Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 21:05

Pensiya jamg‘armasi xodimlari 90 kilometrdan qatnab paxta terishga majburlanmoqda


To‘rtko‘l pensiya jamg‘armasi xodimlari paxtada

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi byudjet tashkilotlari xodimlari shanba - yakshanba kunlari paxta terimiga majburan olib chiqilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan tuman pensiya jamg‘armasi xodimlarining iddao qilishicha, haftaning qolgan kunlari xodimlar o‘z o‘rniga odam yollash uchun 20-40 ming so‘mdan pul yig‘ib berishga majburlanyapti.

Jamg‘arma xodimlari o‘z xabariga paxta uchun pul to‘lash grafigini hamda paxta terayotgani aks etgan suratlarni ilova qildi.

Tuman pensiya jamg‘armasi rahbari xodimlarining paxta terimiga olib chiqilayotganini inkor qildi.

To‘rtko‘l tuman hokimligi mulozimi pensiya jamg‘armasi xodimlarining paxta terimiga chiqarilganidan bexabarligini bildirdi.​

To‘rtko‘l tuman pensiya jamg‘armasining tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan xodimining Ozodlikka yozishicha, ularni paxtaga majburiy chiqarish 23 sentabrdan boshlangan:

Agar kimdir paxtaga chiqmasa o‘z o‘rniga pulga odam yollashini aytdi.


“Pensiya jamg‘armamiz rahbari Botirjon Zokirjonov dushanba kuni majlis o‘tkazib, shanba va yakshanba kunlari paxtaga chiqmagan hamkasbimizni so‘kib urishdi. Agar kimdir paxtaga chiqmasa o‘z o‘rniga pulga odam yollashini aytdi. Jamg‘armadagi pensiya tayinlash guruhi xodimlariga o‘z o‘rniga odam topish uchun 40 ming so‘mdan, pensiya to‘lash guruhiga esa 20 ming so‘mdan soliq solindi”.

Jamg‘arma xodimi ishchilarning o‘z o‘rniga odam topishi uchun rahbariyat tomonidan tuzilgan pul to‘lash grafigini ham Ozodlikka taqdim qildi.

To‘rtko‘l pensiya jamg‘armasi xodimlariga o‘rniga odam topish uchun solingan soliq miqdori
To‘rtko‘l pensiya jamg‘armasi xodimlariga o‘rniga odam topish uchun solingan soliq miqdori

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa xodimning Ozodlikka aytishicha, ular uylaridan 90 kilometr masofaga o‘zlari mashina yollab paxta terimiga borishga majbur bo‘lmoqda:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning, byudjet tashkiloti ishchilari paxta terimiga jalb qilinmaydi, degan gapi bizda o‘tmas ekan.


“Jamg‘armamizda 20 kishi ishlaydi. Rais va o‘rinbosaridan tashqari 18 kishi paxta terimiga shanba va yakshanba kunlari chiqishga majbur. 90 kilometr masofadagi Ko‘kcha degan joyga to‘rt-besh kishidan bo‘lib, birortamizning mashinamizda paxta tergani boramiz. 50 ming so‘mga gaz solamiz. Olgan oyligimiz to‘laligicha paxtaga ketyapti. Biz bir narsaga hayronmiz: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning, byudjet tashkiloti ishchilari paxta terimiga jalb qilinmaydi, degan gapi bizda o‘tmas ekan. Hokim bilan prokuror bu yerda o‘zlari prezident ekan. Jamg‘armamiz boshlig‘ini ham shular majbur qilgan ekan”.

To‘rtko‘l tuman pensiya jamg‘armasi raisi Botirjon Zokirjonov xodimlarini paxta terimiga majbur qilayotganini inkor qildi.

Raisning aytishicha, xodimlar bir kun ham paxta terimiga chiqmagan:

“Yo‘q, yo‘q, unday gap yo‘q. Hammasi o‘z ishida o‘tiribdi. Xodimlardan pul ham yig‘ib olinmagan”.

Ozodlik o‘z tasarrufida raisning xodimlarni paxtaga majburiy chiqarish haqidagi audioyozuvlari, paxta terayotgani aks etgan suratlar, o‘ringa odam yollash uchun pul yig‘ish grafigi borligini aytsa ham, rais, “yo‘q, unday gap yo‘q” deyishdan nariga o‘tmadi.

To‘rtko‘l tuman hokimligining o‘zini tanishirmagan mulozimi tumanda majburiy mehnat yo‘qligini aytar ekan, pensiya jamg‘armasi xodimlarining paxta terimiga chiqarilganidan bexabarligini bildirdi.

O‘zbekiston hukumati bu yil paxta terimida majburiy mehnat bo‘lmasligini aytgan, jumladan bir qancha vazirliklar majburiy mehnatga qarshi o‘z pozitsiyalarini e’lon qilgan edi.

Jumladan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 25 sentabrdan 31 oktabrga qadar mamlakat paxta dalalarida monitoring o‘tkazishini bildirdi.

Bu monitoringdan maqsad¸ aytilishicha¸ “18 yoshga to‘lmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish”dir.

Ammo, Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, joylarda korxona va tashkilotlar ishchilarining paxta terimiga majburan jalb qilinish holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, 15 sentabrdan boshlab tumandagi barcha shaharcha va qishloqlar aholisi hamda korxonalarning barcha ishchi-xizmatchilari Bog‘ot tumani hokimi buyrug‘i bilan paxta terimiga safarbar qilingani haqida 20 sentabr kuni Ozodlik yozgani ortidan hokim va yana ikki mulozim jarimaga tortildi.

XS
SM
MD
LG