Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 16:41

Samarqand hokimi UNESCO himoyasi zonasida joylashgan uyni buzmoqchi. Madaniyat vazirligi qarshi.


Samarqand Amir Temur ko‘chasidagi tarixiy uy.

29 oktabr kuni Samarqandning UNESCO himoyasi zonasida joylashgan, 1904 yili qurilgan va xalq orasida “Nikolaevskiy” deb ataladigan g‘ishtdan qurilgan tarixiy binoni "buzilsin" degan hujjatni bino egasiga olib kelib berishdi. Ozodlikda nusxasi bo‘lgan bu 437 raqamli hujjatga Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov joriy yilning 28 oktabr kuni imzo chekkan.

29 oktabr kuni Ozodlik bilan gaplashgan Samarqand shahar hokimligi mulozimi “Buzilgan bino uchun katta tovon va’da berilgani va bino buzilishi Tibbiyot instituti qurilishi uchun zarurligini” aytdi.

Madaniy meros ob’ektlarini muxofaza qilish davlat inspeksiyasi xodimining aytishicha¸ “Samarqand tarixiy markazidagi UNESCO ro‘yxatiga kirtitilgan hududda olib borilayotgan buzish ishlari Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning 30-¸ 32- va 33- moddalariga ziddir.

Joriy yilning 15 oktabrida O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova raisligida o‘tgan yig‘ilish mulk egasi, Isroil davlati vatandoshi Mixael Shor (Shoor Michael ) talabini ko‘rib chiqib, binoni “Tarixiy fon inshooti” deb topgan va “bino saqlab qolinishi kerak” degan xulosa bergan edi. Mixael Shor shu kunda Samarqandda.

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiyevga ko‘ra¸ bu bino UNESCO himoyasi zonasida joylashgan va umumiy manzarani ta’minlovchi binoni buzish shahar hokimining vakolatiga kirmaydi:

- Sud qaror chiqarsa ham uyni buza olmaysiz. Chunki uy UNESCO himoyasi zonasida joylashgan. Ikkinchidan, 1904 yilda qurilgan bu tarixiy bino 2010 yilgacha qo‘riqlanadigan tarixiy binolar ro‘yxatida edi. 2010 yili mahalliy mulozimlar bino ta’mirdan so‘ng tarixiy ahamiyatini yo‘qotdi deb komissiya yig‘ilishi qarori asosida ro‘yxatdan chiqarishdi. Lekin Madaniy merosni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi Samarqand bo‘limi bu borada hech qanday yig‘ilish qilmagan. Madaniyat vazirligi shu kunlarda binoni “tarixiy fon inshooti” degan tasnif bilan ro‘yxatga qaytarmoqchi.

Bino egasi Mixael Shor o‘z mulkini himoya qilish uchun Isroildan Samarqandga shu oy boshida yetib kelgan edi. U Ozodlik bilan suhbatda hokim qarori ustidan shikoyat qilishini bildirdi.

Samarqand shahrining UNESCO himoyasi zonasida joylashgan Amir Temur ko‘chasidagi 14- uy 2010 yilda ta’mirlangan va g‘ishtin devorlari 90 foiz saqlangan. Bino egasining Ozodlikka aytishicha¸ bu uyda Samarqand shahridagi ilk ressorli karetalar tarmog‘i rahbari yashagan.

Tovon va’da qilindi

Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulovning yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda bino uchun tovon tariqasida noturar joyning bugungi kundagi bozor narxida 1.121.000 258 so‘m (Bir milliard bir yuz yigirma bir million ikki yuz ellik sakkiz so‘m) pul taklif qilinganini bildirdi.

- Binoda mening buvim yashagan. Xususiy mulkimiz. Qolaversa Samarqand manzarasining bir qismi. Bu shaharda UNESCO va Madaniyat vazirligi kuchlimi yoki shahar hokimimi? Nega buzilishi kerak? - dedi Shor.

Bino egasi Mixael Shor “tovon evaziga uyni buzishga izn bermasligini” Ozodlikka bildirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, o‘z uyiga yondosh UNESCO himoyasidagi turar-joylar buzilib bo‘lingan

Uning yana aytishicha, qadimiy pochta binosining bir qismi va unga yondosh hududdagi turar-joylar o‘tgan yilning “25 iyul kuni qonunga zid tarzda ekskavatorlar bilan buzib tashlangan".

Madaniy merosni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi Samarqand bo‘limi vakili Ozodlikka “madaniy meros obidasi sifatida davlat himoyasiga olingan pochta binosining bir qismi buzib yuborilgan”ni aytdi: Uning Ozodlikka aytishicha, “ Amir Temur va Pochta ko‘chalaridagi butun binolar XX asr madaniy meros obidasi sifatida davlat muhofazasiga olingan. Davlat mulozimlari buni biladi”.

Prezident qaroriga binoan..

Samarqand shahar hokimligi mulozimi buzish ishlari O‘zbekiston prezidentining PK-3507 qaroriga asosan amalga oshirilganligini bildirdi.

Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Amir Temur va Pochta ko‘chasidagi buzilishlar "hokim qaroriga ko‘ra¸ mutlaqo qonunga binoan" amalga oshirilayotganini aytdi:

- Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov joriy yil 11 mayda imzo chekkan 823- qarorga ko‘ra buzilmoqda. Bu qarorning ilovasida buzilayotgan binolar aniq ko‘rsatilgan. Qaror O‘zbekiston prezidentining 2018 yil, 3 fevraldagi 3507- qarori asosida qabul qilindi.

"Turar va noturat-joy binolarini buzish to‘g‘risida", deb ataladigan shahar hokimi qarorining ilovasida Amir Temur ko‘chasidagi 14- uy buzilishi aniq ko‘rsatilgan. Hokimlik mulozimi taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra¸ buzilgan qadimiy bino yaqinida Samarqand Tibbiyot institutining besh qavatli imorati qurila boshlangan.

Hokim qarori qonunga zidmi?

Madaniy meros ob’ektlarini muxofaza qilish davlat inspeksiyasi xodimining aytishicha¸ “Samarqand tarixiy markazidagi UNESCO ro‘yxatiga kirtitilgan hududda olib borilayotgan buzish ishlari Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning 30-¸ 32- va 33- moddalariga ziddir.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, o‘tgan yili Samarqand shahrining tarixiy qismida UNESCOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borgan va bunga bilaturib ruxsat bergan o‘ndan ortiq mulozim ham hibsga olinib, ularga sud hukmi bilan turli jazolar berilgan.

XS
SM
MD
LG