Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:56

Qashqadaryo hokimligi: Mirishkor hokimi bilan bog‘liq ikki holatni prokuratura o‘rganish uchun nazoratga oldi


Mirishkor tuman hokimi Ravshan Komilov

Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov Mirishkor tuman hokimi Ravshan Komilovning ovozi yozilgani iddao qilingan va Ozodlikda e’lon qilingan audio yuzasidan tekshiruv boshlanganini kun.uzga bayonot berdi.

"Bu holatni yashirishning, xaspo‘shlashning hojati yo‘q. Hammasi ayon ko‘rinib turibdi. Hozir bu holat prokuratura tomonidan oldingi holat bilan qo‘shib o‘rganish uchun nazoratga olingan. Rasman o‘z tasdig‘ini topsa, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanishi mumkin" degan Ahror Sodiqov.

Mirishkor tumanining Jeynov hududida, dalada yozib olingan audioda, hokim deb aytilayotgan shaxs, fermerlarni paxtani kultivatsiya qilmagani, dorilamagani va sug‘ormagani uchun tahqirlaydi, uradi, so‘kadi.

Audioni Ozodlikka jo‘natganlarning aytishicha, undagi voqea "dumbul mojarosi"dan oldin - avgustning oxirida bo‘lgan.

Biroq Mirishkor tumani hokimligi matbuot kotibi Fayzulla Eshqulovning kun.uzga aytishicha, audioda aks etgan voqea bundan 6 yil muqaddam bo‘lgan.

"Bugungi maqolaga sabab bo‘lgan, «Ozodlik» radiosi va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan, tuman hokimining fermerga berayotgan tanbehi bilan bog‘liq voqealar bundan roppa-rosa olti yil avval yozib olingan. Barchangizga ma’lumki, bundan besh-olti yil avval paxta siyosati yo‘lida hech kim ayab o‘tirilmagan. Hokimning fermerga tanbeh berish voqeasi olti yil avval Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan. Alamzada kimsalar esa bu eski voqealarni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatish orqali bugungi kunda ish va odamlarga munosabat uslubini o‘zgartirgan hokimga qarshi ish qilayotganlari sezilib turadi" degan Mirishkor tumani hokimligi matbuot kotibi Fayzulla Eshqulov.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videoda Ravshan Komilov bir boboni nevaralari bilan begona daladan dumbul o‘g‘irlaganlikda ayblab, haqoratlagani aks etgan edi. Jarayonni tuman ma’muriyati rahbari o‘zi videoga olgan.

Bu video ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lganidan so‘ng, Ravshan Komilovning o‘zi bu qilmishi uchun prezidentdan uzr so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG