Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:36

Rossiyada "O‘zbekoziqovqatxolding" rahbari Tohir Jalilov bankrot deb e’lon qilindi


Tohir Jalilov

Rossiyaning Voronej viloyati arbitraj sudi «O‘zbekoziqovqatxolding» shirkati rahbari Tohir Jalilovni bankrot deb tan oldi.

“Kommersant’” nashrining yozishicha, GM Uzbekistan’ning sobiq bosh direktori Tohir Jalilov Voronejdagi Uz-Daewoo dilerlik kompaniyasi va «Km/ch» avtosalonlar tarmog‘iga egalik qilib kelgandi.

Nashrning yozishicha, Jalilov kompaniyalari «Vozrojdenie» bankidan 502 million 990 ming rubl (taxminan 7,8 million dollar) qarzdor bo‘lgan.Buning ortidan bank 2019 yilning mart oyida Jalilovni bankrot deb topish yuzasidan sudga murojaat qilgan.

«Km/ch» avtosalonlar tarmog‘i Uz-Daewoo, Ravon, Iveco, ZAZ, Skoda va Volkswagen avtomobillarini sotgan. Barcha salonlar 2014 yilda olingan kreditlar bo‘yicha o‘zaro kafil bo‘lgan. Tarmoqning Rossiyadagi qarzi 20 milliard rubldan (taxminan 313 million dollar) oshishi mumkin.

1969 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan Jalilov 1993 yili Toshkent Texnika universitetini muhandis-metallurg mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan.

Mehnat faoliyatini Andijonning Buloqboshi tumanidagi «Biznes Fond»da mutaxassislikdan boshlagan Jalilov 1998 yildan boshlab avtomobil sanoatida qator lavozimlarda ishladi. Shu jumladan «UzDEUavto»ni 2003 yilgacha boshqargan.

2009—2010 yillarda Tohir Jalilov General Motors Uzbekistan’ning marketing, savdo va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqaruvchi direktori lavozimida ishlagan.

2010—2017 yillarda u «O‘zavtosanoat» AJ raisi o‘rinbosari, bir vaqtning o‘zida GM Uzbekistan bosh direktori lavozimi egallagan.

2017 yildan buyon Tohir Jalilov «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga rahbarlik qilmoqda.

Tohir Jalilov bilan bog‘liq maqolalarni shu sahifadagi "Aloqador" ruknida o‘qishingiz mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG