Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 19:25

Senat Farg‘ona hokimiga 3 oy sinov muddati berdi. Sh. G‘aniyev "quyushqondan chiqqani uchun" uzr so‘radi (VIDEO)


Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev

O‘zbekiston Senatining Reglament va odob komissiyasi Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevga qat’iy ogohlantirish va 3 oylik sinov muddati berdi.

Komissiya yig‘ilishida Senat raisi Tanzila Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqida hokim o‘ta qo‘pol gapirgan va jamoatchilikda norozilik uyg‘otgan, deb tanqid qilgan.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, Shuhrat G‘aniyev o‘z aybini tan olgan, kechirim so‘ragan va tegishli xulosani chiqarishni va’da qilgan.

Ozodlik viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev olib borgani aytilgan yig‘ilish audiosi haqida 29 sentabr kuni xabar qilgan edi.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, 30 sentabr kungi Senat yig‘ilishida Tanzila Norboyeva Shuhrat G‘aniyevni qattiq tanqid qilgan.

So‘ngra Senat raisi hokimga qat’iy ogohlantirish va uch oylik sinov muddati berishni taklif qilgan, komissiya a’zolari taklifni ma’qullagan.

Viloyat hokimi esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olgan.

"Albatta, mening ota-onam, mening avlodlarim ham milliy libosda kiyinadi. Men o‘zim ham uyimda milliy libos kiyaman. Albatta, o‘sha kuni quyushqondan chiqib ketish yoki o‘zini bosib ololmaslik - bu faqatgina o‘zimning aybim. Men aybdorman, imkoniyat bersangiz, faqatgina mehnat qilaman.

Avvalo, davlatimiz rahbari - menga yuksak ishonch bildirgan muhtaram prezidentimizdan o‘tinib-o‘tinib kechirim so‘rayman. Hurmatli senatorlar sizdan ham kechirim so‘rayman. Agar imkoniyat bersangiz, to‘g‘ri xulosa chiqarib, chin dildan mehnat qilaman. Albatta, har qanday jazoga loyiqman. Ming bor uzr", deydi viloyat hokimi tarmoqlarda tarqalgan videoda.

29 sentabr kuni Ozodlikka audioyozuvi kelib tushgan majlisda viloyat hokimi Farg‘onada "beo‘xshov soqol" qo‘ygan va ro‘mol o‘raganga qat’iy chora ko‘rishni buyurgan.

Hokimning bu majlisdagi gaplari ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solganidan bir kun o‘tib, Senat raisi Tanzila Norboyeva Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Shuhrat G‘aniyev muhokamasi uchun maxsus yig‘ilish bo‘lishini ma’lum qildi:

"Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi 2 kundan buyon jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilib kelinmokda. Muhokamalar jarayonida Sh. G‘aniyevning xatti-harakatlari keng omma orasida salbiy e’tirozlarga sabab bo‘lmokda. Shu munosabat bilan ushbu holat yuzasidan bugun Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qilaman".

Senat raisining bu bayonoti Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga tegishli ekani aytilgan majlis audioyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalar uyg‘otganidan bir kun o‘tib paydo bo‘ldi.

Farg‘ona hokimining viloyatda soqol va hijobga qarshi kurash buyicha keskin topshiriq bergani qayd etilgan audioyozuv 29 sentabr kuni Ozodlikka kelib tushdi.

38 minutlik audioni tahririyatga yo‘llagan manbalar uning shu kunlarda G‘aniyev tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishi davomida yozib olinganini bildirgan.

Tahririyatga kelib tushgan audioyozuvda majlisni olib borayotgan mulozim Farg‘ona viloyatidagi qator tumanlardan yig‘ilgan mas’ullardan hisob so‘raydi.

(Hozircha bu majlisning qachon va qaerda bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Hokimlik bu boradagi savollarni ochiq qoldirdi)

Majlis mazmunidan asosiy e’tibor diniy targ‘ibot ishlari va umumiy o‘rta ta’limga qaratilganini tushunish mumkin.

Audioyozuvning ilk soniyalaridanoq mulozim jamoat joylarida "beo‘xshov soqol qo‘yib yurgan"lar masalasiga to‘xtaladi.

"... shularning 386 nafari soqol qo‘ygan, nomardlar.Tahlillar bo‘yicha bunaqa holatlar Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Buvayda, Farg‘ona tumanlarida beo‘xshov soqol qo‘yish hollari keng avj olgan. Bundan tashqari, xotin-qizlar orasida kiyinish - ro‘mol, hijob madaniyatiga rioya etmayotgan jami 851 nafar xotin-qiz aniqlanib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilib, 300 tasining tashqi qiyofasi va kiyinish madaniyatini o‘zgartirishga erishildi", deydi Farg‘ona viloyati hokimi ekani aytilgan ovoz egasi.

Shuningdek, majlis davomida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev qo‘l ostidagilarni "ahmoq" deb so‘kib, buyruq va topshiriqlar berayotganini eshitish mumkin.

Shu tariqa, mulozim Farg‘ona viloyatidagi qator shahar va tumanlar rahbarlari hisobotini bir-bir o‘qiydi va orada ularga yangi topshiriqlar beradi.

Bu viloyat rahbari darajasidagi mulozimning soqolli va ro‘mollilarga keskin chora ko‘rishni talab qilganini bilvosita tasdiqlovchi ilk holatdir.

Ozodlik shu kunlarda Namangan viloyati va Toshkent shahrida jamoat joylarida yurgan shaxslardan soqolini olish talab qilinayotgani, ayrim o‘rinlarda, soqolini majburan oldirilgani haqida xabar qilgan.

Bundan tashqari, Qo‘qon shahridagi maktablarda ro‘molli o‘quvchilar va ularning oilalari ro‘yxati tuzilgani ma’lum.

Ammo shu paytgacha, Ozodlik murojaatlariga javoban soqolni ommaviy ravishda oldirish yoki ro‘molni yechtirish kampaniyasi boshlanganini rasmiylar ochiq tan olmayotgan edi.

Viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev esa majlislarda qo‘pol chiqishlari bilan avvaldan tanilgan.

Shu yilning may oyida Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning ovozi, deb iddao qilinayotgan audioyozuvda ovoz egasi viloyat Majburiy ijro byurosi va Soliq idorasi boshliqlariga ularning “ichagini sug‘urib, boshiga salla qilish”, bilan tahdid qilgandi.

O‘tgan yili yanvar oyidagi audioyozuvda esa mulozim Aqto‘be fojiasida 16 farzandidan ayrilgan Toshloq tumani ahlini "haromilar" va "padaringga la’nat" deya haqoratlagandi.

Ozodlikda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning qo‘l telefoni raqami bor. Ammo, hokim izoh uchun bog‘langan muxbirning savolini eshitgach, bir necha bor aloqani uzib qo‘ygan. 29 sentabr kungi bog‘lanish urinishlari ham natija bermadi.

Shu yilning 2 avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ham Farg‘ona viloyati hokimini keskin tanqid qilgan.

Prezident videoselektor yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimini “G‘aniyev degan vallomat”, deb ta’riflab, xiyonatda ayblagandi. Prezident hokimni Rishtondagi noqonuniy buzilishlar uchun keskin tanqid qilgan va u bilan “katta ishlarni amalga oshirish” imkoni yo‘qligini aytgandi.

Ana shu tanqiddan so‘ng Farg‘ona hokimi Rishton tumaniga borib, aholidan kechirim so‘ragan edi.

Ammo, oradan hech qancha o‘tmay - Mustaqillik bayrami arafasida aynan shu hokimni prezident "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirladi.

XS
SM
MD
LG