Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 08:57

Hukumat “Yalla” va Zulfiya ijodidan ekstremizmga qarshi em yaratmoqchi


"Yalla" ansambli muzeyining loyiha maketi

O‘zbekiston hukumati Toshkentdagi 22- bolalar musiqa va san’at maktabi negizida “Yalla” estrada vokal-cholg‘u ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif etilgan qaror loyihasini tayyorladi.

O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Ozodlik bilan suhbatda hukumatning bu rejasini qo‘llab-quvvatlab, qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Joriy yilning 10 oktabrida normativ hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasida o‘zbek estradasini milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan holda rivojlantirish maqsadi ko‘zlangani aytiladi.

Hujjatga “Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish va uning faoliyatini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasi ilova qilingan.

Maxfiy qaror yo‘nalishi

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 sentabr kuni 4437m soni bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarorida "zamonaviy estrada va dunyoviy adabiyot “yoshlarning mutaassib g‘oyalarga berilishining oldini oluvchi” omil sifatida belgilangan.

Maxfiy qaror
Maxfiy qaror

Hujjatga “Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish va uning faoliyatini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasi ilova qilingan.

"Yalla" maktabidan nimalar kutiladi?

Ilovada “Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasining asosiy vazifalari belgilangan:

- milliy estrada san’atini o‘zbek an’anaviy ijrochilik uslublari bilan hamohang tarzda, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan holda rivojlantirish;

- yoshlarni ona Vatanga muhabbat, milliy an’analarga sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy estrada ijrochiligi bo‘yicha iste’dodli yosh ijodkorlarning kasbiy va ma’naviy kamol topishi va o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoit yaratish;

- zamonaviy o‘quv-pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda o‘quv-tarbiya jarayonlarini yanada yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda yangi o‘qitish uslublarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish.

“Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2021 yilda “Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash maqsadida zamonaviy cholg‘ular, o‘quv-qo‘llanmalar bilan ta’minlash hamda zamonaviy ovoz yozish studiyasini tashkil etish yuzasidan zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratsin”, - deyilgan hujjatda.

San’atshunos fikri

Toshkentlik san’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ “Yalla” ansambli va dunyoviy mazmundagi badiiy adabiyotdan “diniy ekstremizm”ga qarshi immunitet yaratish vazifasini yaratish madaniyat vazirligi va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasiga topshirilgan:

- O‘tgan juma (11 oktabr-tahr) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida yig‘ilish bo‘ldi. Majlisda xuddi shu vazifa qo‘yildi. Ya’ni “Yalla” formatidagi milliy estradani rivojlantirish va Hamid Olimjon-Zulfiya juftligi timsolida zamonaviy qaxramon obrazini yoshlar orasida targ‘ib qilish.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning ​fikricha, “Yalla” ansamblidan dorilfunun yasashga urinishning keragi yo‘q:

- Bu ansambldan alma mater chiqmaydi. Yalla” ansambli Sovet vitrinasiga qo‘yilgan mafkuraviy produkt edi. Maksimum Bolgariya va GDRdagi bir ikki festivalda ishtirok etgan. Musiqiy formati eklektikadan iborat. Mazmunan folk-pop. Bundan maktab yasab bo‘lmasligini har bir muzikant biladi. Buning keragi ham yo‘q deb o‘ylayman. Estrada-tsirk bilim yurti bor¸ Glier va Uspenskiy nomidagi musiqa bilim yurtlari turganda bu psevdomaskanga hojat yo‘q deb o‘ylayman.

Farruh Zokirov: "Yalla" allaqachon maktabga aylangan

O‘zbekiston xalq artisti Farruh Zokirovning o‘zi esa, Ozodlik muxbiriga “Yalla” ansambli allaqachon maktabga aylangani va hukumatning bu qarori mavjud reallikka huquqiy tus berganini aytdi::

- Sharoit yaratilishi¸ mablag‘ ajratilishi tahsinga loyiq. “Yalla” ni sobiq SSSR xududlarida hamma biladi va biz kuylasak qo‘shilib kuylashadi. Hukumat qarorini olqishlayman

Hamid Olimjon + Zulfiya

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 sentabr kuni 4437m soni bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarorida Hamid Olimjon va Zulfiya kabi shoirlar nomi keltiriladi:

"Yoshlarni salbiy xulq-atvor hamda "ommaviy madaniyat" ta’siridan saqlash maqsadida Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim kabi "Zamonamiz qaxramonlari" obrazini yaratish orqali yurtimizda madaniyat va san’at sohasida muvaffaqiyatga erishgan shaxslarning hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etish" hujjatda ta’kidlangan.

Shuningdek, "Aholi ayniqsa yoshlarning mutaassib g‘oyalariga berilish holatlarining oldini olish" maqsadida Zulfiyaxonim va Hamid Olimjon asarlarini keng omma orasida tarqatish vazifasi maxfiy qarorda Yozuvchilar uyushmasi va Madaniyat vazirligiga yuklatilgan.

"Stalinni ulug‘lab shoir Botuni choxga itargan odam milliy qahramon bo‘la olmaydi"

O‘zbekistonlik yozuvchi Temur Nizomiddinov Ozodlik bilan muloqot chog‘ida Hamid Olimjon-Zulfiya juftligidan qaxramon yasash muammoli ish degan fikrni bildirdi.

- Bu ikkala shoir qarama-qarshi lager, ya’ni mustaqillikdan oldingi Sovet mafkurasining faol jangchilari bo‘lishgan. Har ikkalasi ham Stalin va Leninni ulug‘lab dostonlar yozishgan. Elbek¸ Botu va Cho‘lponlarga qarshi donos yozishgan. Bu chaquvlar arxivda turibdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ shoir Hamid Olimjon Botu va Elbek kabi shoirlarga nafratini o‘z she'rlarida ifoda qilgan:

- Masalan, Hamid Olimjonning 1951 yilda nashr qilingan “Tanlangan asarlar” kitobini varaqlasak. Shoir o‘z she’rlarida Cho‘lpon va Fitratlarni “Chet elga signal bergan dushman” deya tamg‘alaydi. Qizil terror nomi bilan repressiya uyushtirgan GPU qirg‘inini olqishlaydi. Mana eshiting:

Botular,Oltoylar,

Bo‘laroq bir tan,

Sho‘roga qarshi bir

Tashkilot qurgan.

Majlislar...

«Milliy istiqlol»

Qo‘zg‘alish,

Isyonga

Yo‘l-yo‘ruq chizgan...

Romizlar,Botular,

Fitratu Cho‘lponlar

Niqobga kirgan,

Uch harfla

Har dushmanga

Titroq bergan —

G.P.U!!!

Hokimiyat qilichini

Qinlaridan

Olgan bu!

— O‘lim yovg‘a!!!

Bu — sinfning,

Partiyaning.

Bu — tarixnnng

yo‘li Bu !!

(Hamid Olimjon, "GPU" she’ri, 1937 yili yozilgan)

"1984" ?

Taniqli rus yozuvchisi Ivan Tolstoy Ozodlik bilan suhbatda “Qaror orqali shoir va qo‘shiqchidan radikalimzga qarshi qurol yasashning samarasiz ekanligini SSSR davri” isbotlaganini ta’kidladi.

- Agar sizdan eshitgan O‘zbekiston realligi rost bo‘lsa. Rostdan ham hukumat ikki er-xotin sovet shoiri va bir popsa guruhdan radikal g‘oyalarga qarshi qurol qilish uchun qaror chiqargan bo‘lsa bu antiutopist yozuvchilar uchun qiziq manzara. Men bunday manzara Jorj Oruellning "1984" kitobida bor deb yurardim. Haqiqatda achinarli manzara. Hatto bugungi Putin rejimi ham stalinparvar shoir Demyan Bedniyni ikona sifatida joriy qilmadi. O‘zbekiston hukumati sal oshirib yuboribdi.

2017 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi.

Prezident qarori asosida "Adiblar xiyoboni"ga "milliy adabiyotning ulkan namoyandalari" ¸ Toshkentdagi Hamid Olimjon¸ G‘afur G‘ulom va Zulfiya haykallari ko‘chirilgan edi.

XS
SM
MD
LG