Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:02

Erdo‘g‘on Suriya shimolida sulhga rozi bo‘lmasligini aytgach, AQSh vakillari Turkiyaga yo‘l oldi


Suriya shimolida Ras al-Ayn shahri uzra tutun ko‘kka o‘rlamoqda. 2019, 15 oktabr.
Suriya shimolida Ras al-Ayn shahri uzra tutun ko‘kka o‘rlamoqda. 2019, 15 oktabr.

AQSh prezidenti Donald Tramp vitse-prezidenti, bosh diplomati va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisini 16 oktabrda Turkiyaga jo‘natmoqda. Safardan maqsad Turkiyadan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishdir. Oldinroq prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya shimolida “hech qachon” sulhga rozi bo‘lmasligini aytgan edi.

Vitse-prezident Mayk Pens bir kun oldin 17 oktabrda Erdo‘g‘on bilan uchrashajagi hamda unga “Qo‘shma Shtatlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori va vaziyatni muzokara yo‘li bilan izga solmoqchiligini yetkazmoqchi ekani”ni bildirgan edi.

Pensga safari davomida davlat kotibi Mayk Pompeo va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Robert O’Brayen hamrohlik qiladi.

Biroq Erdo‘g‘on Ozarbayjondan uchoqda qaytayotib, jurnalistlarga: “Ular bizga otashkesim e’lon qilishni aytyapti. Biz hech qachon otashkesim e’lon qila olmaymiz”, deb aytdi.

AQSh delegatsiyasi safaridan ikki kun oldin Tramp Turkiya hukumatining uch a’zosiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan, u yerdan AQShga import qilinadigan po‘lat uchun tarif narxlarini ko‘targan, ham demokrat, ham respublikachi qonun chiqaruvchilar prezidentning ushbu qadamini yanada keskinroq cheklov choralari bilan mustahkamlamoqchi ekanini aytgan edi.

O‘tgan haftada Tramp Turkiya chegarasi yaqinidagi kurdlar nazorati ostida bo‘lgan joylardan qo‘shin olib chiqishini e’lon qilgan hamda bayonotida Qo‘shma Shtatlar Anqaraning rejalashtirilayotgan bostirib kirishiga aralashmasligini aytgan edi.

Turkiya qo‘shinlari Suriyaning chegarasidan ichkariga qarab 30 kilometrlik hududda “bufer zona” hosil qilgandan so‘ng AQShning taxminan 1000 askari boshqa joyga ko‘chirildi. Turkiya qo‘shinlari chegara hududini kurdlar yetakchiligidagi Suriya demokratik kuchlaridan (SDF) tozalashga va 2 millioncha suriyalik qochqinlarni o‘sha yerga joylashtirishga harakat qilmoqda.

Turkiya SDFga qarashli eng yirik xalq lashkarini terrorchilar tashkiloti deb hisoblaydi.

Shundan so‘ng kurdlar turk askarlaridan himoya istab, Suriya prezidenti Bashar Asad qo‘shinlari bilan kelishuvga erishdi.

O‘z navbatida Rossiya Anqara hujumni davom ettiravergach, Suriya bilan Turkiya qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.

Kremlning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentyev 15 oktabrda Birlashgan Arab Amirliklariga safari chog‘ida bunday qarama-qarshilikka “yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi”ni aytdi va “biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya qo‘shimcha qildi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft Vashington Rossiyaning patrullik qilishidan “chuqur xavotirda ekani”ni izhor qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi va Suriya bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun uni Kremlga taklif etdi.

Rossiya Asadning asosiy harbiy ittifoqchisi bo‘lib, ushbu mamlakatda 2015 yildan beri qo‘shinlarini ushlab turibdi.

Rossiya Mudofaa vazirligiga iqtibosan ma’lum qilinishicha, Suriya qo‘shinlari Manbij atrofidagi 1000 kvadrat kilometrga yaqin joyni nazoratga oldi.

SDF Islom davlati (ID) ekstremistik tashkilotiga qarshi kurashda Qo‘shma Shtatlarning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan, G‘arb davlatlarining IDga qarshi janglarida 11 000 ga yaqin kurd o‘qqa uchgan edi.

Xabar berilishicha, Turkiya hujum boshlagandan beri 150 dan oshiq SDF jangchisi, 130 nafar Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan suriyalik bo‘linmalar jangchisi va 69 nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘ldi.

Turkiya hukumati vakillari 6 nafar askari, shuningdek, Suriya chegarasi osha kurdar minomyotdan o‘qqa tutishi oqibatida kamida 20 nafar tinch aholiga mansub turk halok bo‘lganini aytmoqda.

Xalqaro migratsiya tashkiloti kamida 190 ming kishi Suriya shimolidagi uylaridan qochib chiqishga majbur bo‘lganini e’lon qildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG