Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2019, Тошкент вақти: 07:01

Kreml Moskvada navbatdagi muxolifat namoyishiga ruxsat berdi


Aktyor Pavel Ustinov himoyasiga namoyishda qatnashishni istovchilar navbatda turibdi, 18 sentabr, 2019 yil, Moskva

Kreml muxoliflari yozgi bir qancha namoyishlardan keyingi tanaffus ortidan ulkan miting uyushtirishni rejalamoqda.

Hibsdagi siyosiy tutqunlarni ozod qilish talabi bilan 29 sentabrga belgilangan namoyishlarga Moskva hokimiyati ruxsat berdi.

Bu uch hafta oldin bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin muxolifat chaqirgan ilk namoyishdir.

Yozgi namoyishlar Rossiya poytaxtini qamrab olgan va huquqni qo‘llovchi idoralarning zo‘ravonliklariga sabab bo‘ldi.

Prezident Vladimir Putin muxoliflari rossiyaliklarni “siyosiy qatag‘onlar”ga qarshi kurashish, hokimiyat idoralaridan Kreml muxolifi Aleksey Navalniyning mamlakat miqyosidagi tarafdorlari tarmog‘iga qarshi reyd va hibsga olish kampaniyasini to‘xtatishni talab qilishga da’vat etmoqda.

Namoyishchilar yana “Moskva ishi” deb atalayotgan ish bo‘yicha qamoqqa tashlangan yoki tergov izolyatorida ushlab turilgan shaxslarni ozod etish hamda politsiya iyul-avgustda bostirgan norozilik namoyishlaridan so‘nggi ta’qiblarni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Saxarov shohko‘chasidagi miting “Otpuskay!” (“Qo‘yib yubor!”) shiori bilan o‘tkaziladi.

Bu yozgi namoyishlar vaqtidagi “Dopuskay!” (“Ruxsat ber!”) shioriga hamohangdir. Ayni shior hokimiyat idoralaridan muxolifat va mustaqil nomzodlarni 8 sentabrdagi Moskva shahar dumasiga bo‘lgan saylovdan chetlatgan hokimiyat vakillariga nisbatan aytilgandi.

Davlat “muxolifatni qo‘rqitish” uchun “siyosiy ishlar” ochmoqda hamda “muxolifatni qo‘rqitish mumkin, deb o‘ylagani uchun buni davom ettirishga qaror qilgan”, deb hisoblaydi inson huquqi masalalari bo‘yicha advokat va Navalniyning tarafdori Lyubov Sobol.

U yozgi mitinglarning asosiy tashkilotchisi bo‘lgan edi.

Internetga joylangan video klipda, jumladan, Sobol shunday deydi:

‒ Barchamiz ularga, yo‘q, buni qila olmaysizlar, deb aytishimiz kerak, ‒ dedi u. ‒ Men har bir kishini mitingga kelib, siyosiy ta’qiblarga qarshi, “Moskva ishi” bo‘yicha adolatsiz qarorlarga qarshi, noqonuniy tintuvlarga qarshi va mintaqalarda odamlarni qo‘rqitish uchun o‘tkazilayotgan maxsus amaliyotlarga qarshi chiqishga chaqiraman.

Moskvada iyul va avgust oylarida bo‘lib o‘tgan mitinglarda 3000 dan oshiq kishi hibsga olindi. Bir necha kishi ommani tarqatib yuborish uchun kuch ishlatgan politsiya tomonidan kaltaklandi.

Bu holni huquqni himoya qilish tashkilotlari va G‘arb hukumatlari qoraladi.

Bundan oldingi eng yirik namoyishlar 2011-12 yillarda saylov natijalari soxtalashtirilishi va Putinning Kremlga prezidentlikning uchinchi muddatini o‘tash uchun qaytishiga norozilik tariqasida o‘tkazilgandi.

Putin hozir prezidentlikning to‘rtinchi muddatini o‘tamoqda va Konstitutsiyaga ko‘ra, 2024 yilgi saylovda qatnasha olmaydi. Ayni holat siyosiy mavhumlikni oshirmoqda.

8 sentabrdagi mahalliy va mintaqaviy saylovlar 2021 yili parlamentga bo‘lib o‘tadigan saylov oldidan Kreml nazoratidagi “Yagona Rossiya” partiyasi uchun sinov bo‘ldi.

Ya’ni, o‘nlab muxolifat va mustaqil nomzodlar ro‘yxatga kiritilmaganiga qaramay, “Yagona Rossiya” partiyasi zarbaga uchradi - Moskva shahar dumasidagi 45 ta o‘rindan 13 tasini qo‘lga kiritdi, xolos.

Bunga qisman Navalniy “aqlli ovoz berish” strategiyasini qo‘llagani sabab erishildi.

Strategiyaga ko‘ra, muxolifat yetakchisi, rossiyaliklarni “Yagona Rossiya” partiyasi siyosatchilarini yengish imkoniyati katta bo‘lgan boshqa nomzodlarga ovoz berishga chaqirgandi. Natijada, ushbu partiya vakillari esa Moskvadagi saylovda “Yagona Rossiya” partiyasiga mansubligini yashirish uchun mustaqil nomzod sifatida qatnashgani ham kutilgan natijani bermadi.

Aslida, hech qachon obro‘si baland bo‘lmagan “Yagona Rossiya” partiyasi nufuzini hukumatning pensiyaga chiqish yoshini va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini oshirish, uzoqqa yuk tashuvchilarga soliq solish, chiqindilarni ko‘mish va qurilishlar kabi masalalar bo‘yicha noroziliklarni bostirishga urinish harakatlari yanada tushirib yubordi.

Oqibatda, Putinning reyingi ham zarar ko‘rdi.

Ammo, “Yagona Rossiya” 8 sentabrda Moskvadan tashqarida barcha mintaqalardagi gubernatorlik saylovlarida g‘olib chiqdi.

Ayni choqda davlat joriy yil yozida ro‘y bergan norozilik kayfiyatini bostirish va kelgusida buning oldini olish uchun aralash taktikani qo‘lladi.

Jumladan, namoyishlar vaqtida hibsga olingan 7 kishi 2 – 5 yilga kesildi, lekin ayrim hollarda Kremlga hisob beradigan prokurorlar bilan sudlar himoyaga bosim o‘tkazmadi.

27 iyuldagi 1400 kishi hibsga olingan ommaviy tartibsizliklarda ayblangan faol Aleksey Minyaylo 26 sentabrda Moskvadan chiqib ketmaslik sharti bilan ozod etildi. U ayblovlarni bo‘yniga olmayapti, chunki namoyishga qo‘shilishdan oldin hibsga olinganini aytmoqda.

3 avgustdagi namoyish vaqtida politsiyaga hujum qilganlikda ayblanib, 3,5 yilga kesilgan Pavel Ustinov, hamkasb aktyorlar va boshqalarning qat’iy murojaatlaridan so‘ng, apellyatsiya shikoyati bo‘yicha qaror chiqarilgunga qadar qamoqdan ozod qilindi.

Namoyishchilarga nisbatan keskin choralarni qoralab chiqqanlar orasida, hatto rahbariyati Kremlga sodiq bo‘lgan Rus pravoslav cherkovining 180 nafar ruhoniysi ko‘rindi.

XS
SM
MD
LG