Линклар

Шошилинч хабар
19 феврал 2020, Тошкент вақти: 02:49

Vatandoshlarini 21 ming dollarga aldagan o‘zbekistonlik Toshkentga ekstraditsiya qilinadi


Saratov viloyat prokuraturasi 5 nafar o‘zbekistonlikdan farzandlarini o‘qishga kiritish bahonasida katta miqdorda pullarni olib, keyin qochib ketgan O‘zbekiston vatandoshini Toshkentga ekstraditsiya qilishga qaror qildi.

Saratov prokuraturasining Ozodlikka bildirishicha, sirdaryolik 40 yashar shaxs uyushgan guruh tarkibida jami 21 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni o‘zlashtirib yuborgan.

Saratov viloyat prokuraturasi O‘zbekistonda firibgarlik va pora berishga urinishda ayblanayotgan 1979 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston vatandoshiga nisbatan ekstraditsiya tekshiruvini yakunlaganini e’lon qildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Saratov viloyat prokurori katta yordamchisi Tatyana Kazachenko ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonlik O‘zbekistonda bir necha yurtdoshining farzandini oliy o‘quv yurtiga kiritib qo‘yishni va’da qilib, ularning 21 ming dollarini o‘zlashtirib yuborganlikda ayblanayotganini bildirdi:

- O‘zbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar Ichki ishlar bo‘limi tomonidan bu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 168- (Firibgarlik) va 211- (Pora berish) moddalari asosida jinoyat ishi ochilgan ekan. U sheriklari bilan oliy o‘quv yurtlaridagi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish va’dalari bilan 5 nafar O‘zbekiston vatandoshi puliga egalik qilib olgan. 2015-2016 yillar davomida ular jami 21 ming dollar o‘zlashtirgan. 2016 yilda Yangiyerda bu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, undan shaharni tark etmaslik tilxati olingan. Biroq, u Rossiyaga qochib ketgan, - dedi Tatyana Kazachenko.

Unga ko‘ra, shu voqeadan so‘ng qochoq xalqaro qidiruvga berilgan.

Ozodlik o‘z manbalaridan hibsxonada ushlab turilgan shaxs Murodjon Z. ismli shaxs ekani, uning yoshi 40da va u sirdaryoning Yangiyer shahridan ekani tasdig‘ini topdi.

Joriy yilda Saratovda hibsga olingan Murodjon Z.ga nisbatan Rossiya Bosh prokuraturasi ekstraditsiya tekshiruvini boshlagan.

Tergovchilar Murodjon Rossiya grajdanligini olish harakatida bo‘lgani va Rossiyada qonunan yashab kelganini aniqladi. Prokuratura xodimlari aldangan o‘zbekistonliklar mablag‘lari borasida hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini bildirishdi.

Saratov viloyat prokuraturasi rasmiysi kuni kecha ayblanuvchiga nisbatan tekshiruv yakuniga etgani va Bosh prokuratura uni O‘zbekistonga berib yuborishga qaror qilganini tasdiqladi:

- Ekstraditsiya tekshiruvini biz olib borgandik, yakunlandi. Bosh prokuratura qarori kuchga kirdi - uni O‘zbekiston Respublikasiga badarg‘a qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Yaqin orada u berib yuboriladi.

O‘zbekistonda Murodjon Z. va uning sheriklariga nisbatan tergov ishlari davom etishi aytildi.

XS
SM
MD
LG