Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 05:51

Afg‘oniston prezidenti bachchabozlik halqasini tergov qilishga buyruq berdi


Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakat maktablarida mavjudligi aytilayotgan bachchabozlik "halqa"sini tergov qilishni buyurgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Prezident ushbu janjal oshkor bo‘lishiga yordam bergan ikki kishini hibsda ushlab turgani uchun Afg‘oniston Milliy xavfsizlik boshqarmasini tanqid qildi.

G‘ani 26 noyabrda Tvitterga yuklagan izohlari turkumida Kobuldan janubdagi Lo‘gar viloyati maktablaridagi “jinsiy tahqirlash holatlari bilan bog‘liq yaqinda berilgan xabarlardan qattiq tashvishga tushgani”ni bildirdi. Prezident Ta’lim vazirligiga ushbu masala yuzasidan imkon qadar tezroq “batafsil hisobot” berishni topshirdi.

Britaniyaning “The Guardian” gazetasi joriy oy o‘rtalarida 6 ta maktabda kamida 546 nafar o‘g‘il bolani tahqirlagani uchun o‘qituvchilar va mahalliy amaldorlardan iborat bachchabozlik halqasi vakillari ayblayotganini xabar qilgan edi. Shundan so‘ng prezident ayni buyruqni berishga majbur bo‘ldi.

Ushbu ayblovlar ortidan Milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXD) o‘tgan haftada ikki nafar inson huquqlari himoyachisini hibsga olgani uchun baloga qoldi. O‘sha huquq himoyachilari Muso Mahmudiy va Ehsonulloh Hamidiy taxmin etilgan bachchabozlik halqasi haqida intervyular bergan edi.

MXD “The Guardian” maqolasida keltirilgan dalillarni asossiz deb atadi hamda Mahmudiyning maqolada keltirilgan iddaolaridan maqsad chet mamlakatdan boshpana olish ekanini iddao qildi.

Lekin G‘ani razvedka xizmatiga “Mahmudiy bilan Hamidiyga qarshi “tekshiruvlarni to‘xtatish”ni buyurganini aytdi hamda “Fuqarolik jamiyati va inson huquqi himoyachilarini himoya qilish xavfsizlik kuchlarining asosiy vazifasidir”, deya qo‘shimcha qildi.

Afg‘onistonning Inson huquqlarini himoya qilish mustaqil komissiyasi ikki nafar faol hibsga olinganidan chuqur tashvish izhor qildi hamda bu holni “milliy qonunchilikka va inson huquqini himoya qilish standartlartiga mutlaqo teskari” deb atadi.

Londonda joylashgan Amnesty International tashkiloti ham ularni zudlik bilan ozod etishni talab qildi. Uning vakili aytishicha, hokimiyat idoralari “ushbu dahshatli jinoyat”ni sodir etishda gumon qilinayotgan kishilarni fosh etgani uchun Mahmudiy bilan Hamidiyni jazolash o‘rniga o‘shalarni javobgarlikka tortishi kerak.

AQShning Afg‘onistondagi elchisi Jon Bass MXDning sovetlarga xos xatti-harakatlaridan “qattiq tashvishga tushgani”ni ma’lum qildi.

Aynan “o‘yinga tushayotgan o‘g‘il bola” degan ma’noni anglatuvchi ko‘hna “bacha bozi” amaliyoti Afg‘onistondagi boy va qo‘li uzun erkaklar orasida keng tarqalgan, o‘sha kishilar voyaga yetmagan o‘g‘il bolalardan jinsiy sherik sifatida foydalanib keladi.

XS
SM
MD
LG