Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:03

Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbarlari o‘z mutaxassislarini majburan paxtaga chiqarmoqda


Suratdagi ayollar¸ uni yuborganlarga ko‘ra¸ O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasining Bo‘ka tumanida majburan paxta terayotgan mutaxassislaridir.
Suratdagi ayollar¸ uni yuborganlarga ko‘ra¸ O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasining Bo‘ka tumanida majburan paxta terayotgan mutaxassislaridir.

Toshkent viloyatidagi qator tuman¸ xususan¸ Nurafshon shahar xotin-qizlar qo‘mitasining yuzlab mutaxassisi bosim va tahdid ostida bir haftadan beri Bo‘ka tumanida majburan paxta termoqda.

Ozodlikka 8 noyabr kuni yuborilgan SMS yozishmalari nusxasi¸ qolaversa, rasm va videolar paxta dalasidan yuborilgan bu xabarni bevosita tasdiqlaydi.

O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi mulozimlari tomonidan Telegram kanali orqali yuborilgan xabarlardan majburiy paxtaga chiqishning Respublika xotin qizlar qo‘mitasi raisi va Toshkent viloyat hokimi buyrug‘i ekani anglashiladi.

Ozodlikning majburiy mehnatga oid shikoyatlarga munosabat bildirish so‘roviga O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova kotibasi “Sizga bu haqda aytadigan gapimiz yo‘q”¸ deya javob qildi.

Yoshi 60 dan oshgan ayollar majburan paxtaga chiqmoqda

Ozodlikka xabar yo‘llagan ayollar o‘zlarining Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari ekani va 70 ga yaqin o‘rtachirchiqlik mutaxassisning bir haftadan beri Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida majburan paxta terayotganini bildirdi.

O‘tgan haftadan beri har kun ertalabki 7:30 da tuman hokimligi oldida to‘planib¸ o‘zimiz mashina topib¸ Bo‘kaga borayamiz. Bir soatlik yo‘l. Borib-kelish 15 ming so‘mga tushayapti. Ovqatimizni o‘zimiz olib boramiz. Qaytish 7-8 da. Hashar deb¸ tergan paxtaga pul to‘lashmayapti. Biz hammamiz xotin-qizlar qo‘mitasining oliy ma’lumotli mutaxassislarimiz¸ yoshimiz 50-60 dan oshgan. Havolar sovuq¸ dala zax. Kuniga 10-20-30 kilo podbor terib yuribmiz. Har kuni Toshkent viloyat hokimi va Bositxonovaga hisobot berilayapti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan mutaxassislardan biri.

Bu xabarni jo‘natgan ayollar¸ majburiy mehnat tepasida nafaqat O‘rtachirchiq tuman hokimi o‘rinbosari¸ balki respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning o‘zi turipti¸ degan iddaoni qo‘llovchi ayrim SMS va suratlarni Ozodlikka taqdim qildi.

Telegram va SMS buyruqlari

Telegram kanalida O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari uchun ochilgan guruhga tuman hokimi o‘rinbosari Feruza Xudoyqulova tomonidan yuborilgan xabarda shunday yozilgan:

Opalar ertaga terimchi junating, ertalab soat 7 30 da xokimiyatda kutib olaman. Kasalman, bolnichniydaman degan suz ishlatmang. Dolzarb paytda bir yokadan bosh chikarib elimiz yurtimiz uchun eng shimarib tumanimiz viloyatimiz ori uchun xarakat kilishimiz kerak”. (Matn o‘zgarishsiz ko‘chirildi – tahr.)

Xudoyqulovaning o‘rinbosari deb aytilgan Ra’no Malikovaning qo‘mita mutaxassislariga yuborgan buyrug‘i¸ yanada keskinroq.

Bu buyruq-xabarni O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari yuborgani aytildi.
Bu buyruq-xabarni O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari yuborgani aytildi.

Xurmatli mutaxassis opalar va singillar ertaga soat 8 00da mustang gaz zapravkasini yenidagi dalaga paxta yigim terimiga xammamiz birgalikda chikamiz. Opalar va singillar xammamiz uzimiz yeydigan ovkatimizni olvolamiz soat 17 00gacha xammamiz dalada Vazirlikdan Basetxanova tashrif kiladilar. Xamma uz vaktida kelishi shart”. (Buyruq matni o‘zgarishsiz ko‘chirildi – tahr.)

Ra’no Malikovaniki deb aytilgan mobil telefon raqamidan O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislariga yuborilgan SMS xabari paxtaga chiqishning majburiy ekanini tasdiqlaydi.

Opalar kechagi tonnamiz uchun e'tiroz bildirildi. Ertalab 7 30 da xokimiyat oldiga yetib keling. Xech kanday baxona va vajlar utmaydi. Xamma uzining vijdoni va 'ьtikodi uchun xarakat kilsin. Kelmaganlar bilan xafalashamiz”. (SMS matni o‘zgarishsiz ko‘chirildi – tahr.)

SMS buyruqlaridan yana biri.
SMS buyruqlaridan yana biri.

Xotin-qizlar qo‘mitasi mulozimlari javobi

Ozodlik o‘z ixtiyoriga yuborilgan yozishmalardagi buyruqlar¸ xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislarining respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova nomi bilan majburan Bo‘ka tumaniga paxtaga yuborilayotganiga izoh so‘rab Bositxonova qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildi.

Go‘shakni ko‘targan kotiba ayol Ozodlik savolini eshitgach¸ qisqa tanaffusdan so‘ng¸ “Sizga bu haqda aytadigan hech qanday gapimiz yo‘q”¸ deya suhbatni uzib qo‘ydi.

O‘rtachirchiq tuman hokimi o‘rinbosari Feruza Xudoyqulova esa¸ o‘z mutaxassislarining majburan paxtaga chiqarilayotganini mutlaq inkor qildi.

Men yuborgan xabarda “terimchi jo‘nating” deyilgan. Mutaxassislarimizdan uyushmagan aholini paxtaga chiqarish so‘ralgan. Odamlar kilosiga 2000 so‘m olayotgani uchun¸ o‘zlari jon deb chiqayapti. Sizga yolg‘on xabar berishgan”¸ dedi Ozodlik bilan telefon suhbatida Xudoyqulova.

Inkorni inkor

Ozodlik rasmiy inkordan so‘ng Bo‘ka tumanida bir haftadan beri majburan paxta terayotganini aytgan O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari bilan qayta bog‘landi.

Terimchi yuboring¸ deb kasallarga aytgan. Kasal bo‘lsang¸ bolnichniyda bo‘lsang, odam yubor degan. Bizga o‘zing chiqmasang¸ kuniga 100 ming so‘m ber¸ odam topamiz deyapti. Oyligimiz 900 ming so‘m bo‘lsa¸ qanday shuncha pulni bera olamiz? Kilosiga 2000 so‘m to‘lanayotgani g‘irt yolg‘on. Bizga bir tiyin ham to‘lanmayapti¸ hashar deb. Viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Abduqodirova har kuni biz bilan¸ tepamizda turipti. O‘rtachirchiqlik ayollar o‘z xohishi bilan paxtaga chiqsa¸ o‘z rayoni qolib¸ Bo‘kaga chiqadimi¸ yolg‘on ham evi bilanda!”¸ dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislaridan biri.

Xudoyqulovaning Ozodlikka bergan raddiya “yolg‘on”ligini tasdiqlash maqsadida o‘rtachirchiqlik mutaxassislar¸ Bo‘ka tuman dalalaridan olingan suratlarni taqdim etdi. Bu suratlardan birida respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonavaning qalin kiyingan ayollar davrasida gapirib turgani ko‘riladi.

Paxta dalasida ayëllar bilan gaplashayotgan ayol respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Elmira Bositxonova(o‘rtada)
Paxta dalasida ayëllar bilan gaplashayotgan ayol respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Elmira Bositxonova(o‘rtada)

Bu rasmdagilarning hammasi Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari. Bositxonova norozi bo‘lib gapirayapti. Bizning vazifamiz ayollar muammolari bilan ishlash – xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik¸ ijtimoiy yordam ko‘rsatish¸ ularni ish bilan ta'minlashdir. Bizni majburlab paxtaga chiqarish oldidan¸ hammamizga kimdir so‘rasa “uyushmagan aholimiz denglar” deyishdi. Bositxonovaga ham balki “uyushmagan aholi” deyishgandir¸ lekin ishonish qiyin bunga”¸ deydi Ozodlik gaplashgan mutaxassislardan biri.

Bu suhbatdosh Ozodlik bilan gaplashib turgan mahal - 8 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan kechki soat 8 larda tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Ra’no Malikovadan kelgan navbatdagi buyruqni taqdm qildi.

Unda:

"Xurmatli mutaxassislar xamma Kechagi joyga paxtaga MUSTANG ZAPRAVKASINI YENIGA boramiz”¸ deb yozilgan.

Bu xabardan¸ O‘rtachirchiq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislarini majburan paxtakorlikka jo‘natish davom etishi tushuniladi.

Ozodlikka majburiy mehnat haqida xabar yuborgan Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari¸ Nurafshon shahar va Oqqo‘rg‘on tumanidagi hamkasblarining ham Bo‘kada majburan paxta terayotganini qo‘shimcha qildi.

Majburiy mehnat taqiqlangan?

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng mamlakatda paxta mavsumida keng tus oluvchi majburiy mehnatni cheklashi aytilgan chora-tadbirlar ko‘paydi.

Bu tadbirlar xalqaro miqyosdagi o‘zbek paxtasi boykotini bekor qilishga qaratilgan edi.

Joriy yil boshida AQShga safar qilgan o‘shandagi Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari (hozirda Senat raisi) Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berildi degan asosda bu boykotning qisman bekor qilinishiga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan so‘ng paxta mavsumi boshida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi aholini majburiy mehnatdan saqlanishga chaqiruvchi bayonotlar qilish an’anasini kuchaytirdi.

Joriy mavsum boshida – 18 sentabr kuni federatsiya e’lon qilgan rasmiy bayonotda shunday yozilgan:

“Alohida ta’kidlash zarurki:

– korxona, tashkilot va muassasalar xodimlaridan hech kimni mehnat shartnomasini bekor qilish yoki intizomiy jazo berish tahdidi ostida paxta yig‘im-terimiga jalb etish mumkin emas;

– hech bir korxona, tashkilot, muassasa rahbari xodimlarni paxta yig‘im-terimiga yuborish to‘g‘risida buyruq chiqarishi mumkin emas;

– mehnatkashlar, tadbirkorlar, dehqon bozorlarida savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilar, mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan paxta yig‘im-terimi uchun pul mablag‘lari yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi;

– terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan terim pullari har besh kunda, terimchilar xohishiga ko‘ra zarurat tug‘ilganda – har kuni to‘lanishi lozim".

Ozodlikka byudjet tashkilotlari xodimlari¸ xususan¸ ichki ishlar¸ ta’lim va bank mutaxassislaridan kelayotgan xabarlardan¸ bu jarayonning "o‘z ixtiyorim bilan chiqdim" degan majburiy tilxat asosida avvalgidek davom etayotgani ko‘riladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG