Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2020, Тошкент вақти: 03:39

Orenburgda avtoavariyada nobud bo‘lganlar shaxsi aniqlandi (RO‘YXAT-VIDEO-FOTO)


Avtoavariyada 6 kishi o‘ldi, 2 kishi og‘ir jarohatlandi. (Voqea joyidan olingan surat)

Orenburg-Oqbuloq trassasida 24 noyabrda sodir bo‘lgan avtohalokatda nobud bo‘lgan 6 kishidan 4 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlandi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi xabaricha, yana bir o‘zbekistonlik ayol og‘ir ahvolda mahalliy shifoxonada qolmoqda.

Ozodlik nobud bo‘lganlarning shaxsini aniqladi.

Rossiyaning Orenburg viloyatida 24 noyabr kuni yuz bergan avariya oqibatida 4 o‘zbekistonlik va 2 tojikistonlik muhojir halok bo‘ldi.

Orenburg viloyat prokuraturasining Ozodlikka bildirishicha, yana 2 shaxs ohir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

- Biz Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 264- moddasi 5- qismi (Ikki va undan ortiq odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi borishini nazoratga oldik. 6 kishi, jumladan voyaga yetmagan 3,5 yashar bola o‘lganini tasdiqlaymiz, - dedi viloyat prokurori yordamchisi adliya katta maslahatchisi Olga Anikeyeva.

Avariya tong saharda sodir bo‘ldi (Orenburg IIBBsi fotosi)
Avariya tong saharda sodir bo‘ldi (Orenburg IIBBsi fotosi)

Prokuratura xabariga ko‘ra, Orenburg-Oqbuloq avtomagistralining Chistiy qo‘rg‘oni oldidan o‘tuvchi 15- kilometridagi qismida 24 noyabr tonggi 5 larda “Hyundai Starex” mikroavtobusi va “Scania” yuk mashinasi to‘qnashib ketgan.

Mikroavtobusda jami 8 kishi, jumladan, 5 o‘zbekistonlik hamda 3 tojikistonlik bo‘lgan.Fura haydovchisi jarohat olmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘qnashuvdan majag‘lanib ketgan miniven va yo‘l chetiga chiqib ketgan yuk mashinasi aks etgan video va fotosuratlar paydo bo‘ldi.

Error rendering VK.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda 4 nafar marhumning jasadini vatanga yuborish masalasi ustida ishlayotgani Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida xabar qilindi.

"Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga oldi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda", deyiladi rasmiy axborotnomada.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi avariyada jarohat olgan bir o‘zbekistonlik Orenburg viloyat kasalxonasiga yotqizilganini ham ma’lum qildi.

Orenburg viloyat politsiya boshqarmasining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mulozimi “Orenburg-Oqbuloq” trassasida halok bo‘lgan va jarohatlangan mehnat muhojirlari to‘liq ro‘yxatini Ozodlikka taqdim etdi.

Avtoavariyada nobud bo‘lgan o‘zbekistonliklar va tojikistonliklar:

  1. Jaloliddinov Akbarxon, 2016 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati,
  2. Qulmatov Orifjon, 1989 y.t., Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani,
  3. Sultonova Hamidaxon, 1973 y.t., Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani,
  4. Islomov Jamshidbek, 1985 y.t., Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani,
  5. Firuzi Ahmad, 1993 y.t., Tojikiston Respublikasi,
  6. Xusniddini Malikzoda, 1992 y.t., Tojikiston Respublikasi.

Kasalxonaga yotqizilganlar:

1. Boboxonova Saodat, 1995 y.t., Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani;

2. Ismatov Shahboz, 1995 y.t., Tojikiston Respublikasi.

Orenburg viloyat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati viloyat kasalxonasiga olib kelingan Boboxonovaning ahvoli borasida Ozodlikka bularni gapirdi:

- Boboxonova Orenburg shahridagi 1-viloyat klinik shifoxonasiga gospitalizatsiya qilingan. Unda o‘ta og‘ir bosh suyagi-miya jarohati, bosh suyagi asosi singan, bosh suyagi yorilgan, tos va qo‘l-oyoqlari, qovurg‘alari sinib ketgan. Ahvoli, tushunib turganingizdek, juda yomon, dedi ismini ochiqlamagan Orenburg politsiya boshqarmasi navbatchisi.

To‘qnashgan yuk mashinasi kyuvetga tushib ketgan (Orenburg IIBBsi fotosi)
To‘qnashgan yuk mashinasi kyuvetga tushib ketgan (Orenburg IIBBsi fotosi)

Politsiya olib borayotgan tergov-surishtiruvning dastlabki natijalariga ko‘ra, “Hyundai Starex” minivenini boshqarib kelayotgan 39 yashar haydovchi qarshi yo‘lga chiqib ketgan va bor tezlikda “Scania” yuk mashinasiga borib urilgan.

Tergovchilar uzoq yo‘l yurib kelayotgan mikroavtobus haydovchisi uxlab qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Ozodlik Qozog‘iston chegarasiga borib qaytayotgan va O‘zbekiston-Rossiya yo‘nalishida harakatlanayotgan mikroavtobuslar halokatlari tez-tez bo‘lib turishi borasida ko‘p marotaba xabar berib kelgan.

XS
SM
MD
LG