Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:51

Saylov-2019: Ekologik partiya a’zosi nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmaganini tushunolmayapti


O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaning liderlari MSK raisi bilan.
O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaning liderlari MSK raisi bilan.

15 noyabrda Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni rasman ro‘yxatga oldi.

Bu ma’lumotni Ozodlkkka Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xodimi taqdim qildi. MSK mulozimi yaqin kunlarda deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinganlarga ro‘yxatga olingani to‘g'risidagi guvohnoma berilishini aytdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahalliy kengashlarga saylov 22 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

MSK xodimi nomzod ko‘rsatish jarayoni erkin va shaffof o‘tganini ta’kidladi. Uning aytishicha¸ “O‘zbekiston tarixida ilk bor parlament saylovlarida qatnashadigan beshta siyosiy partiya rahbarlarining jonli televizion debatlari bo‘lib o‘tayotgani” bunga misol.

O‘zbekiston prezidenti joriy yil 10 yanvar kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida saylovlarning erkin bo‘lishi lozimligini uqtirgan edi.

Noyabr boshida beshta siyosiy partiya — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP), O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP), Milliy tiklanish Demokratik partiyasi, «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiyasi saylov okruglari soniga mos ravishda 150 nafardan nomzodni ko‘rsatgan edi.

15 noyabr kuni 750 nafar nomzodning barchasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasman ro‘yxatga olindi va saylovda qatnashishga ruxsat berildi. Tasdiqlangan nomzodlar orasida 43 nafari parlament quyi palataning hozirgi tarkibida deputat sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda deputatlikka nomzodi ko‘rsatilishini istaganlar, biroq o‘z niyatiga yetolmaganlar ham talaygina. Ulardan biri - deputatlikka nomzodini qo‘yishga uringan, biroq rad etilgan shahrixonlik shifokor Otabek Ahliddinovning aytishicha¸ “saylovga nomzod qo‘yish degan spektakl o‘ynalgan” xolos:

- Hozirda saylov ssenariy bo‘yicha o‘tkazilayotgan jarayonga o‘xshamoqda, chunki bosh qahramonlar bo‘lgan Markaziy saylov komissiyasi rolidan tashqari, massovka bo‘lamiz deya epizodik rol o‘ynayotgan nomzodlar ham, nima qilayotganini bilmay, ssenariy bo‘yicha ish tutishmoqda. Bular savollarga ham javob berolmaydi va rejissyor komandasini kutib turishadi.

Otabek Ahliddinov joriy yil dekabrida bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etish uchun topshirgan arizasi bekor bo‘lganini aytarkan, bunday dedi:

- Mening ismim nomzodlar ro‘yxatida yo‘q, chunki avvaliga mening ob’ektivkamni Andijon viloyat ekologik partiya boshlig‘i Navro‘z Yusupov Toshkentga yuboraman deb oldi, so‘ng viloyat hokimiyati norasmiy ko‘rib chiqib tasdiqlash kerak dedi, oxirida esa men bilan aloqani uzdi, menimcha viloyat hokimiyatidan o‘tmadim shekilli. Shu sababdan nimaga mening nomzodim ro‘yxatda yo‘qligiga javob ololmadim.

Otabek Ahliddinovning aytishicha, partiyaning saylovoldi majlislarida nizomga zid holda ushbu partiyaga a’zo bo‘lmaganlar qatnashgan:

- Oddiy misol. Tumanda o‘tkazilgan partiya majlisiga partiya a’zolari emas, balki xar xil tashkilotlardan odamlar tuplanib xo‘jako‘rsin uchun majlis o‘tkazildi, nomzodlar hattoki ushbu majlisga kelishmadi ham, partiya a’zosi bo‘lmagan odamlar bu majlisda ovoz berish huquqiga ega bo‘lmasa ham ovoz berishdi, bu majlisni haqiqiy ko‘zbo'yamachilik deb hisoblasa bo‘ladi. Men e’tiroz bildirdim, ushbu xolatlar bo‘yicha e’tirozim qabul qilindi, lekin baribir o‘zlari bilganday qilib hujjatlarni topshirib yuborishdi. Hech kimning ishi ham bo‘lmadi bu voqea bilan.

Shahrixondagi kasalxona vrachi Otabek Ahliddinov yangi tuzilgan Ekologik partiyaga uni butaforik emas va saylovda nomzod ko‘rsatish imkoni bor, deb o‘ylagani uchun a’zo bo‘lganini aytdi.

Shifokorning aytishicha, nima sababdan uning nomzodi rad qilinganini bilishga urinmoqda. Lekin hozircha javob topolgani yo‘q.

Ozodlik Ekologik partiyaning Andijon bo‘limi rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qilib, partiya a’zosi Ahlitdinovning nomzodi nega ro‘yxatga kiritilmaganiga qiziqdi. O‘zini tanishtirmagan partiya mulozimi Ozodlik savoliga aniq javob bera olmadi.

  • Mustaqillik arafasida O‘zbekistonda tuzilgan, 90- yillar boshidayoq mamlakatdan quvg‘in qilingan "Birlik" va "Erk" partiyalari davlat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan so‘ng ham taqiqdaligicha qoldi, binobarin ular bu yilgi saylovlarda ham ishtirok etmayapti.
  • Karimov davrida tuzilgan va rasman tan olingan 5 ta siyosiy partiyadan boshqa Mirziyoyev davrida yangi siyosiy partiya paydo bo‘lmadi. Shahrixonlik vrach Otabek Ahliddinov a’zosi bo‘lgan Ekologik partiya aslida shu paytgacha parlamentda 15 o‘ringa ega bo‘lgan Ekologik harakat bazasida tuzilgan.
XS
SM
MD
LG