Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:46

Buxoro o‘t o‘chiruvchilarining uchdan bir qismi majburan paxta terimiga olib ketilyapti


Buxoro viloyati tumanlaridagi o‘t o‘chiruvchilarning uchdan bir qismi majburan paxta terimiga yuboriladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan o‘t o‘chiruvchilarning aytishlaricha, shaxsiy tarkibdagi uch smenadan bittasi yotog‘i bilan Jizzax va Sirdaryo viloyatiga jo‘natiladi.

Ayni paytda, terimga ketadigan o‘t o‘chiruvchilar ko‘rpa-to‘shagini viloyat boshqarmasi binosiga olib kelib qo‘ymoqdalar.

Buxoro viloyati yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mulozimi paxta terimiga safarbarlik e’lon qilinganini inkor qilmadi.

Buxoro viloyatining bir necha o‘t o‘chiruvchisi Ozodlikka yuborgan maktubda shunday yozilgan:

“Buxoro viloyat yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarini paxta terimiga majburan jalb qilishmoqda. Prezidentimizning majburiy mehnatga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunlari va gaplariga qaramasdan majburiy tartibda jalb qilishmoqda. Biz odammasmi, bizning yaxshi yashashga xaqqimiz yo‘qmi, bizning oila, bola-chaqamiz yo‘qmi, bizning huquqimizni kim himoya qiladi?”

Ozodlik suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘t o‘chiruvchilardan birining aytishicha, shaxsiy tarkibning uchdan bir qismi har yilgidek yana yotog‘i bilan paxtaga yuborilmoqda:

Endi bilsak, bu gaplar ko‘zbo‘yamachilik uchun aytilgan ekan. Har yil shu ahvol, hech narsa o‘zgarmadi

“Biz uch smena tartibida ishlaymiz, agar bir smena paxtaga ketsa, qolgan ikki smenaga ishlash og‘ir bo‘ladi. 24 soat navbatchilikda turib, yana bir sutkadan keyin ishga chiqishga to‘g‘ri keladi. Bir hissa ko‘p ishlaganimiz uchun hech qanday haq to‘lanmaydi. Yana boshliqlar paxtaga hech qanday ish formasini olib bormaslikni, faqat fuqarolik kiyimida borishimizni, kimdir so‘rasa, o‘z ixtiyorimiz bilan, tashabbus ko‘rsatib terimga kelganimizni aytishimizni, talab qilmoqda. Bu yil hech kim paxtaga majburan jalb qilinmaydi deb, hukumat rahbarlari aytganda xursand bo‘lgan edik. Endi bilsak, bu gaplar ko‘zbo‘yamachilik uchun aytilgan ekan. Har yil shu ahvol, hech narsa o‘zgarmadi”.

O‘t o‘chiruvchilarning aytishlaricha, ayni paytda paxta terimiga jalb qilinganlar ko‘rpa-to‘shagini boshqarma binosiga olib borib qo‘ymoqda:

“Dushanba kuni viloyatdagi 11ta yong‘in xavfsizligi bo‘limidan jami 150 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga yotog‘i bilan olib ketiladi, deb aytildi. Paxta tugaguncha o‘sha yerda bo‘lamiz ekan”.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Buxoro viloyati boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi paxta terimiga safarbarlik e’lon qilinganini inkor qilmadi va savollarga faqat yozma shaklda javob berishini aytdi.

O‘zbekiston hukumati bu yil paxta terimida majburiy mehnat bo‘lmasligini aytgan, jumladan bir qancha vazirliklar majburiy mehnatga qarshi o‘z pozitsiyalarini e’lon qilgan edi.

Jumladan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 25 sentabrdan 31 oktabrga qadar mamlakat paxta dalalarida monitoring o‘tkazishini bildirdi.

Bu monitoringdan maqsad¸ aytilishicha¸ “18 yoshga to‘lmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish”dir.

Ammo, Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, joylarda korxona va tashkilotlar ishchilarining paxta terimiga majburan jalb qilinish holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, 15 sentabrdan boshlab tumandagi barcha shaharcha va qishloqlar aholisi hamda korxonalarning barcha ishchi-xizmatchilari Bog‘ot tumani hokimi buyrug‘i bilan paxta terimiga safarbar qilingani haqida 20 sentabr kuni Ozodlik yozgani ortidan hokim va yana ikki mulozim jarimaga tortildi.

XS
SM
MD
LG