxondaryoga kiritilayotgani, ammo 1 oktabrdan har bir bu mahsulot import qiluvchi 15 foizli soliq to‘lashi majbur ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida surxondaryolik sement sotib olgan tadbirkorlar masalasida xabarlari borligi va ular murojaatlariga tegishli tartibda rasmiy javob berilganini Ozodlikka bildirishdi.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy javobi
Tashqi ishlar vazirligining rasmiy javobi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limining Farhod ismli mutaxassisi tadbirkorlar avvaliga “Turkmansement” bilan imzolangan shartnomaning 8.1 bandiga muvofiq sudga murojaat qilib ko‘rishlari kerakligini uqtirdi:

Shartnomaning 8.1 bandida ko‘rsatilgan fors-major holatlari asosida ular Turkmaniston Arbitraj sudiga murojaat qilishlari mumkin

- Shartnomaning 8.1 bandida ko‘rsatilgan fors-major holatlari asosida ular Turkmaniston Arbitraj sudiga murojaat qilishlari mumkin. Sud ko‘rib chiqishdan bosh tortib, tarbirkorlar huquqlarini poymol qilsa, ana unda Tashqi ishlar vazirligi yoki elchixona “Nega unday bo‘layapti?” deb aralashadi. Hali hech narsa qilmasdan turib, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishyapti, bu noto‘g‘ri. Turkmanlar “sezon” o‘lganidan keyin sementlarini berishi mumkin.

Ozodlik "Turkmansement" bilan ham bog‘lanishga urindi, lekin bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Turkmanistonda sement yetishmovchiligi yuzaga kelgani borasidagi xabarlar shu yilning aprelida paydo bo‘lgandi. Buning ortidan respublikaning Mari va Lebap viloyatlarida sement davlat do‘konlaridan mutlaqo sotuvda yo‘qoldi va unga bo‘lgan narx keskin oshib ketgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

“Turkmansement” birlashmasiga qarashli do‘konlarda sement sotib olmoqchi bo‘lgan mamlakat grajdanlaridan qator hujjat talab qilishgani tarmoqlarda qizg‘in muhokama etilgan edi.

XS
SM
MD
LG