Линклар

Шошилинч хабар
03 май 2024, Тошкент вақти: 11:50

Bloger: "Samarqandda davlat himoyasidagi ikki madaniy meros ob’ekti buzib tashlandi"


OzodMaktub ruknida samarqandlik bloger Mirzo Subxanovdan 15 oktabr kuni Ozodlikka kelgan blog-xabarni havola qilayapmiz. Xabarga ilova qilingan ikki hujjat ham bloger tomonidan taqdim etildi.

Ozodlik blogerning xabarida keltirilgan faktlarni, OzodMaktub rukni formatidan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rganmadi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan quyidagi matn tahrirsiz, muallifning sarlavhasi, imlosi va stilistikasini saqlagan holda berilmoqda.

***

Samarqandda davlat himoyasidagi ikkita madaniy meros ob’ekti prezident Mirziyoyevning topshirig‘i bilan buzib tashlangan

Samarqand shahrining Yevropa uslubidagi tarixiy qismi, Kamol Otaturk va Shoxrux ko‘chalari burchagidagi sobiq shahar xalq ta’limi bo‘limi binosi va Lutfiy ko‘chasi 70- va 72- uylarda joylashgan sobiq 9-sonli mehribonlik uyi binolari prezident Mirziyoyevning topshirig‘i bilan buzib tashlanganligi aniqlandi.

Bu ma’lumot shaxsi sir tutish sharti bilan ushbu buzulishlarga aloqador shaxs tomonidan ma’lum qilindi. Ushbu shaxs o‘z so‘zlarining tasdig‘i sifatida tegishli hujjatlarni ham taqdim etdi. Xususan, rasmiy hujjat – «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni»ning 18 bandida: «Shohrux ko‘chasidagi sobiq xalq ta’limi bo‘limi binosi va Lutfiy ko‘chasidagi 9-son mehribonlik uyi hududida ko‘p qavatli uy-joylar qurishni tashkil etish» ko‘rsatilgan.

Prezident Mirziyoyev 2017 yil aprelida Samarqandda o‘tkazgan majlis bayoni
Prezident Mirziyoyev 2017 yil aprelida Samarqandda o‘tkazgan majlis bayoni

Boshqa bir rasmiy hujjat - Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Restavratsiya va muhofaza qilish ilmiy metodik kengashi raisi A.Irgashev tomonidan tasdiqlangan 2017 yil 6 oktabr kungi 10-sonli majlis bayonining 7 va 8 bandlariga asosan yuqoridagi ikki bino davlat himoyasida bo‘lgan va prezident topshirig‘i bilan buzilganligi sababli madaniy meros ob’ektlari kadastr ro‘yxatidan chiqarib yuborilgan.

Bundan tashqari bayonda 9-mehribonlik uyi oldida XIX-XX asr darvoza ustunlari ham buzilganligi qayd etilgan. Prezident Mirziyoyev ushbu ikki binoni buzishga ruxsat berayotgan paytda ularning madaniy meros ob’ekti va YuNESKO himoyasida ekanligidan xabardor bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi yuzasidan ma’lumot mavjud emas.

Hozirgi kunda har ikki madaniy meros ob’ekti o‘rniga qurilgan ko‘p qavatli uy-joylar noqonuniy qurilgan deb topilgan va YuNESKO tomonidan buzilishi talab etib kelinmoqda.

Bloger Mirzo Subxanov

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

Алоқадор

XS
SM
MD
LG