Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:53

Qashqadaryolik fermerlar puli majburan dizel yonilg‘isiga o‘tkazib yuborilyapti


Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan Ozodlikka arz qilgan fermerlarning aytishlaricha, bank hisobiga tushgan bug‘doy, paxta va kredit puli ularning roziligisiz neft mahsulotlari idorasiga o‘tkazib yuborilyapti.

Fermerlar iddaosicha, ular ehtiyojidan bir necha barobar ortiq bo‘lgan dizel yonilg‘isi olish haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yib berishga majburlanmoqda.

Bank mulozimi fermerlar roziligisiz ularning puli boshqa hisoblarga o‘tkazilmasligini aytdi.

Koson tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining iddao qilishicha, hokim, “Agrobank”ning tuman filiali boshqaruvchisi va “Qarshi neft bazasi MChJ” Koson filiali direktori o‘zaro kelishgan holda fermer xo‘jaliklarining g‘alla, paxta puli, imtiyozli kredit puli, dotatsiya pulini neft mahsulotiga o‘tkazib yuboryapti:

Men e’tiroz bildirib, pulim ko‘chada qolmagan-ku, desam, bo‘lmasa yeringni topshir, hokimni chaqiraman deyapti


“Masalan, mening solyarkaga ehtiyojim aytaylik, 10 tonna. Lekin bular meni neftebazaga chaqiryaptiyu, 30 tonnaga doverennost berasan deyapti. Menga kerakli 10 tonnadan ortiq mahsulotni ular o‘zlariga o‘zlashtiryapti. Men e’tiroz bildirib, pulim ko‘chada qolmagan-ku, desam, bo‘lmasa yeringni topshir, hokimni chaqiraman deyapti. Har yili shunday bo‘lyapti. Mana hozir kelgusi yil yanvar oyining imtiyozli krediti ham tushib, neftbazaga o‘tib ketdi. Biz hali ishlatmagan kreditimizning protsentini to‘laymiz. Qolaversa, hozir mavsum tugadi, bizga ortiqcha solyarka kerak emas. Ishonmasangiz, joriy yilning yanvar oyi uchun ajratilgan dizel yonilg‘isi ro‘yxatini jo‘nataman, o‘zingiz xulosa chiqarib olavering”

2019 yil yanvar oyiga Koson tumani fermerlarga yonilg‘i tarqatish shoxobchalariga ajratilgan dizel yonilg‘isi
2019 yil yanvar oyiga Koson tumani fermerlarga yonilg‘i tarqatish shoxobchalariga ajratilgan dizel yonilg‘isi

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa kosonlik fermerning aytishicha, neftbazasiga to‘langan pulga yarasha yonilg‘i ololmaydi:

Masalan, menga bir tonna yonilg‘i kerak bo‘lsa, 10-15 tonnalik porucheniega qo‘l qo‘yib berishga majburman


“Hozirgi kunda Kosonda g‘alla, paxta rejasini ortiqcha yeri borlar bajaryapti, lishniy yeri bo‘lmaganlar bajarolmayapti. Chunki neftebazaga haydagan pulimizga yarasha yonilg‘i ololmaymiz. O‘ndan birini olamiz, xolos. Masalan, menga bir tonna yonilg‘i kerak bo‘lsa, 10-15 tonnalik porucheniega qo‘l qo‘yib berishga majburman. Hech kim ishlamaydigan qish oylariga 15-20 tonna solyarkani oldi, deb yozib berib yuborgan. Agar biz bu hujjatlarga qo‘l qo‘ymasak, lishniy yering bor, tekshiruvchi yuboraman, keyin bir umr qarzdan chiqolmaysan, deydi. Majbur qo‘l qo‘yib beramiz, minglab tonna solyarka kimlarning jig‘ildoniga kirib ketayotganini yaxshi bilamiz”

Fermer, haqiqatan ham, rejaga kirmagan ortiqcha yeri borligini tan olar ekan, busiz fermerlik qilib bo‘lmasligini aytadi:

Neftbazasidagi kamomadni fermerlar hisobidan yopadi


“To‘g‘ri, hamma fermerning hokim oldida tili qisiq. Masalan, menda 3 gektar ortiqcha yerim bor. Bu holva, ba’zi fermerlarning 20, 50, 100 gektarlab ortiqcha yeri bor. Buni hokim ham yaxshi biladi. Shuning uchun, ana shunday maxinatsiyani qiladi. Fermer ham “jinoyat”im ochilib qolmasin deb, hokimning aytganini qilaveradi. Neftbazasidagi kamomadni fermerlar hisobidan yopadi. U kamomad qaerdan kelganini esa hokim o‘zi biladi. Agar, shu aytganlarimni Toshkent eshitib turgan bo‘lsa, marhamat, xolis komissiya yuborsin. Fermerlardan qancha pul o‘tkazib olingani bilan ularga berilgan solyarkani akt-sverka qilib ko‘rsin!”

Fermerning aytishicha, ular shu tariqa ishlashga majbur:

Fermerning esa o‘zi ishlab topgan puliga xo‘jayinlik qilishga haqqi yo‘q


“Eng yomoni haydalmagan yerimizni haydaldi qilib ko‘rsatamiz. Agar bir gektar yerni haydashga 10 litr solyarka ketadigan bo‘lsa, biz yer qattiq edi, yomon edi, shuning uchun 50 litr solyarka ketdi, deb doverennost beraveramiz. Keyin biz ham o‘g‘rilik qilishga majburmiz, ishchilarimizga kam oylik beramiz, planda yo‘q yerimizga u bu ekib sotamiz, yerga yaxshi ishlov berolmaymiz. Qishloq xo‘jaligi tamoman izidan chiqib ketdi. Neftebaza va tarmoqlarida ishlaydiganlar doim yangi mashina oladi. Fermerning esa o‘zi ishlab topgan puliga xo‘jayinlik qilishga haqqi yo‘q. Uning daromadi boshqalar tomonidan bo‘linadi”

“Agrobank”ning Koson tumani filiali bosh buxgalteri Sarvar Raupov Ozodlik bilan suhbatda, fermerlarning puli ularning roziligisiz boshqa neft mahsulotlariga o‘tkazilayotganini inkor qildi:

“Har bir fermerga neft uchun alohida, kimyo uchun alohida “Humo” kartasi berganmiz. O‘shanga imtiyozli kreditlari tushirilgan. Xohlasa 20ta, xohlasa 100 litr solyarka oladimi, o‘zlari borib, o‘shandan kestirib oladi. Bu ixtiyoriy. Yoki Prezidentimizning 149 sonli qarori bilan to‘lov topshiriqnomasiga asosan o‘tkazib beramiz, o‘zboshimchalik qilib o‘zimizdan-o‘zimiz o‘tkaza olmaymiz”

Koson tumani hokimi va “Qarshi neft bazasi MChJ” Koson filiali direktorining telefonlari o‘chirilgani bois, ular bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda fermerlarning bankdagi pullarini ularning roziligisiz boshqa hisoblarga o‘tkazib yuborish holatlari kuzatilib turadi.

Joriy yilning avgust oyida Andijon viloyat, Andijon tumani fermerlariga “O‘zdonmahsulot”dan kelib tushgan 900 million so‘m bug‘doy puli ularning xohishiga zid tarzda yagona yer solig‘i uchun byudjetga o‘tkazib yuborilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG