Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:09

Farg‘ona viloyat hokimi fermerga kredit ajratishni soqoli o‘sib ketgani uchun rad etdi


Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev

Farg‘ona viloyat hokimligida soqolli tadbirkor tahqirlanib, yig‘ilishdan haydalgani qayd etilgan audioyozuv Ozodlikka kelib tushdi.

Audioni tahririyatga yo‘llagan tadbirkorlardan birining aytishicha, bu audioyozuv viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingan.

Majlis davomida Shuhrat G‘aniyev tadbirda ishtirok etayotgan tadbirkorlardan birining soqoli va sochini qirtishlab olishni ichki ishlar mulozimiga topshiradi.

Tadbir ishtirokchilari iddaosicha, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev soqolli tadbirkorlarning birortasiga ham imtiyozli kredit bermagan.

Viloyat hokimligi matbuot kotibining Ozodlikka aytishicha, Shuhrat G‘aniyev tadbirkorni tahqirlamagan, balki soch-soqoli o‘sib ketgani uchun shunchaki tanbeh bergan xolos.

Ozodlikka 14 noyabr kuni murojaat qilgan, xavfsizligini o‘ylab ismini ochiqlanmasligini istagan farg‘onalik tadbirkorning aytishicha, Farg‘onadagi “Tadbirkorlar markazi”da 12 noyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev tadbirkor va fermerlarning loyihalariga imtiyozli kredit berish masalasini muhokama qilgan:

“Tadbirkorlar soat 10:00 ga chaqirildi, lekin yig‘ilish soat 12 dan o‘tib boshlandi. Yig‘ilishni viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich olib bordi. Yig‘ilishda Qo‘qon va Marg‘ilon shahridagi tadbirkorlarga prezident dasturi asosida imtiyozli kredit berishdi. Yig‘ilishda loyiha egalari, bank va IIB mulozimlari ham ishtirok etdi”.

Tadbirkor iddaosiga ko‘ra, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev soqolli fermerlarni tahqirlagan.

Yig‘ilish davomida yana bir yigitni soqoli uzunroq ekan uni ham haydadi.


“Bu vallomat hokim bir tadbirkorni soqoli uchun haydadi va “sani loyihang o‘chirildi” dedi. Yig‘ilish davomida yana bir yigitni soqoli uzunroq ekan uni ham haydadi. Buni qanday tushunish mumkin? G‘aniyev bir kun oldin tadbirkorlarga murojaat qilib, har qanday to‘siqni olamiz, deb endi oddiy bir soqoli o‘sib qolgan tadbirkorni loyihasini o‘chirib, o‘zini hijolat qilib, masxara qilib, IIB xodimiga buyruq berib, qo‘rqitib, haydadi”.

Tadbirkor ushbu yig‘ilish payti yozib olingan audioyozuvni ham Ozodlikka taqdim qildi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:52 0:00
Бевосита линк

Qariyb bir minutlik audio davomida Shuhrat G‘aniyevnikiga o‘xshash ovoz egasi yig‘ilish ishtirokchilaridan birini soqoli uchun haydab chiqaradi:

Hokim: “Sherzod” fermer xo‘jaligi.... Ipotekabank.(kimdir o‘rnidan turgani ovozi eshitiladi) Soqolni qaranglar! Taniysizmi, bu kishini? Fermer xo‘jaligining boshlig‘imisiz?

Ovoz: Ish yurituvchisiman. Xo‘jayin Toshkentda edi.

Hokim: Iltimos qilsa keb turdingizmi o‘rniga?

Ovoz: Yo‘, yo‘, yo‘q.

Hokim: O‘chir bu loyihani! (keyin ish yurituvchiga yuzlanib) tushuntirishingga ham, boshqanggayam, xo‘jayinggayam salom aytib qo‘y. Bor, zaldan chiq, bor.

Hokim zalda o‘tirgan Kobulov degan shaxsga yuzlanib bunday deydi:

- O‘rtoq Kobulov, soqoliniyam, chochi (sochi) niyam yaltillatib, qirdirib oling. Qarang, soqolini ham, sochini ham anaqa qiling.

Ozodlik hokim tilga olgan Kobulov degan shaxs kim ekanligini aniqlay olmadi. Tadbirkorlarning iddao qilishicha, Kobulov ichki ishlar mulozimidir.

Farg‘ona viloyat hokimligi apparati axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov, audiodagi ovoz egasi Shuhrat G‘aniyev ekanligini tasdiqlar ekan, bu yig‘ilishda hokim inson sha’nini tahqirlamagani, balki soch-soqoli o‘sib ketgan odamga tanbeh berganini aytdi:

Hokim oddiy inson sifatida, bir tanbeh bergan, o‘zingizga qarasangiz bo‘lmaydimi, deb.


- Hokim viloyatdagi barcha tadbirkorlar bilan ikki kun davomida uchrashdi. Bu uchrashuvda tadbirkorlar, fermerlar qo‘ygan masalalar, loyihalar tinglanib, imkon qadar ularning masalalari yechilgan. Men birinchi kun qatnashdim, ikkinchi kun yo‘q edim. Menga keyin aytib berishdi. Bunaqa rasmiy uchrashuvlarga sportivniy kiyimlarda, soch-soqolni o‘stirib kelish oddiy odob doirasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Hokim oddiy inson sifatida, bir tanbeh bergan, o‘zingizga qarasangiz bo‘lmaydimi, deb.

Ozodlikning, fermer ish yurituvchisi "beo‘xshov soqol" qo‘yganmidi yoki soqoli shunchaki o‘sib ketganmidi, degan savoliga matbuot kotibi shunday deb javob berdi:

"Bu oddiy insoniy, axloqiy odob. Katta anjumanga bunday kiyimda kelish to‘g‘ri emas-da endi. Bir soqolingizni olib, o‘zingizga qarab yuring, deganni nimasi yomon. Bizda soqoli bo‘lsa majlisga kiritilmasin yoki soqol qo‘ymasin degan gap bo‘lmagan. Mana o‘sha majlisda qancha soqoli odamlar o‘tirgan edi, ularga hech narsa deyilmaganku".

Muhammadjon Obidov soqoli o‘sib ketgani uchun fermerning loyihasi ma’qullanmadi, degan iddaoni inkor qildi:

"Fermerning vakili masala qo‘ygan ekan, tegishli odamga uning masalasini o‘rganinglar deb tashqariga chiqargan. Va shunda soch-soqoli o‘sgani uchun tekislab qo‘yinglar, deb ham aytgan"

Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyevning viloyatda soqol va hijobga qarshi kurash bo'yicha keskin topshiriq bergani qayd etilgan audioyozuv Ozodlikka ilgari ham kelgan edi.

Audioyozuvning ilk soniyalaridanoq mulozim jamoat joylarida "beo‘xshov soqol qo‘yib yurgan"lar masalasiga to‘xtaladi.

"... shularning 386 nafari soqol qo‘ygan, nomardlar.Tahlillar bo‘yicha bunaqa holatlar Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Buvayda, Farg‘ona tumanlarida beo‘xshov soqol qo‘yish hollari keng avj olgan.

"...shuning uchun hurmatli hokimlar, eshitib olinglar: birortang agar majlis qilsang, men borsam, o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam - mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, savdogarmi u, jamoatchimi u, deputatmi u – o‘sha ro‘molini olib, og‘zingga tiqib qo‘yaman!"

Ozodlik o‘tgan oy e’lon qilgan prezidentning maxfiy qarorida tadbirkorlarning beo‘xshov soqol qo‘yishini oldini olishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazish buyurilgan.

Maxfiy qarorda soqol haqida shunday yozilgan
Maxfiy qarorda soqol haqida shunday yozilgan

4 sentabr kungi 4437m sonli prezident maxfiy qarorida yozilishicha¸ so‘nggi yillardagi diniy vaziyat tahlili “kundalik hayotda ko‘zga tashlanayotgan noodatiy libos va qiyofa ko‘rinishlari” jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etuvchi omilga aylanganini ko‘rsatgan”.

Shundan kelib chiqib maxfiy hujjatda O‘zbekistonga xorijdan bunday kiyim-kechak va boshqa diniy belgili mahsulotlarni olib kirishni to‘xtatish¸ mamlakat ichkarisida bunday mahsulot ishlab chiqarayotganlarni boshqa yo‘nalishga burish topshirilgan.

XS
SM
MD
LG