Линклар

Шошилинч хабар
05 апрел 2020, Тошкент вақти: 19:18

Benzin 12,7 sentga yetganidan mamlakat bo‘ylab norozilik to‘lqini ko‘tarilgan Eronda Internet o‘chirib qo‘yildi


Yonilg‘i narxi oshishidan darg‘azab bo‘lgan eronlik namoyishchilar katta yo‘lni to‘smoqda, Isfahon shahri, 16 noyabr.

Eronda 15 noyabrda benzin narxi keskin oshirilishi e’lon qilingandan so‘ng boshlanib ketgan norozilik namoyishlari haqidagi xabarlarni bu mamlakatda Internet deyarli o‘chirib qo‘yilgani sababli tasdiqlash qiyin bo‘lmoqda.

Internet uzib qo‘yilgani va OAV senzura qilingani uchun so‘nggi kunlardagi vaziyat xususid ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, rasmiy bayonotlar va davlat OAV xabarlaridan bir oz tushunchaga ega bo‘lish mumkin xolos.

AQShning cheklovchi sanksiyalari sabab iqtisodiy vaziyat yomonlashgani ortidan yuz bergan norozilik namoyishlari mamlakatning 100 ga yaqin shahar va shaharchasiga tarqaldi. Hukumat binolari, davlat mulki, jumladan, banklar, yonilg‘i quyish shoxobchalari, do‘konlar, bankomatlar va bir qancha ma’hadlarga o‘t qo‘yildi.

Shu paytgacha to‘qnashuvlarda o‘lgan kishilar soni aniq emas.

Olinayotgan ko‘plab xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, namoyishchilarga qarshi eng ashaddiy hujumlar janubiy shaharlar Behbahon, Mohshahr, Bushehr va Sherozda, shuningdek, Eron g‘arbidagi asosan kurdlar yashaydigan Javonrud va Marivan shaharlarida ro‘y bergan. Tehronning esa janubi-g‘arbiy chekkalari, xususan, Shahryorda qaqshatqich to‘qnashuvlar bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Namoyishchilar, asosan, benzin narxi keskin ko‘tarilib ketganiga norozilik bildirib, bu qashshoqlarni yanada qashshoqlashtirishini aytmoqda.

Qizig‘i shundaki, namoyishlar tez orada siyosiylashib, ishtirokchilari ruhoniy a’yonlarga qarshi qaratilgan “Mullalar yo‘qolsin”, “Xomanaiyga o‘lim”, “Biz islom respublikasi bo‘lishni istamaymiz” degan shiorlarni ko‘tarib chiqqan. Xomanaiy surati bor plakatlar va Eron oliy rahbari bilan bog‘liq ramzlar yoqib yuborilgan.

Eronning mintaqadagi ittifoqchilari, jumladan, Suriya prezidenti Bashar Asadni va Yamandagi Huti isyonchilarini qo‘llab-quvvatlayotgani ham keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Namoyishlar 2017 yil dekabri – 2018 yil yanvaridan keyingi eng yirik norozilik tadbirlari bo‘layotgani aytilmoqda. Rahbariyatga qarshi qaratilgan o‘sha namoyishlar mamlakatning 80 dan oshiq shahriga tarqalgan edi.

Sud hokimiyati matbuot kotibi G‘ulomhusayn Ismoiliy 19 noyabrda iddao qilishicha, Islom inqilobi sipohilari korpusi (IISK) namoyishchilarni “keskin choralar” ko‘rishdan ogohlantirgandan so‘ng “osoyishtalik qaror topdi”.

Biroq ayrim kuzatuvchilar va jurnalistlar 18-19 noyabrda Internet deyarli uzib qo‘yilganiniga qaramay, aloqaga chiqib, Tehronning ba’zi hududlarida xavfsizlik kuchlari askarlari ko‘p joylashtirilganini, umrida bunaqa ko‘p bankka o‘t qo‘yilganini ko‘rmaganini xabar qilgan.

Hukumat namoyishlarga javoban, butun mamlakat bo‘ylab minglab xavfsizlik kuchlari, jumladan, politsiya maxsus bo‘linmalari, IISK xodimlarini joylashtirdi. Maqsad – norozilik namoyishlarini tinchitish.

Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan, hukumat binolari tomidan namoyishchilarga qarata jangovar o‘qlar otgan.

Hukumat axborotning erkin oqimini to‘sish va namoyishchilar uyushish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi oldini olish uchun 16 noyabrda Internetni o‘chirib qo‘ydi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Eronda internetga kirish odatiy ko‘rsatkichning, bor-yo‘g‘i, 4 foiziga tushib qoldi.

Hukumat matbuot kotibi Ali Rabiye 19 noyabrda suiiste’molliklar to‘xtasa, Internetga kirish asta-sekin tiklanishini bildirdi, ammo u qanaqa suiiste’molliklar haqida gap ketayotganini aytmadi.

Hokimiyat idoralari norozilik namoyishlarining ilk kunlarida 1000 ga yaqin kishi hibs yoki qamoqqa olinganini ma’lum qildi. Ko‘pchilik xabarlarda hibsga olinganlar soni bundan ko‘p ekani aytilmoqda, ammo xavfsizlik xizmatlari rahbarlari aynan qancha odam qo‘lga olinganini oshkor qilmayapti.

Garchi Eron amaldorlari faqat 12 namoyishchi va xavfsizlik xizmati xodimi o‘ldirilganini aytayotgan bo‘lsa-da, Amnesty International 19 noyabrda ishonchli xabarlarga tayanib, 21 shaharda kamida 106 nafar namoyishchi halok bo‘lgani haqida bayonot berdi. Lekin ushbu tashkilot o‘lganlar soni ancha ko‘p ekanini, ular soni 200 ga yetganini ham aytmoqda.

BMTning Jenevadagi Inson huquqi boshqarmasi ham o‘nlab kishilar o‘ldirilganidan xavotir izhor qildi.

Tahlilchilar ushbu namoyishlar mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yomonlashuvidan xalq darg‘azab bo‘layotgani nishonasi ekanini aytib, ular davom etishini bashorat qilmoqda.Xalq rahbariyat mamlakatni boshqarishga qodir emas, deb hisoblaydi, deydi tahlilchilar.

Noroziliklar o‘tgan haftada Eron rasmiylari benzin narxini oshirib, haydovchilar bir oyda arzon narxda sotib olishi mumkin bo‘lgan yonilg‘i ko‘lamiga cheklov joriy qilgani ortidan boshlanib ketgan edi.


14 noyabr kuni Milliy neft mahsulotlarini taqsimlash shirkati har bir xususiy avtomobil bir oyda 60 litr yonilg‘ini arzon narxda sotib olishi mumkinligini hamda benzin narxi 9 sentdan 12,7 sentga ko‘tarilishini ma’lum qildi. Taksi haydovchilari va tez yordam mashinalari esa oyiga 500 litrgacha yonilg‘ini arzon narxda xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Belgilangan limitdan keyin yonilg‘ini qimmatroq narxda - litrini 26 sentga sotib olish kerak bo‘ladi.

Eron yonilg‘i eng arzon davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakat yirik energiya zaxiralariga boy bo‘lsa-da, neftni qayta ishlash qobiliyati cheklangan bo‘lib, ichki bozorni yetarlicha yonilg‘i bilan ta’minlay olmay keladi.

XS
SM
MD
LG