Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:14

Konservativ dindorlar forma talabiga bo‘ysunmayotgani ortidan maktab darvozalari oldiga navbatchilar qo‘yildi


Toshkent maktablaridan birida 4 oktabr kuni tonggi navbatchilik qilayotgan o‘qituvchilar.
Toshkent maktablaridan birida 4 oktabr kuni tonggi navbatchilik qilayotgan o‘qituvchilar.

Toshkent shahri tumanlaridan biridagi maktablar darvozalari oldida o‘quvchilarni har tong navbatchi o‘qituvchilar kutib olmoqda va o‘qishga ro‘molda kelganlardan maktabga yalangbosh kirishni talab qilmoqda.

Bu chora, ta’lim sohasi mutasaddilarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining maktab o‘quvchilari formasiga oid 666-sonli qarori ijrosini ta’minlash uchun qo‘llanilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda 666- qarorning tavsiya xarakterida ekanini iddao qilgan konservativ qarashdagi dindorlar hammaslaklarini unga amal qilmaslikka chaqirib kelmoqda.

Ozodlikka 3 oktabr kuni kelgan audioda hukumat qarori ijrosini ta’minlayotgan o‘qituvchilar va qizlarini maktabga ro‘molda yuborayotganlar o‘rtasidagi ziddiyat mohiyati aks etgan.

Unda Toshkent shahri tumanlaridan biri XTB mutasaddisi sentabr oxiridan boshlab maktab darvozalari oldiga navbatchi qo‘yish va maktabga hijob¸ ro‘molda kelgan o‘quvchi qizlarni maktab hududiga belgilangan qoidaga mos shaklda hijobini yechtirib kirish buyurilganini tushuntiradi.

Bu audioni yuborganlar¸ qolaversa¸ yuqoridan berilgan buyruqni ijro etishga majbur ta’lim tizimi mas’uli xavfsizligini himoyalash maqsadida Ozodlik bu audiodagi notiq¸ qolaversa¸ uning aynan qaysi tuman rasmiysi ekanini ochiqlamayotir.

“Vaziyat og‘ir. Topshiriq jiddiy”

Ozodlikka Toshkent shahar tumanlaridan biri Xalq ta’limi bo‘limida o‘tkazilgan yig‘ilish audiosini yuborgan maorif xodimiga ko‘ra¸ sentabr oyi oxirida o‘tkazilgan bu majlisda tumandagi maktablarning ma’naviyat masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari qatnashgan.

Yig‘ilish Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori ijrosi bo‘yicha berilgan topshiriq va buyruqlarning bajarilishiga bag‘ishlangan.

Audio¸ tuman XTB rahbarlaridan birining¸ belgilangan o‘quvchi formasi kiyish tartibini buzayotgan o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumot jadvalining vaqtida to‘ldirib topshirilmayotgani tegishli idoralar e’tiroziga sabab bo‘layotgani haqidagi gaplaridan boshlanadi.

Ozodlik ixtiyoridagi shunday ro‘yxat nusxalaridan¸ unda maktab raqami¸ ro‘molda kelayotgan o‘quvchi qizning sinfi¸ ism-familiyasi¸ yashash manzili va ota-onasining kimligi¸ nima ish qilishi yozilishi talab qilinayotgani ko‘riladi.

Bu ro‘yxatni belgilangan tartibda to‘ldirib topshirishni talab qilgan notiq¸ so‘ngra ro‘molli qizlar borasida qilinishi lozim kundalik ishni aytadi – har bir maktabning kirish darvozalari oldiga¸ asosan¸ ayollardan iborat navbatchilar qo‘yilishini buyuradi.

Soat 7:00 dan maktabning eshigiga odam qo‘yasiz¸ erkak va ayol qo‘yasiz. Har bitta maktab navbatchini eshikka biriktirib¸ rasmini kechi bilan 7.15 gacha lichkamga yuborasiz”¸ deydi Ozodlik shaxsini ochiqlamayotgan tuman XTB mas’uli.

Hozirda o‘zidan talab qilinayotgan asosiy ish shu ekanini ta’kidlagan notiq¸ qizlardan ro‘molni echishda konservativ oilalar hissiyotlarini qo‘zg‘atishdan saqlanishni alohida tayinlaydi.

Erkak kishi yech ro‘molingni desa¸ otaga og‘ir botayapti¸ ishtoningni yech degandek qabul qilayapti. Shunga ayol kishini biriktirasiz. Har kuni navbatchi bo‘ladi. Maktabning temir reshetkasi - ograjdeniyega yetmasdan ro‘molini echadi¸ echgandan keyin sinf rahbariga yaxshilab tayinlaysiz¸ kiradi¸ ro‘molini olib¸ sinf rahbari tortmasiga solib¸ o‘quvchi darsdan chiqqandan keyin qo‘lidan ushlab turib¸ oborib reshetkadan o‘tkazib turib¸ keyin ro‘molni beradi. Maktabning ichida siz xo‘jayinsiz¸ ota-ona emas. Ota-ona uyida xo‘jayin. Maktabda o‘quvchi sizning qoidangizga bo‘​ysunib yuradi. Ular ultimatum qo‘ymasin. Ular qonun-qoidasini sizga o‘tkazmasin¸ siz ularga o‘tkazing”¸ deydi XTB mas’uli.

Lavozimi aytilmagan shaxs nomini tilga olgan XTB mas’uli¸ “vaziyat og‘ir¸ topshiriq jiddiy” ligini alohida ta’kidlaydi.

“Ta’lim mutasaddisi DXXdan tushgan buyruqni bajarayapti”

Ozodlik gaplashgan mazkur majlis ishtirokchilaridan biri¸ XTB mutasaddisi bir necha marta tilga olgan shaxsning tuman Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbari ekani va 666-sonli qaror ijrosi bilan nafaqat ta’lim sohasi¸ balki¸ DXX va hokimlik shug‘ullanayotganini aytadi.

Karimov davrida maktabga ro‘molda kelish muammosi hal bo‘lgan edi - bundaylar qolmagandi. Mirziyoyev kelib¸ dindorlarga yoqadigan gaplarni aytib¸ ularni rag‘batlantirganidan keyin¸ maktab nizomi¸ hukumat qaroriga bo‘​ysunishni xohlamayotganlar ko‘paydi. Muammoning ildizi bolalarning uyida bo‘lsa¸ biz qanday hal qilamiz. Darvozaning oldida ro‘molini yechganimiz bilan¸ bu masala hal bo‘lib qolmayapti. Lekin baloga yana o‘qituvchi qolayapti – ish kunimizni uzaytirib¸ ishga 6:30 da kelasan¸ har bittasi uchun javob berasan¸ deb bizga bosim bo‘layapti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan Toshkentdagi maktab rahbarlaridan biri.

Ozodlik gaplashgan Toshkentdagi ayrim maktab mas’ullari¸ tuman XTB rahbari buyrug‘i ijrosining boshlangani – unga har kuni maktab darvozasi oldida turgan navbatchi o‘qituvchilar surati yuborilayotganini bildirdi.

Bu ma’lumot tasdig‘i uchun ular XTB va DXX mas’ullariga yuborilgan suratlarni ilova qildi.

Toshkent maktablaridan biri darvozasi oldiga nafaqat navbatchi o‘qituvchi¸ balki maktabga qanday kelish ko‘rsatilgan suratlar ham qo‘yilgan.
Toshkent maktablaridan biri darvozasi oldiga nafaqat navbatchi o‘qituvchi¸ balki maktabga qanday kelish ko‘rsatilgan suratlar ham qo‘yilgan.

Tasdiq va ...raddiya

Ozodlik 4 oktabr kuni audioda ovozi yozilgan XTB mutasaddisi bilan bog‘landi.

Suhbatdosh¸ Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori ijrosi ustida muntazam ish borayotganini tasdiqladi.

Maktabning ichki tartib-qoidasi bor¸ Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bor. Unda maktabga o‘quvchining qanday tashqi ko‘rinishda kelishi aniq belgilangan¸ qiz bolaning qanday¸ o‘g‘il bolaning qanday kelishi. Biz shundan ortig‘ini talab qilayotganimiz yo‘q”¸ dedi Ozodlik shaxsini ochiqlamayotgan ta’lim mutasaddisi.

Ayni paytda bu mas’ul¸ maktab qoidalarini o‘rnatish maqsadida tonggi navbatchilik tashkil etilganini inkor qildi.

Man o‘qituvchini eshikning tagiga qo‘yganim yo‘q. Ota-onalar bilan to‘g‘ri targ‘ibot ishlari olib bordik¸ sentabr oyida ularga yana maktab ustavlarini tushuntirdik. Hech kim hech qanaqa e’tiroz bildirgani yo‘q. O‘quvchilarimizning hammasi belgilangan formada maktabga kelishayapti. Muammo yo‘q. Biz o‘quvchining maktab qoidasiga amal qilishini nazorat qilamiz¸ maktabdan tashqarida yurishiga biz emas¸ ota-onasi xo‘jayin”¸ dedi XTB mutasaddisi.

O‘quvchi maktabga qanday kelishi lozim?

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgust kungi 666-sonli qarorida o‘quvchining maktabga qanday qiyofada kelishi batafsil tasvirlangan.

Hukumat qarorida maktab formasi shu tartibda tasdiqlangan.
Hukumat qarorida maktab formasi shu tartibda tasdiqlangan.

Unga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

2019 yil 19 iyun kuni hukumat mazkur qarorning 3 va 7-bandlariga o‘zgartirish kiritib¸ yagona maktab formasining 2019-2020 o‘quv yili emas, balki 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab joriy etilishini bildirdi.

Qarorning qolgan bandlari¸ xususan¸ o‘quvchining maktabga diniy elementlar aks etgan qiyofada kelishini taqiqlovchi bandlari kuchda qoldi.

Konservativ dindorlar boykoti

O‘zbekistondagi konservativ dindorlar guruhi Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarorini “tavsiya” xarakterida deb e’lon qilib¸ o‘z hammaslaklarini uni ijro qilmaslikka chaqirmoqda.

Konservativ dindorlarning 666-sonli qarorga qarshi Telegramdagi tashviqoti
Konservativ dindorlarning 666-sonli qarorga qarshi Telegramdagi tashviqoti

Xususan¸ ijtimoiy tarmoqlarda dunyoviy davlat talabiga muvofiq maktabga qizlarini ro‘molsiz kiritish “nomusga tajovuz” sifatida talqin etildi¸ “erkaklar nomus uchun jon berishga” chaqirildi.

Dunyoviy davlat talablari¸ ayrim radikallar tarafidan¸ "nomusga tajovuz" deb baholandi.
Dunyoviy davlat talablari¸ ayrim radikallar tarafidan¸ "nomusga tajovuz" deb baholandi.

Dunyoviy davlat ustunlaridan biri – ta’lim sohasining dindan ajratilganini rad etuvchi bunday tashviqotlarning kuchayishi ortidan¸ mamlakat¸ ayniqsa¸ Toshkent va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qizlarini maktabga hijob va ro‘molda yuborayotgan oilalar soni oshgan.

Ozodlikka kelgan rasmiy hujjatlardan birgina Qo‘qon shahrida joylashgan 25 ta maktabda bunday qoidaga bo‘ysunmayotgan o‘quvchilar sonining 100 nafarga yaqinligi ko‘rinadi.

Bu xujjatlarda maktabga ro‘molda kelayotgan qizlar otalari aksariyatining bozorda savdo va hunarmandlik bilan shug‘ullanishi¸ onalarining esa¸ uy bekasi ekani yozilgan.

Hozircha respublika bo‘yicha hukumat qarori va mamlakat qonunchiligiga bo‘ysunishni istamayotgan konservativ oilalar soniga oid aniq raqamlar yo‘q.

XS
SM
MD
LG